Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘tgan yil 214 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlandi. Bu yil-chi?
15:25 / 2022-01-26

Hozirgi kunda yer yuzidagi aholining 1,2 milliardi toza ichimlik suviga muhtoj, 2,3 milliard odam sanitariya holati talab darajasiga javob bermaydigan suvdan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

Boshqa muammolar insoniyat taraqqiy etgan sayin kamayib borsa, afsuski suv muammosi dunyoda yil sayin kengayib bormoqda. 2025 yilga borib suv tanqisligidan 2 milliard kishi aziyat chekishi kutilmoqda. Oxirgi 150 yil mobaynida aholi jon boshiga nisbatan ichimlik suv 4 martaga kamayib ketgan. Albatta, Samarqandda suvsiz qolib ketgan xonadon yo‘q, ammo soha kelajagi, aholining suv bilan ta’minlanish darajasi har doim barcha uchun dolzarb. 

Samarqandda aholining suv bilan ta’minlanish darajasi qanday? Viloyatdagi suv tarmoqlarining qanchasi foydalanishga yaroqli, qanchasi muddatini o‘tab bo‘lgan? Bu yilgi rejalar qanday? Shu kabi savollarga “Samarqand suv ta’minoti” MCHJ rahbari Komil Yusupov javob berdi. 

– bugungi kunda viloyat aholisining 59 foizi toza ichimlik suv bilan ta’minlangan, – deydi K.Yusupov. – Ya’ni, 1100 ta mahallada istiqomat qilayotgan 3,9 million aholining 2,3 millioni markazlashgan ichimlik suv tarmog‘idan iste’mol qiladi. Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsam, 368 mahalla to‘liq markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlangan, 555 tasi qisman ta’minlangan va 177 tasi muqobil ichimlik suv manbalaridan foydalanadi. Lekin hozirda viloyatda mavjud 5120,7 kilometr ichimlik suv tarmog‘ining 1077 kilometri (21 foizi), 1899 ta suv quduqlarining 615 tasi ta’mirtalab holatda. 

Shuningdek, 1689 ta suv inshootidan 542 tasi, 89 ta rezervuardan 16 tasi ham ta’mirlanishi lozim. Albatta, birdaniga bu inshoot va tarmoqlarni ta’mirlash imkonsiz. Yillar davomida, bosqichma-bosqich bajariladi bu ishlar. Jumladan, 2021 yilda barcha manbalar hisobidan 286,3 milliard so‘m mablag‘ evaziga 210 ta mahallada 545,4 kilometr ichimlik suv va oqova tarmoqlari, 69 ta inshoot rekonstruksiya qilindi, ayrimlari yangidan qurildi. Ba’zi loyihalar davom etmoqda. Buning natijasida 270 ming nafar aholining (57 mingta oila) ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi. 214 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Shu tarzda tez orada aholini ichimlik suv bilan ta’minlanish darajasi 59 foizdan 62 foizga va oqova suvi bilan ta’minlanish darajasi 12 foizdan 15 foizga ta’minlanishi erishilmoqda. 

2022 yilda respublika Investitsiya dastari hamda “Obod qishloq” dasturlari asosida asosiy e’tibor aholini markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanishi past darajasi bo‘lgan Oqdaryo (16 foiz), Ishtixon (23 foiz), Nurobod (24 foiz), Jomboy (26 foiz), Kattaqo‘rg‘on (25 foiz), Narpay (42 foiz), Qo‘shrabot (45 foiz), Pastdarg‘om (57 foiz) tumanlariga qaratiladi. Bu esa yana 58 ming aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanishiga yordam beradi. Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikdagi loyihalar ham davom etadi. 

Jumladan, Jahon banki tomonidan yo‘naltirilgan 34,3 million dollar kredit mablag‘i hisobidan “Buxoro va Samarqand shaharlari oqava suv tozalash inshootlari va oqava tizimlari rekonstruksiyasi” loyihasi doirasida 2 ta oqava suv tozalash inshooti rekonstruksiya qilinadi, 5 ta oqava suv nasos stansiyasi, 54,6 kilometr oqava suv tarmog‘i quriladi. Ana shu loyiha asosida Farhod qo‘rg‘onidagi oqova suvlarini tozalash inshootini to‘liq rekonstruksiya qilish ishlari yakunlanib inshoot foydalanishga topshirildi. 93,2 kilometr oqova tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlanadi. 1 ta oqava suv tozalash inshooti va 5 ta oqava suv nasos stansiyalarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari joriy yilning noyabr oyiga qadar tugatiladi. Buning natijasida Samarqand shahrida 80 ming nafardan ortiq aholi markazlashtirilgan kanalizatsiya xizmatlari bilan yangidan ta’minlanadi va o‘z o‘rnida sanitariya va epidemiologik holat yaxshilanadi. 

Ayni paytda Saudiya rivojlantirish fondi va OPEK fondlari ishtirokidagi “Samarqand viloyati Qo‘shrobot tumani ichimlik suv ta’minotini yaxshilash” loyihasi davom etmoqda. Mazkur ishlar amalga oshishi natijasida 77 qishloqda va Qo‘shrabot tuman markazida yashovchi 65 ming nafar aholi markazlashgan toza ichimlik suv bilan ta’minlanadi. Hozirda mazkur yirik loyihaning 76 foizi bajarilgan.

Loyiha to‘liq yakunlangach, Qo‘shrabot tumani aholisining markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanish darajasi 16 foizdan 85 foizga yetkaziladi. Bundan tashqari, Jahon banki ishtirokida 2020-2024 yillarda umumiy qiymati 66 million dollar bo‘lgan “Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrini ichimlik suv ta’minoti va oqova tizimlarini yaxshilash” loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha orqali shahardagi ichimlik suv ta’minoti 95 foizga va oqava xizmati ta’minoti 90 foizga yetadi. 
Yana bir loyiha — Abu Dabi jamg‘armasi ishtirokida 2020-2025 yillarda amalga oshiriladigan, umumiy qiymati 90 million dollar bo‘lgan Samarqand shahrini ichimlik suv ta’minotini yaxshilash loyihasidir.

 Bunda 3 ta yirik ichimlik suv inshooti qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Bu orqali 500 ming aholining ichimlik suv bilan ta’minlash sifati yaxshilanadi. Aholi turmush darajasi va sifati oshib borar ekan, bundan keyin tumanlarda ham oqava xizmatini yaxshilash dolzarb bo‘lib boraveradi. Mazkur yo‘nalishda bir qator yirik loyihalar mavjud. Jumladan, xalqaro moliya institutlari ishtirokida 2022-2024 yillarda Samarqand viloyatidagi 6 ta tuman markazlari va shahar tipidagi aholi punktlari oqava tizimlarini yaxshilash loyihasi amalga oshiriladi. Bu orqali 9 ta oqava suv tozalash inshooti, 185 kilometrdan ortiq tarmoq qurish belgilangan. 

Bu kabi ishlar hajmi yil sayin oshib boraveradi. 

 

O‘zA muxbiri G‘.HASANOV yozib oldi.