Xorazm viloyatining Xonqa tumanida kartoshkadan yuqori hosil olish masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda daromad va hosildorligi yuqori bo‘lgan sabzavot ekinlarini, xususan kartoshka yetishtirishni kengaytirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Seminar davomida serhosil va sifatli kartoshka urug‘lari bilan ta’minlash, imtiyozli kreditlar ajratish tartibi, yerni tayyorlash, ekish va agrotexnik parvarish ishlari, hosildorlikni oshirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi.
[gallery-27841]
Tadbirda ta’kidlandiki, 2025-yilda viloyatda 163 ming 200 tonna kartoshka yetishtirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘n yil oldingiga nisbatan 50 ming tonnaga ko‘payganligini bildiradi. Joriy yilgi mavsumda esa hosildorlik yanada ortishi kutilmoqda.
Mazkur seminarning Xonqa tumanida o‘tkazilishi ham bejizga emas. Chunki, o‘tgan yilda xonqalik dehqonlar 24 ming 300 tonna kartoshka mahsulotini el dasturxoniga tortiq qilgan.
Mutaxassislar tomonidan kartoshka yetishtirish orqali daromadni yanada ko‘paytirish, ichki bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlash hamda eksport salohiyatini oshirish imkoniyatlari ta’kidlandi.
Bunday amaliy seminarlar dehqon va fermerlar uchun katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari