Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘tgan yilda yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi
20:39 / 2023-02-23

Farmon va ijro

Keyingi yillarda mamlakatimizda energetika tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunda yirik investitsiya loyihalari, modernizatsiya, trancformatsiya ishlari sohadagi muhim yangiliklar hisoblanadi.

Shu vaqtga qadar elektr energiyasini ishlab chiqarishda uglevodorod resurslaridan foydalanilgan bo‘lsa, keyingi to‘rt-besh yil ichida “yashil energetika” rivojlantirishga katta e’tibor berilmoqda. Shu vaqt oralig‘ida ikkita quyosh elektr stansiyasi qurilgan bo‘lsa, bugungi kunda 10 dan ortiq quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish ishlari boshlab yuborilgan.

Hozirgi kunda “yashil energetika”ning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi 10 foizni tashkil qiladigan bo‘lsa, bu borada olib borilayotgan ishlar natijasida 2030  yilga borib, ularning ulushi 30 foizga yetkaziladi.

Tizimda bu kabi ulkan ishlar amalga oshirilishi boshlanganiga qaramay, 2022-2023 yillar soha jamoasi uchun sinovli yillar bo‘ldi. Tabiiy gaz va elektr energiyasidagi uzilishlar, turli avariyaviy holatlar, muammolar va ularning yechimini izlash ularga oson bo‘lmadi.

Shu o‘rinda, 2022 yilda amalga oshirilgan loyihalar haqida to‘xtalib o‘tsak. Xususan, umumiy quvvati 1374 megavattli 6 ta issiqlik va quvvati 100 megavattli 1 ta quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi.

– Buxoro viloyatining Buxoro tumanida quvvati 270 megavattli gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi, Toshkent viloyatining Qibray tumanida umumiy quvvati 710 megavattli 3 ta issiqlik elektr stansiyasi, Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida quvvati 174 megavattli yangi issiqlik elektr stansiyasi, Samarqand viloyatining Nurobod tumanida quvvati 100 megavattli quyosh fotoelektr stansiyasi va Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida 220 megavatt quvvatli issiqlik elektr stansiyalari shular jumlasidandir. Ushbu 7 ta elektr stansiya yiliga 11 milliard 300 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Qurilmalarning energiya tejamkorligi hisobiga yiliga 1 milliard 503 million metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Stansiyalar qurilishi davomida 3 ming 960 ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, ular ishga tushirilgach, 545  yangi ish o‘rni yaratildi, – dedi Energetika vazirligi Loyiha ofisi direktori o‘rinbosari Bahrombek Umarbekov.

Tender tanlovlari ochiqlik va shaffoflik tamoyili asosida o‘tkazilmoqda

“Yashil energiya”ni ishlab chiqarish bugungi kunda siyosat darajasiga ko‘tarildi. Negaki, bu iqlim o‘zgarishi oldini olish, atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslarni tejash yo‘lidagi eng muhim chora-tadbirlardir.

Mamlakatimizda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan shamol yoki quyosh elektr stansiyalarini qurish loyihalari bo‘yicha tender tanlovlari ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkazilmoqda. Xususan, 2022 yilda O‘zbekistonda umumiy quvvati 500 MVtli 3 ta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha o‘tkazilgan tender tanlovida g‘olib bo‘lgan kompaniyalar aniqlandi.

Energetika vazirligi Departamenti direktori Abdullajon Otaboyevning qayd etishicha, o‘tkazilgan mazkur tanlov natijalariga asosan Buxoro viloyatida 250 MVt va Xorazm viloyatida 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari quriladi. Stansiyalar qurilishi 2024 yilda boshlanadi va 2025 yilda ishga tushiriladi.

– Ayni kunlarda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 200 MVtli shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender tanlovlari davom etmoqda. O‘z navbatida, yashil energetikani rivojlantirish yo‘lida davlatimiz tomonidan ham katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Prezidentimizning 2022 yil 9 sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qator imkoniyatlar yaratildi. Shu o‘rinda, ushbu qurilmalar uchun berilgan imtiyoz va afzalliklar haqida ma’lumot bersam. Quyosh panellarini uydan chiqmagan holda onlayn xarid qilish imkoniyati yaratildi. Buning uchun https://energymarket.uz/ platformasiga kirib, xohlagan kompaniyadan, xohlagan quvvatdagi qurilmalarga buyurtma berish mumkin. Jismoniy shaxslar quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalarini 3 yil muddatga foizsiz, bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olishlari mumkin. Bunda 5 kilovattgacha bo‘lgan qismiga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imtiyozlari beriladi. Fuqarolar tomonidan qurilmalarni to‘liq xarid qilinganda quyosh panellari xarajatlarinnig 6 million so‘mgacha va quyosh suv isitish qurilmalarining 2,1 million so‘mgacha bo‘lgan qismi Energiyani tejash jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya qilib berish kabi imtiyozlar mavjud, – dedi A.Otaboyev.

Ta’kidlash joizki, Prezidentimiz farmoni bilan ushbu qurilmalarni o‘rnatganingizdan so‘ng, elektr ta’minoti korxonasi bilan elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolashingiz mumkin. Agar xonadoningizga 5 kVt quvvatdagi quyosh fotoelektr stansiyasini o‘rnatsangiz, bu sizga o‘rtacha 50 million so‘mga tushadi va u bugungi kundagi tarif bilan hisoblaganda, 9 yilda o‘zini qoplaydi. Keyingi 11 yil quyosh stansiyasidan chiqqan elektr energiyasiga pul to‘lamaysiz. Shuningdek, xonadoningizda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotib daromad olishingiz mumkin. Bunda tadbirkorlik faoliyati deb hisoblanmaydi va hech qanday soliq to‘lamaysiz.

Davlat idoralari va tashkilotlarida yashil energetika rivojlanmoqda

bugungi kunda energetika sohasida nafaqat yirik loyihalar, balki davlat idoralari va tashkilotlarida ham quyosh panellari o‘rnatilmoqda. Bu stansiyalar bino va inshootlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash va tabiiy gazni iqtisod qilishga qaratilgan.

Shu kabi o‘tgan yili Energetika vazirligi binosida 240 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Mazkur elektr stansiya orqali yiliga 432 ming kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va natijada 144 ming metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Ahamiyatlisi, ushbu stansiya kunduz kuni vazirlik binosini elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlaydi. Shuningdek, elektr energiyasining ortgan qismini hududiy elektr ta’minoti korxonasiga uzatish imkoniyati ham yaratildi.

– 2022 yilda vazirlik, idora va mahalliy hokimliklar bino-inshootlarida umumiy quvvati 49 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirildi, – dedi vazirlik matbuot xizmati bosh mutaxassisi Obidjon Dilmurodov. – Shu bilan birga, umumiy hajmi 733 ming litr bo‘lgan quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatildi. Albatta, bu ishlar mamlakatimizda “yashil energetika”ni rivojlantirish yo‘lidagi dastlabki qadamlardir. bugungi kunda talab va ehtiyojning ortib borishi bilan elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi oshirilmoqda. Buni birgina 2022 yil misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, respublikamizda jami 74,3 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 milliard kilovatt/soatga yoki 4,2 foizga ko‘p demakdir. 2022-2023 kuz-qish davrida respublika iste’molchilariga jami 34 milliard 565 million kilovatt/soat elektr energiyasi yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Mavsum davomida aholiga 10 milliard 759 mililon kilovatt/soat elektr energiyasi yetkazib beriladi.

Elektr tarmoqlarida investitsiya, modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari ko‘lami kengaymoqda

2022 yilda Investitsiya dasturi doirasida 3 647,1 million dollar hajmda, shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 2470 million dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Shuningdek, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini iste’molchilarga sifatli yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida hududlarda 125 kilometr uzunlikdagi magistral elektr uzatish tarmoqlari va 2 ta podstansiya qurildi. Yuqori kuchlanishli 9 ta podstansiya modernizatsiya qilinib, ularning quvvati 1241 megavolt amperga oshirildi. 5 ming kilometrdan ziyod elektr uzatish tarmoqlari va 1113 ta transformator punkti yangilandi.

Tabiiy gaz va ko‘mir ta’minotini yanada yaxshilash choralari ko‘rildi

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirishga qaratilayotgan islohotlar tabiiy gaz va ko‘mir ta’minotidagi mavjud muammolarni yechish talabini qo‘ymoqda. Bu esa sohada tizimli tadbirlarni amalga oshirishga turtki bo‘layotir.

Shundan kelib chiqib, o‘tgan yilda mamlakatimiz bo‘yicha 54,9 kilometr magistral gaz quvurlari va 17 ta gaz taqsimlash stansiyasi rekonstruksiya qilindi, 2200 kilometr magistral quvurlar texnik diagnostikadan o‘tkazildi.

Shuningdek, 50,7 kilometr gaz tarmoqlari mukammal va joriy ta’mirlanib, rekonstruksiya qilindi, 299 ta gaz taqsimlash punkti rekonstruksiya qilinib, 69,8 mingtasi texnik taftishdan o‘tkazildi. Jami 51,6 milliard metr kub tabiiy gaz qazib chiqarildi. Suyuq uglevodorodlar qazib chiqarish 2 922,1 ming tonnani, shundan neft 789,3 ming tonna va kondensat 2 132,8 ming tonnani tashkil etdi. 871,7 ming tonna suyultirilgan gaz, 1 254,6 ming tonna avtobenzin, 800 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 110,1 ming tonna mazut, 423,2 ming tonna polietilen, 83,7 ming tonna polipropilen ishlab chiqarildi. O‘z navbatida, 2022 yilda respublika iste’molchilariga 37,7 milliard metr kub, shundan aholiga 9,3 milliard metr kub tabiiy gaz, 69,5 milliard kilovatt soat, shundan aholiga 15,3 milliard kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Aholi iste’molchilari va ijtimoiy soha uchun 559,2 ming tonna suyultirilgan gaz hamda 1 412,3 ming tonna ko‘mir yetkazib berildi.

 Muxtasar aytganda, mamlakatimiz yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish, bunda bor imkoniyatdan foydalanish hamda energiya manbalarini diversifikatsiya qilish va tizimli yondashuvni tashkil etish, aholining o‘sib borayotgan talabini hisobga olgan holda energiya bilan barqaror ta’minlash muhim masalalardandir. Bu jarayonda muqobil energetika tizimlarini amaliyotga tatbiq etish tabiiy boyliklarni asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri