O‘tgan yilda farmatsevtika sohasida amalga oshirilgan tizimli islohotlar faqat dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va sifatini baholash bilan cheklanmadi. Farmakopeya qo‘mitasi huzuridagi Ilmiy va ekspertlar kengashi faoliyati doirasida shakllangan yondashuvlar, ayniqsa, xavfi yuqori bo‘lgan moddalar — giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar muomalasini tartibga solish sohasida ham o‘z ifodasini topdi. Bu yo‘nalishda davlat nazoratining kuchaytirilishi farmatsevtika xavfsizligini ta’minlashning muhim tarkibiy qismi sifatida namoyon bo‘ldi.
So‘nggi yillarda respublikada giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar muomalasini qat’iy nazorat qilish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, tibbiyot, farmatsevtika va tashqi savdo sohalarida ushbu moddalar bilan bog‘liq faoliyat hajmi kengayib borayotgan bir paytda, ularning qonuniy, xavfsiz va shaffof muomalasini ta’minlash alohida ahamiyat kasb etmoqda.
«O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish yuzasidan 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida»gi chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish doirasida 2025 yil yakunlari Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi tomonidan ushbu yo‘nalishda yondashuvlar tubdan yangilanganini ko‘rsatdi. Nazorat mexanizmlarining raqamlashtirilishi, litsenziyalash talablarining kuchaytirilishi hamda profilaktik ishlar hududlar kesimida olib borilishi sohada tizimli va kompleks qarash shakllanayotganidan dalolat beradi.
2025 yil davomida Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi tomonidan respublika hududiga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni olib kirish hamda hududdan olib chiqish bo‘yicha jami 108 ta sertifikat rasmiylashtirildi. Ushbu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan sezilarli darajada oshgani bilan e’tiborga loyiq.
Bu o‘sish nazoratning susayganini emas, balki mazkur yo‘nalishda tartib-taomillar aniq belgilanganini va jarayonlarning ochiqligi ta’minlanayotganini ko‘rsatadi. Mutaxassislarning fikricha, sertifikatlashtirish mexanizmlarining faol ishlashi noqonuniy muomalaga qarshi samarali filtr vazifasini bajarmoqda.
2025 yil giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar muomalasi bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash sohasida muhim burilish yili bo‘ldi. Ilgari an’anaviy tartibda amalga oshirilgan litsenziyalash jarayonlari maxsus elektron tizim orqali yuritila boshlandi.
Natijada elektron tizim orqali 364 ta litsenziya berildi, 100 dan ortiq litsenziya komissiyasi yig‘ilishlari o‘tkazildi hamda 106 ta holatda arizalar rad etildi. Rad etilgan 106 ta ariza arizachilar tomonidan to‘g‘rilanib, qayta taqdim etildi. Bu holat litsenziyalash talablarining kuchayganini, shuningdek, sohada faqat belgilangan me’yor va standartlarga to‘liq javob beradigan sub’ektlargagina ruxsat berilayotganini ko‘rsatadi.
Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi faoliyatida tekshiruv va nazorat tadbirlari bilan bir qatorda tushuntirish va profilaktika ishlari ham muhim o‘rin egalladi. 2025 yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda jami 172 ta davolash-profilaktika muassasalarida o‘rganish ishlari olib borildi hamda 11 ta sayyor seminar tashkil etildi. Ushbu seminarlarda 1707 nafar mutaxassis ishtirok etdi.
Tadbirlar davomida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha mas’ul xodimlarga amaliy tushuntirishlar berildi, me’yoriy hujjatlar talablari batafsil sharhlab o‘tildi. Bu esa sohada faqat tekshiruv va jazoga asoslangan emas, balki hamkorlik va profilaktikaga yo‘naltirilgan yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatadi.
2025 yil yakunlari shuni ko‘rsatadiki, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar muomalasini tartibga solish sohasida davlat nazorati sifat jihatidan yangi bosqichga chiqmoqda. Farmakopeya qo‘mitasi faoliyatida kuzatilgan tizimli va sifatga yo‘naltirilgan yondashuv ushbu sohada ham o‘z ifodasini topib, xavfsizlik, qonuniylik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Natijada tibbiyot va farmatsevtika sohalarida xavfi yuqori bo‘lgan moddalar bilan ishlashda mas’uliyatli, nazorat qilinuvchi va barqaror faoliyat muhiti shakllanib bormoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA