French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘tgan yil davomida respublikamizda qancha pilla yetishtirildi?
16:16 / 2024-01-15

2023 yilda respublikamiz bo‘yicha jami 25,9 ming tonna pilla xomashyosi yetishtirildi. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning mos davri bilan solishtirganda 7 foizga oshgan. Pilla yetishtirish umumiy hajmining eng yuqori ulushi Samarqand viloyati hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, Andijon, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida ham pilla yetishtirishning yuqori ko‘rsatkichlari qayd etilgan.  

Bugungi kunda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tizimida 13 ta hududiy va 144 ta tuman “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.  

Shuningdek, 10 ta ipak qurti urug‘i ishlab chiqarish hamda 74 ta pillachilik klasteri, 16 ta tutchilik xo‘jaligi, shuningdek, ipak, paxta va jun aralashmalaridan qo‘lda to‘qilgan gilamlar hamda ipak mato va tayyor ipakli kiyim-kechaklar ishlab chiqaruvchi korxonalar uyushma a’zosi hisoblanadi.  

O‘tgan yil davomida pillachilik klasterlari tomonidan tut ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish orqali pilla yetishtirish hajmini oshirish maqsadida respublika bo‘yicha jami 124,1 million tup tut ko‘chatlari ekilib, tutzorlar 54,8 ming gektarga va yakka qator tut daraxtlari 217,4 million tupga yetkazildi.  

Uyushma tizimida jami 1 million 186 ming nafar aholi band bo‘lsa, shundan 104 ming nafari doimiy va 1 million 82 ming nafari mavsumiy ishchilar hisoblanadi.  

Shuningdek, sohada xorijiy aloqalarni ham keng yo‘lga qo‘yish borasida natijador ishlar amalga oshirib kelinmoqda.  

Xususan, Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida Ozarbayjonning Barda tumanida “Az silk” MCHJ qo‘shma korxonasi negizida 1 million dollar investitsiya hisobiga pillani qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy korxona ishga tushirildi.  

Bundan tashqari Ozarbayjonning Yevlax tajriba agroparkida “Azting” MCHJ qo‘shma korxonasi negizida tutchilik xo‘jaligi tashkil etildi, buning uchun 500 ming dollar yo‘naltirildi.  

Tojikistonning Dushanbe shahrida “Pillai Tojik” AJ negizida qiymati 5 million dollarlik pillani qayta ishlash loyihasi ishga tushirildi.  

Ipakchilik sanoati korxonalarida mato to‘qish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni keng joriy qilish hamda ipak matolar sifati va tayyor mahsulotlar eksport hajmlarini oshirish maqsadida Italiyaning “ACIMIT” to‘qimachilik uskunalari ishlab chiqaruvchilari uyushmasi va “Itema” kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.  

Qozog‘istonning Turkiston viloyatida ham pillachilik sohasini o‘zbek tajribasi asosida kompleks rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.  

Shuningdek, 2024-2029 yillar davomida Qozog‘istonning “Kazak jibeki” uyushmasiga qiymati 31,2 million dollarlik 80 million dona tut ko‘chatlari yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi.  

Indoneziya bilan sohada hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, xususan o‘zbek modeli asosida Janubiy Sulavesi provinsiyasida pillachilikni rivojlantirish maqsadida Farg‘ona viloyatida qo‘shma forum o‘tkazildi.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA