Tez tibbiy yordam xizmati sifati, eng avvalo, “103” brigadalarining chaqiriq manziliga o‘z vaqtida yetib borishi bilan o‘lchanadi. Shu bois, bu jarayonda har daqiqa, hatto, har soniya hisobli. Biroq yurtimizda “Tez yordam”ning tezligiga salbiy ta’sir etuvchi omillar, afsuski, hali-hanuz mavjud.
Xususan, ko‘p hollarda yolg‘on chaqiriqlar sababli haqiqiy yordamga muhtoj bemorlarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish imkoni cheklanadi. Bu esa, tabiiyki, “Tez yordam” xizmatiga muhtoj bemorlarning kutib qolishi, hatto, hayoti xavf ostida qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.
SSV matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2025 yil “103” xizmatiga mamlakatimiz bo‘ylab jami 3244 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan. Ushbu ko‘rsatkich 2024 yil bilan taqqoslanganda, 531 taga ortgan.
– Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, o‘tgan yili eng ko‘p yolg‘on chaqiriq Qashqadaryo viloyatida kuzatilib, bu raqam 784 tani tashkil etdi. Keyingi o‘rinda Surxondaryo viloyati qayd etildi – 499 ta. Shuningdek, Farg‘ona viloyatidan 394 ta, Samarqand viloyatidan esa 337 ta ana shunday murojaat kelib tushgan. Eng kam yolg‘on chaqiriq esa Sirdaryo viloyatida ro‘yxatga olindi – 48 ta.
So‘nggi 8 yil mobaynida “103” xizmati shoxobchalari soni 818 tadan 1 680 taga, tez tibbiy yordam brigadalari 1 648 tadan 2 865 taga yetkazildi. Shuningdek, elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etilishi hisobiga brigadalarning chaqiruvga yetib borish vaqti 25-30 daqiqadan 10-15 daqiqagacha qisqardi.
Mohigul Qosimova tayyorladi,
O‘zA