Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘tgan yil 350 nafar hamyurtimiz Germaniyada tahsil oldi
17:32 / 2023-09-29

Germaniya – ta’lim va kasbga yo‘naltirish, fan va ilmiy tadqiqot davlati. Bu diyordan bir necha Nobel mukofoti laureati, ilmiy izlanishlari bilan ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan ko‘plab olimlar yetishib chiqqan.

Ma’lumotga ko‘ra, dunyoning “TOP-1000” ro‘yxatidan o‘rin olgan oliy ta’lim muassasalari soni bo‘yicha Germaniya dunyoda uchinchi o‘rinni band etgan. Ahamiyatli jihati, olmon universitetlarida mahalliy talabalar qatori chet elliklar uchun ham bepul oliy ta’lim imkoniyati mavjud. Tabiiyki, mamlakatda xususiy o‘quv muassasalari ham bisyor.  

Mamlakatimizda 12 sentyabrdan boshlab  O‘zbekiston – Germaniya haftaliklari o‘tkazilmoqda. Mazkur tashabbus doirasida Toshkentdagi Gyote institutida tashkil etilgan axborot tadbirida Germaniya Akademik almashinuvi xizmati – “DAAD”  jamoasi tomonidan Germaniyada o‘qish, ilmiy izlanish olib borish haqida, joriy etilgan stipendiyalar xususida batafsil ma’lumot berildi.  

Germaniyada ayni payt bakalavr va magistr shaklida jami 22 ming o‘quv yo‘nalishi mavjud. Globallashuv davridan kelib chiqib, muntazam ravishda yangi yo‘nalishlar ham ochiladi. Aksariyat oliy o‘quv yurtlarida nazariya va amaliyot uyg‘un olib boriladi. Bugungi kunda GFR oliy ta’lim dargohlarida ta’lim olayotgan uch millionga yaqin talabaning 411 mingdan ziyodi xorijlik. Chet ellik yoshlar, asosan, muhandislik, huquqiy, ijtimoiy,  gumanitar, aniq  va tabiiy fanlarga ko‘proq qiziqish bildiradi. Ular orasida eng ko‘pi xitoylik va hindistonlik.  

“DAAD” xalqaro talabalar va tadqiqotchilar almashinuvini moliyalashtiruvchi dunyodagi eng yirik tashkilot hisoblanadi. Germaniya va “DAAD” O‘zbekistonni hamkorlik uchun juda muhim davlat sifatida e’tirof etadi. Masalan, 2022 yil 350 ga yaqin o‘zbekistonlik talaba, o‘qituvchi va tadqiqotchi “DAAD” stipendiyasi orqali Germaniyada tahsil olish imkoniga ega bo‘ldi. Ushbu xalqaro tashkilotning to‘rt nafar o‘qituvchisi va bir nafar yordamchi o‘qituvchisi mamlakatimizdagi universitetlarda dars beradi.  

“DAAD” xizmatining Samarqand davlat chet tillar institutidagi lektori Anton Umbax ham uch yildan buyon yurtimiz talabalariga nemis tilidan dars berib keladi. Uning boshqaruvidagi imtihon markazi tomonidan, asosan, yoshlarni Germaniya oliy ta’lim dargohlariga tayyorlash va qabul qilish uchun maxsus test o‘tkaziladi. Shu asosda markaz taqdim etadigan xalqaro ruxsatnoma Germaniyadagi universitetlarga kirish uchun lozim bo‘ladigan asosiy hujjat sanaladi.  

– Germaniya akademik almashinuv dasturi nafaqat ta’lim, balki taklif qilinayotgan yoshlar uchun GFRdagi mavjud stipendiyalar haqida ham ma’lumot beradi, – deydi Anton Umbax. – Germaniyada ta’lim olayotgan O‘zbekiston yoshlari safi kun sayin kengaymoqda. Bu mahalliy o‘g‘il-qizlarning ta’lim olishga, eng zamonaviy bilim va ko‘nikmani egallagan holda, kuchli mutaxassis bo‘lib yetishishga intilishidan darak. Yurtingiz yoshlari muhandislikka, gumanitar fanlarga ko‘proq qiziqish bildirmoqda.  Shu kunlarda O‘zbekiston rahbarining Germaniyada bo‘lishi ham ikki tomonlama aloqalar, xususan ta’lim sohasidagi hamkorlik yanada ravnaq topishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu tashrifdan ikki davlat ham salmoqli natijalar kutyapti.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/A7J52ptXa4A" title="O‘tgan yil 350 nafar hamyurtimiz Germaniyada tahsil oldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>  

Go‘zal Sattorova, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA