«Issiqlik elektr stansiyalari» AJ va uning tizimidagi korxonalar elektr energiyasini ishlab chiqarishda asosiy generatsiya tarmog‘i hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu tarmoq korxonalarining yurtimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasidagi ulushi 70 foizdan ko‘proqni tashkil etmoqda.
Xo‘sh, 2023-yilda «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ ishlab chiqarish bo‘yicha qanday ko‘rsatkichlarga erishdi? Mazkur tashkilotning yil sarhisobi qanday bo‘ldi va joriy yilgi rejalarida ustuvor vazifalar nimalardan iborat?
«Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sardor Isakulov ushbu savollarga quyidagicha javob berdi:
– Aytish joizki, jamiyatimiz tomonidan 2023-yilda belgilangan rejalar bo‘yicha qator ko‘rsatkichlarga erishildi. Xususan, o‘tgan yil davomida «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ tomonidan 54,2 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu rejaga nisbatan 1,4 milliard kilovatt soatga ko‘p bo‘lib, qo‘yilgan vazifa 102,6 foizga bajarildi.
Investitsiya loyihalari doirasida 622,63 million AQSH dollari o‘zlashtirildi. Bunda belgilangan reja ijrosi 100,1 foizni tashkil etdi. Investitsiya dasturi doirasida zamonaviy energiya tejamkor qurilmalarni joriy etish maqsadida "Talimarjon IES" AJda 1065 MVt quvvatga ega bug‘-gaz qurilmasini qurishga start berildi. Hozirgi kunda «Toshkent IEM»da 64 MVtga teng ikkita gaz turbinasi qurilmalari ishga tushirilish arafasida turibdi.
Issiqlik elektr stansiyalarini 2023/2024-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida jami 53 ta energiya qurilmalarida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Natijada energiya qurilmalarning mavjud quvvati 209 MVt hamda qozon qurilmalarining ishlab chiqarish quvvati 483 tonna/soatga oshirilishiga erishildi. Shuningdek, poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi «Chilonzor-5» va Shayxontohur tumanidagi «G‘arbiy-3» sonli issiqlik markazlari qozonxonalari modernizatsiya qilindi. Chilonzor tumanining Oqtepa va Bog‘zor mahallalari hududida yangi energiya tejamkor kogeneratsiya qurilmasi barpo etildi. Bu yerda 4,6 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 2 ta gaz-porshen qurilmasi hamda 25,4 Gkall issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi 2 ta Bosch qozonlari o‘rnatildi. Natijada issiqlik tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 90 foizga kamaytirilishiga, qo‘shimcha yiliga 32 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishiga hamda 1 million metr kub tabiiy gazni tejash imkoniyati paydo bo‘ldi.
Aksiyadorlik jamiyatida korporativ boshqaruv va strategik rivojlanish yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, tashkilotimiz jahonda rivojlangan kompaniyalar qatorida respublikada birinchilardan bo‘lib, ISO 27001 (axborot xavfsizligi), ISO 44001 (korporativ boshqaruv) hamda ISO 50001 (energo tizim boshqaruvi), ISO 45001 (mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi), ISO 14001 (ekologik xavfsizlik) xalqaro sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. Katta to‘rtlik tashkilotlari sarasiga kiruvchi «Deloitte» va «KPMG» xalqaro auditorlik kompaniyasining tegishli xulosalariga ko‘ra, 2023-yilning 11-yanvarida «Fitch Rating» xalqaro reyting agentligi aksiyadorlik jamiyatining xalqaro indikativ reytingini «BB-» «Barqaror» darajada baholadi va O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingiga teng darajada e’lon qildi. Shu bilan birga, jamiyatning korporativ boshqaruv tizimini 2023-yil yakuni bo‘yicha baholash natijasiga ko‘ra, 784 ball berildi va jamiyatda korporativ boshqaruv tizimi holati «yuqori» deb e’tirof etildi.
Ta’kidlash kerakki, kadrlar salohiyatini oshirish bizning eng muhim vazifalarimizdan hisoblanadi. Shu maqsadda 2023-yilda jamiyat xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakalarini oshirish bo‘yicha yillik reja-jadval ishlab chiqildi. Unga asosan yil davomida 2 ming 500 ga yaqin xodimning malakasi oshirildi. Shuningdek, o‘tgan yilning dekabr oyida jamiyat va tizim korxonalarining 48 nafar xodimi Yaponiya, Germaniya, Italiya, BAA, Turkiya, Xitoy, Rossiya Federatsiyasi hamda Tojikiston davlatlarida tashkil etilgan turli xalqaro forum va seminarlarda malaka oshirib qaytdi. Bu esa ularning xalqaro tajribani o‘rganishi va o‘z ishiga bo‘lgan mas’uliyatni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Joriy yilgi rejalarga kelsak, ishlab chiqarishda yuqori ko‘rsatkichlarga erishish, modernizatsiya ishlarini olib borish va investitsiya loyihalari bo‘yicha belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish asosiy vazifalarimizdir.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.