English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘tgan yil milliarderlar boyligi rekord darajaga yetdi
22:29 / 2026-01-19

2025 yil dunyo milliarderlarining jami boyligi tarixiy eng yuqori darajaga chiqdi. Bu haqda "Oxfam" tashkilotining yillik hisobotiga tayanib, "France24" xabar berdi. Davos iqtisodiy forumi arafasida e’lon qilingan hujjatda asosiy boylik aynan badavlatlar qo‘lida jamlanishi siyosiy jihatdan xavfli oqibatga olib kelishi mumkinligi ta’kidlangan.

Ma’lumotga ko‘ra, milliarderlar jamg‘armasi bir yil ichida 16,2 foiz oshib, 18,3 trillion dollarga yetgan. Bu holat AQSH Prezidenti Donald Trampning ikkinchi muddatda olib borayotgan siyosati, bozor tartibga solinishi susayishi va korporativ soliq bo‘yicha xalqaro kelishuvlar zaiflashuvi bilan bog‘lanmoqda.

Hozir dunyodagi milliarderlar soni 3 000 dan oshgan. Hayratlanarlisi, eng boy 12 inson, jumladan Ilon Mask Yer aholisining eng kambag‘al yarmi — 4 milliarddan ortiq kishidan ham ko‘proq boylikka egalik qilmoqda.

Hisobot mualliflari boylik siyosiy ta’sir vositasiga aylanayotganidan xavotir bildirmoqda. Bunga misol sifatida Mask X ijtimoiy tarmog‘i, Jeff Bezos "The Washington Post" gazetasini sotib olgani keltirilgan. "Oxfam" ijrochi direktori Amitab Bihor ayni jarayonni demokratiya uchun xavf sifatida ko‘ryapti.

Shuningdek, AQSH kompaniyalari 15 foizlik global minimal soliqdan ozod etilishi ijtimoiy tengsizlik muammosini yanada kuchaytirishi mumkinligi qayd etilgan. Tahlilchilar fikricha, bir joyda haddan ziyod pul to‘planishi demokratiyani zaiflashtiradi, keng jamoatchilik manfaatiga jiddiy tahdid soladi.                                                                                    

           F.Yaxshiboyeva, O‘zA