Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘tgan yili davlat byudjetiga 46,2 trln. so‘m miqdorida bojxona to‘lovlari undirilgan
12:28 / 2023-01-26

Mamlakatimizda o‘tgan yili davlat byudjetiga 46,2 trln. so‘m miqdorida bojxona to‘lovlari undirilib, belgilangan reja 114 foizga bajarildi.

Tadbirkorlik sub’ektlarini qullab-quvvatlash maqsadida bojxona to‘lovlaridan 56,6 trln so‘m miqdorida imtiyoz va tarif preferensiyalari qo‘llanildi. Shuninglek, bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash tartibotlari soddalashtirilib, tadbirkorlar 5,6 trln. so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlarini to‘lashda ushbu imkoniyatdan foydalanishdi.  

Tizimda “Raqamli bojxona” tamoyilini keng joriy qilish maqsadida o‘tgan yilda 11 ta axborot tizimi, 13 ta elektron xizmati, 3 ta mobil ilova ishga tushirildi. O‘zaro ma’lumotlar almashinuvini takomillashtirish maqsadida 12 ta davlat idorasi va 9 ta xorijiy aviakompaniyaning axborot tizimlari bilan integratsiyalashuv amalga oshirildi.  

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida hozirda eksportda 86 % va importda 76 foiz tovarlar soddalashtirilgan tartibda, ya’ni bojxona ko‘rigisiz rasmiylashtirish tartibi qo‘llanilmoqda.  

Bundan tashqari, deklaratsiyalarni avtomatik ro‘yxatga olish tizimi joriy etildi. Avval ushbu jarayonga 2-3 soat sarflangan bo‘lsa, hozir 5 daqiqada amalga oshirilmoqda.  

Xalqaro tajribadan kelib chiqib, mamlakatimizdagi 11 ta xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida takroriy nazorat funksiyalarini bartaraf etilib, “Masofaviy bojxona nazorati” tizimi joriy etildi.  

Endilikda viloyatlar markazlari va qadimiy shaharlarda ham bojsiz savdo do‘konlari tashkil etilmoqda. Hozirda bunday do‘kon ilk bor Samarqand shahrida ish boshlagan bo‘lsa, kelgusida Buxoro, Xorazm va Farg‘ona viloyatlari markazlarida, Toshkent viloyatining “G‘ishtko‘prik”, Andijonning “Do‘stlik” chegara bojxona postlarida ham “Duty Free” do‘konlarini ochish ishlari olib borilmoqda.  

Respublikamiz bojxonachilari tomonidan 2022 yilda aniqlangan 17 mingdan ortiq bojxona qonunbuzilishi holatlarida 844 mlrd. so‘mlik tovarlarning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.  

O‘tgan yilda 749 kg. og‘irlikdagi giyohvandlik vositalari ushlab qolindi. Shuningdek, 316 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar, 5,3 ming dona psixotrop moddalar qonunbuzarlardan olib qo‘yildi.  

Bundan tashqari, qiymati 14,6 mlrd. so‘mlik 38 kg.dan ziyod tilla va boshqa zargarlik buyumlari aniqlandi.  

Bojxona organlarining tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor chora-tadbirlari natijasida 2022 yilda qiymati 19,8 mlrd so‘mlik 1 mln. 620 ming quti tamaki mahsulotlari ushlab qolindi.  

Xalqimizning boy madaniy va tarixiy boyliklarini asrab qolishda bojxona xodimlari ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib, o‘tgan yilda 1565 dona madaniy boyliklarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishining oldini olishdi.  

2023 yilda esa bojxona organlari tomonidan eksportga tovarlarni chiqarish tartibotlarini keskin soddalashtirishga qaratilgan “Eksport uch qadamda” loyihasini amalga oshirishga kirishildi. Bular haqida AOKAda o‘tkazilgan brifingda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Husan Tangriyev ma’lum qildi.  

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA