Davlat xarajatlarini monitoring qilish va ular ustidan samarali jamoatchilik nazoratini ta’minlash – ochiqlik, hisobdorlik hamda halollik tamoyillarini amalda ta’minlashga xizmat qiladi.
Bugungi kunda davlat xarajatlarini monitoring qilishda raqamli yechimlar va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali ehtimoliy korrupsiya holatlarini avtomatik aniqlash imkoniyati yaratilayotir.
Xususan, davlat xaridlari sohasida ochiqlikni ta’minlash va qonunbuzarliklarning oldini olishga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi alohida e’tibor qaratmoqda.
Agentlik tomonidan 2025-yilda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 666,6 milliard so‘mlik 189 davlat xaridi jarayonida qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yilda davlat xaridlarida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari soni 2024-yilga nisbatan 282 (59,9 foiz)ga kamaygan bo‘lsa, qiymati 167,9 milliard so‘m (33,7 foiz)ga ortgan.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qonunbuzarlik holatlariga barham berish maqsadida 2025-yil 26-dekabrda Prezidentimizning “Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Unga muvofiq, 2030-yilgacha davlat xaridlari sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Xususan, davlat xaridlarida raqobatli usullardan foydalanish darajasi 80 foizga yetkaziladi. Davlat xaridlarida iqtisod qilingan mablag‘ miqdori 25 trillion so‘mga yetkaziladi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining davlat xaridlaridagi faolligi ikki karra oshiriladi. Davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshiriladigan xaridlarda mahalliy mahsulotlar ulushi kamida 85 foizga yetkaziladi.
Davlat buyurtmachilarining xaridlar uchun mas’ul bo‘lgan malakasi oshirilgan xodimlari ulushi 98 foizdan kam bo‘lmasligi ta’minlanadi.
2026-yil 1-martdan boshlab davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida davlat xaridi predmetining o‘rtacha bozor narxini sun’iy intellekt texnologiyalari asosida hisoblab beruvchi elektron modul ishga tushiriladi.
Farmonga muvofiq, davlat buyurtmachisi davlat xaridini amalga oshirishdan oldin davlat xaridlari predmetining o‘rtacha bozor narxini modulda shakllantiradi.
Bunda, davlat xaridlari predmetining boshlang‘ich narxi yoki shartnoma bahosi va uning moduldagi o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovut 10 foizdan ortiq yoxud 20 foizdan past bo‘lsa, ushbu xaridlar davlat xaridlari sohasidagi davlat nazorati organlari tomonidan birinchi darajada tekshiriladigan yuqori xavf-xatar sifatida baholanadi va navbatdan tashqari tekshirish o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xaridlar moduldagi xarid predmetining o‘rtacha bozor narxidan oshmagan holda amalga oshiriladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat xaridlarida raqobatli usul orqali ayrim turdagi tovarlar (ishlarni, xizmatlar)ni xarid qilishning "taklif so‘rovi" yangi tartib-taomili joriy etiladi.
Davlat buyurtmachilari tomonidan "taklif so‘rovi" orqali xarid qilinishi mumkin bo‘lgan tovar (ish, xizmat)lar, davlat buyurtmachilari tomonidan "taklif so‘rovi" orqali xaridlarni amalga oshirish sxemasi tasdiqlandi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovar (ishlar, xizmat)lar ro‘yxati bekor qilinib, mazkur ro‘yxat bo‘yicha davlat xaridlari raqobatli usullardan foydalangan holda amalga oshirilishi joriy qilindi. Bundan "Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno, albatta.
"Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat berish haqida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda davlat xaridi ijrochisining nomi aniq ko‘rsatiladi. Davlat xaridi ijrochisining nomi aniq ko‘rsatilmagan taqdirda, ushbu xaridlar "taklif so‘rovi" xarid qilish tartib-taomili orqali amalga oshiriladi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishni nazarda tutuvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Adliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining tartibga solish ta’sirini baholash hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining raqobat muhitiga ta’sirini baholash natijalari asosidagi xulosalari mavjud bo‘lsa, shuningdek, korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazilgan taqdirda, belgilangan tartibda qabul qilinadi.
Davlat xaridlarida elektron do‘konga ofertalarni joylashtirish muddati 15 kundan 60 kungacha uzaytiriladi hamda tovarlarni yetkazib berish muddati kamida 5 kun etib belgilanadi.
Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazida xarid hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish muddatlari ularning qiymati va murakkabligidan kelib chiqib qisqartiriladi.
Bu kabi chora-tadbirlar amalda to‘laqonli ishlashi davlat xaridlari jarayonidagi qonunbuzarliklarga butunlay barham beradi.
Norgul Abduraimova, O‘zA