Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘tgan yil davomida qishloq xo‘jaligi sohasida qanday muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi?
14:41 / 2026-01-29

Qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotining strategik tarmoqlaridan biri bo‘lib, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligini oshirish va eksport salohiyatini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi.

Tabiiy-iqlim sharoitlarining xilma-xilligi, sug‘oriladigan yer maydonlarining mavjudligi hamda ko‘p asrlik dehqonchilik an’analari ushbu sohaning barqaror rivojlanishi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi nafaqat oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, balki qishloq aholisi daromadlarini oshirish, sanoat tarmoqlari uchun xomashyo bazasini kengaytirish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Sohada  bajarilayotgan islohotlar, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va fermer hamda dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash orqali milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga erishish maqsad qilingan.

Xo‘sh, o‘tgan yil davomida qishloq xo‘jaligi sohasida qanday muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi? Mehnat va islohot uyg‘unligi qay tartibda kechdi? 

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari  Qahramon Yuldashev bilan suhbatimiz ana shular haqida bo‘ldi.

– Bugungi kunda soha barqaror rivojlanish, samaradorlikni oshirish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etishni talab etmoqda, – deydi  Qahramon Yuldashev. – Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamisha dolzarb bo‘lgan. Xususan,  o‘tgan yilda oziq-ovqat sanoatida 142,2 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, o‘sish 107 foizdan iborat  bo‘ldi. Sohada 1,3 million nafar doimiy va mavsumiy ish o‘rni yaratildi. Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 517,5 trillion so‘mni (o‘sish 104,1 foiz) tashkil etdi. 243,3 trillion so‘mlik (104,3 foiz) dehqonchilik va 249,3 trillion so‘mlik (103,8  foiz) chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarildi,  9,2 million  tonna don va dukkakli don, qariyb 4 million tonna paxta,  19,5 million tonnadan ortiq sabzavot, poliz va kartoshka, 5,3 million tonnadan ortiq meva va uzum, 3 million tonnadan ortiq go‘sht va 13 million  tonna sut hamda 30 ming tonna pilla yetishtirilib, ulkan xirmon yaratildi. 

Agrar va oziq-ovqat sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va barqaror rivojlantirish bo‘yicha 71 ta normativ hujjat qabul qilindi. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi organlar va  ularning vakolati, oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha davlat tomonidan ko‘riladigan choralar, oziq-ovqat balansini shakllantirish tartibi, bundan tashqari Qishloq xo‘jaligi vazirligi qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilishni amalga oshirishni muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib, Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasining faoliyatini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini tashkil etish tartibi, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini amalga oshirish shartlari va tartibi, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi hodisalari bo‘yicha zararning o‘rnini qoplash tartibi belgilandi.

Agroportal qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun sohada xizmat ko‘rsatishning “yagona nuqtasi” sifatida e’tirof etildi, shuningdek, Agroportal orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ham ko‘rsatilishi, “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJ qishloq xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish yo‘nalishida axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona operator bo‘ldi.

Fermer va dehqonlarning kafolatli iqtisodiy barqarorligini ta’minlashning mustahkam huquqiy asoslari yaratildi. Qolaversa, qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarining oldini olish maqsadida ekinlar hosilini sug‘urtalash mexanizmi joriy etilmoqda va 2026 yilda sug‘urta mukofotining 50 foizi byudjetdan qoplab beriladi. Buning uchun, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Qishloq xo‘jaligi sug‘urta jamg‘armasi hamda agrar va oziq-ovqat sohalariga ajratilgan subsidiyalar samaradorligi va natijadorligini oshirish maqsadida Agrar sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash agentligi tashkil etildi.

Natijada, qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga subsidiya ajratish jarayoni 4 bosqichdan  2 bosqichga va muddati 31 kundan  21 kunga qisqarishiga erishiladi. Yana shuni alohida qayd etishim lozimki, qishloq xo‘jaligi yerlarida suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash ko‘lami 2,6 million gektarga yetkazildi. 2025 yilning o‘zida 271 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi hamda 610 ming gektar lazerli tekislandi va 2,5 milliard m3 suv iqtisod qilindi. Olib borilgan tizimli islohotlar natijasida so‘nggi uch yilda gumus miqdori kam bo‘lgan maydonlar 2,5 million gektardan 1,5 million gektargacha, xususan joriy yilning o‘zida 381 ming gektar kamaytirildi, yer bozor aktiviga aylandi, yer huquqini boshqa shaxsga bir yo‘la yoki bir qismini o‘tkazish (ikkilamchi ijara) amaliyoti joriy etildi. 

85 ming gektardan ortiq maydon qayta foydalanishga kiritilib, oziq-ovqat ekinlari yetishtirildi. Iqlim o‘zgarishlariga moslashish hamda salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida 2 ta katta Milliy dastur qabul qilindi va 294 million dollar Orolbo‘yi mintaqasi hamda qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq loyihalar uchun yo‘naltirildi. Sohaga xalqaro moliya institutlari mablag‘larini keng jalb qilish hamda mablag‘lardan samarali foydalanish maqsadida lizing xizmatlarini moliyalashtirish tizimi joriy etildi.  Xalqaro moliya institutlarining 200 million dollar mablag‘i lizing xizmatiga yo‘naltirilib, mehnatkash fermeru-dehqonlarga 4,8 mingdan ortiq texnika, umuman olganda 5,2 trillion so‘mlik 9,5 mingdan ortiq zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi va agregatlari yetkazib berildi.

Dalalarimizda ilm-fan yutuqlari va ilg‘or xalqaro tajribalar keng joriy qilinmoqda. 

75 ta meva-sabzavotlarni qayta ishlash, 35 ta go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash, 19 ta yog‘-moy sanoati, 61 ta qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish, 29 ta salqin ichimliklar ishlab chiqarish, 120  ta un, non va makaron mahsulotlari, 10 ta agrologistika markazi, 44 ta sovitkichli omborxona va 38 ta boshqa yo‘nalishlardagi yangi loyihalar ishga tushirildi. Natijada qayta ishlash darajasi meva-sabzavotda 15,3 foizga, go‘shtda 16 foizga, sut mahsulotlarida 22 foizga yetkazildi. Mahsulotlar tabiiy va shirin bo‘lgani uchun chetda juda qadrlanadi. Tashqi bozorda “O‘zbekistonda yetishtirilgan” degan brend shakllandi. 

Ayniqsa, quritilgan olxo‘ri va o‘rik, shaftoli, mayiz, gilos  va dukkakli mahsulotlar eksporti bo‘yicha yurtimiz dunyoda yuqori o‘rinlarni egallamoqda. Qayta ishlangan meva konsentratlari, yangi turdagi shok  va sublimatsiya qilingan mahsulotlar xalqaro bozorlarda tan olinmoqda. Eksport geografiyasi 14 ta davlatga kengaytirilib, 97 ta davlatga 3,2 milliard dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. 82 dan ortiq mahalliy eksportyorlar Xitoyning maxsus eksport reyestriga kiritildi. 8 ta davlatga 36 ta mahsulot eksporti uchun fitosanitar ruxsat olindi va jami 646 taga yetkazildi. Bu yilda qariyb 2,2 milliard dollarlik qishloq xo‘jaligi hamda 1 milliard dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari eksporti amalga oshirilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali ishlar olib borildi. Paxta yetishtiruvchilar va paxta to‘qimachilik klasterlari o‘rtasida bozor munosabatlari yanada takomillashtirildi. Fermerlar yetishtirgan paxtani o‘zi xohlagan klasterga birjada sotish (fyuchers, forvard va spot) yo‘lga qo‘yildi. Fermerlarning 2024 yilgacha mavjud soliq qarzdorligiga hisoblangan 1,0 trillion  so‘m penyalar hisobdan chiqarildi. Qishloq xo‘jaligi korxonalariga (paxta-g‘allachilikdan tashqari) qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) “nol” qiymatda belgilandi. 

Issiqxonalarga mavjud soliq qarzlari to‘lovi 2028 yil yakunigacha uzaytirildi hamda 2029 yilning har choragida to‘lash tizimi joriy etildi. 2026 yil 1 yanvardan 2028 yil yakunigacha ijtimoiy soliq stavkasi  1 foiz etib belgilandi.  2025 yil davomida vazirlik tomonidan mahsulot yetishtiruvchilarga  419 mlrd. so‘m miqdorda subsidiyalar ajratildi. Hududlarda 145 ming tonna quvvatdagi 10 ta agrologistika markazi hamda 26 ming tonna quvvatdagi 44 ta sovitkichli omborlar ishga tushirildi, agrologistika quvvati 1 mln. 442 ming tonnaga, sovitkichlar quvvati 1 mln. 362 ming tonnaga yetkazildi. Chorvachilikda mahsuldorlikni oshirish maqsadida aholi va fermer xo‘jaliklaridagi 2,5 mln. bosh sigir va tanalar sun’iy urug‘lantirildi. Naslchilikni yaxshilash va mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun chetdan 217 ming bosh qoramol va 281 ming bosh qo‘y-echki keltirildi.

Xulosa qilib aytganda, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilgan islohotlar va loyihalar sohaning barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda fermer va dehqonlarni qo‘llab-quvvatlash natijasida ishlab chiqarish hajmi va mahsulot sifati sezilarli darajada oshdi. Bu esa aholi farovonligini yuksaltirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga mustahkam zamin yaratadi.

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi, O‘zA