A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yaxlit tizimi joriy qilindi.
Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarining xodimlari uchun besh yilda bir marotaba ishdan ajralgan holda o‘tkaziladigan malaka oshirish kurslari rahbar kadrlar uchun malaka oshirish kurslari menejerlik o‘quv kurslari uchun joriy etilgan tartib asosida, pedagog va mutaxassis kadrlar uchun — variativ (ixtiyoriy tanlov) va invariant (majburiy) modullardan iborat bo‘lgan hamda ularda zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlari bo‘yicha tashkil etiladi.
Shu bilan birga, Prezident maktablarida o‘quvchilarni o‘qitish, kasb-hunarga yo‘naltirish, ularda tanqidiy fikrlash, axborotni izlash va tahlil qilish, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha to‘plangan ilg‘or tajribalarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi orqali umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga keng tatbiq etish belgilandi.
O‘tgan yil davomida Institutda 950 o‘rinli o‘quv binolari, 586 o‘rinli zamonaviy mehmonxona, 87 ming fonddan iborat Axborot-resurs markazi hamda Abdulla Avloniy nomidagi yodgorlik muzeyi barpo etildi. Video darslarni tasvirga olish imkoniyatlariga ega bo‘lgan zamonaviy Jalinga studiyasi tashkil etildi.
Shuningdek, pedagoglar kasbiy rivojlanishining uzluksizligini ta’minlash maqsadida maktablarda malaka oshirishning “Kasbiy rivojlanish soati”, tayanch maktablarda esa “Kasbiy rivojlanish kuni” kabi shakllari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Kasbiy rivojlanish tadbirlari birinchi bosqichda aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha 127 nafar bosh trener, 792 nafar mentor ustoz sifatida tayyorlandi hamda ularning yordamida 20 ming 167 nafar yetakchi o‘qituvchi va 92 ming nafar fan o‘qituvchisi zamonaviy yondashuvlar va metodikalarni o‘rganishga qaratilgan o‘quvlarga jalb etildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, 2024 yilda jami 6 ming 553 nafar direktor an’anaviy malaka oshirish kurslarida, 2025 yil yanvar-mart oylarida 13 ta yo‘nalish bo‘yicha jami 935 nafar pedagog 100 soatlik kurslarda o‘qitildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA