Poytaxtda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda kelgusi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ta’lim sohasida baholash tizimini takomillashtirish, test sinovlari ko‘lamini kengaytirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida erishilgan natijalar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan 2025-yil davomida bilim, ko‘nikma va malakalarni baholash bo‘yicha 50 ga yaqin turdagi imtihon tashkil etildi va qariyb 1,8 million nafar talabgor test sinovlarida ishtirok etdi. Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayonida 671 ming nafardan ortiq abituriyent ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ularning qariyb 198 ming nafari talabalikka tavsiya etildi.
Umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim darajasini baholashda ishtirok etganlar soni keskin oshdi — 2024-yilga nisbatan qariyb 75 foizga ko‘paydi. Shuningdek, milliy va xalqaro sertifikatlar asosida hujjat topshirgan talabgorlar soni ham sezilarli darajada o‘sgan.
Shuningdek, o‘tgan yilda 15 ta chet tili bo‘yicha 360 ming nafardan ortiq talabgorning til bilish darajasi baholandi. Bu ko‘rsatkich ham oldingi yilga nisbatan sezilarli o‘sishni ko‘rsatdi. Shu bilan birga, bir nechta fan bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar soni ham keskin oshgani ta’kidlandi.
Agentlik tomonidan o‘n minglab test topshiriqlari ishlab chiqildi va ekspertizadan o‘tkazildi. Namunali testlar aprobatsiya qilinib, statistik tahlillar amalga oshirildi. Davlat fuqarolik xizmati uchun ham maxsus test savollari to‘plamlari shakllantirildi.
[gallery-27875]
Agentlik faoliyatida xalqaro hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Jumladan, nufuzli tashkilotlar — Cambridge University Press and Assessment, College Board va Educational Testing Service (ETS) kabi tuzilmalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu hamkorlik baholash tizimini takomillashtirish, xalqaro imtihonlarni joriy etish va mutaxassislar malakasini oshirishga xizmat qilmoqda.
Joriy yilda yarim millionga yaqin talabgor uchun milliy sertifikat imtihonlari, 350 ming nafarga yaqin talabgor uchun chet tili malaka imtihonlari, 650 ming nafarga yaqin abituriyent uchun oliy ta’limga qabul testlari, o‘n minglab yangi test topshiriqlarini ishlab chiqish, xalqaro sertifikatlarni raqamli verifikatsiya qilish tizimini joriy etish hamda ko‘p darajali (multi-level) chet tili baholash formatini joriy etish rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
Asliddin Alijonov (suratlar), O‘zA