“Tez yordam” – zamonaviy tibbiyotning eng muhim yo‘nalishi. Shu bois keyingi yillarda mazkur xizmat faoliyatini yanada takomillashtirish, uni zamonaviy avtotransport vositalari bilan ta’minlash, soha amaliyotiga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday yangilanishlar bemorlarga shifoxonagacha bo‘lgan birinchi yordamni xalqaro andazalarga mos tarzda ko‘rsatish imkonini berayotir.
Statistik raqamlarga ko‘ra, oxirgi 8 yil mobaynida “103” xizmati shoxobchalari soni 818 tadan 1 680 taga, tez tibbiy yordam brigadalari 1 648 tadan 2 865 taga yetkazildi. Shuningdek, elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etilishi hisobiga brigadalarning chaqiruvga yetib borish vaqti 25-30 daqiqadan 10–15 daqiqagacha qisqardi.
Xo‘sh, o‘tgan yil davomida “103” xizmatiga qancha chaqiriq kelib tushgan?
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotda ana shu raqamlar ochiqlandi. Ya’ni, 2025 yil mamlakatimiz bo‘ylab “103” xizmatiga jami 14 million 299 ming 948 ta chaqiriq kelib tushgan.
Bajarilgan chaqiruvlarning aksariyati, ya’ni 10 million 218 ming 37 tasi shoshilinch ko‘rsatma bilan, shuningdek, surunkali kasalliklar – 3 million 856 ming 901 ta va tug‘uruqlar – 100 ming 453 tani tashkil qilgan.
Eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri (1 462 006 ta), Farg‘ona viloyati (1 455 255 ta), Andijon viloyati (1 344 151 ta), Surxondaryo viloyati (1 335 614 ta), Namangan viloyati (1 328 391 ta)da qayd etilgan.
Eng kam chaqiriq Navoiy viloyati (416 210 ta), Sirdaryo viloyati (456 803 ta), Jizzax viloyati (561 894 ta) va Buxoro viloyatida (678 499 ta) hamda Xorazm viloyatida (688 594 ta) kuzatilgan.
M.Qosimova tayyorladi,
O‘zA