Mamlakatimizda qurilish sanoatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohada ishlab chiqarish hajmi ortib borayotgani, zamonaviy texnologiyalar asosida yangi quvvatlarning ishga tushirilayotgani hamda mahalliylashtirish darajasining oshib borishi buning yaqqol isbotidir.
Shu bilan birga, eksport salohiyatini kengaytirish, ichki bozordagi talabni to‘liq qondirish va energiya samaradorligini oshirish borasida ham amaliy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, ishlab chiqarishda zamonaviy va kam energiya sarflaydigan uskunalardan foydalanish, korxonalarda energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda yo‘qotishlarni qisqartirish orqali yuqori samaradorlikka erishilmoqda.
Natijada qurilish materiallari sanoatining raqobatbardoshligi yuksalmoqda va sohaga investitsiyalar jalb etish imkoniyatlari yanada kengaymoqda. Bu esa nafaqat iqtisodiy o‘sishni ta’minlamoqda, balki ekologik barqarorlik va resurslardan oqilona foydalanishni ham rag‘batlantirmoqda.
[gallery-24440]
Amalga oshirilgan ishlardan kelib chiqib, sohaning o‘tgan olti oylik natijalari haqida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruvi raisi Ilyos Rahimov quyidagilarni ma’lum qildi:
– Keyingi 5 yilda mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijobiy islohotlar tufayli qurilish materiallari sanoati jadal sur’atlarda rivojlandi. Hozirda mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 10 mingdan ortiqni tashkil etadi. Ilm-fan yutuqlaridan oqilona foydalanish natijasida mahsulot turi 100 taga yetkazildi.
Joriy yilda ishlab chiqarish hajmini 52 trillion so‘mga, eksportni 1,2 milliard dollarga yetkazish, sohada 2,4 milliard dollarlik investitsiyalarni o‘zlashtirish va mahalliylashtirish dasturi doirasida 4,4 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Xususan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida 26 trillion so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarildi. Bu esa 2024 yilning mos davriga nisbatan 114 foizlik o‘sishni tashkil etdi.
Sohada joriy yilda qiymati 2,4 milliard dollarga teng investitsiya loyihalari amalga oshirilishi natijasida 16,2 ming nafar yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida hozirgacha 1 milliard 185 million dollar miqdorida investitsiya o‘zlashtirildi, shu jumladan 281 million dollarlik 101 ta loyiha ishga tushirilib, 2 977 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Davlat investitsiya dasturiga asosan uyushmaga biriktirilgan loyihalar doirasida esa 150,2 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirildi.
Hisobot davrida 26 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, unda 4 ta yangi turdagi, yuqori qo‘shilgan qiymatli, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Shuningdek, mahalliylashtirilgan mahsulotlar hajmi 2,3 trillion so‘mni tashkil etdi. Yanvar-iyun oylarida 10,1 million tonna sement, 21 million kvadrat metr qurilish oynasi, 33 million kvadrat metr keramik plitka va keramogranit, 50 million kvadrat metr gipsokarton plitalari ishlab chiqarildi.
Eksport yo‘nalishida ham ijobiy natijalar qayd etildi — umumiy 428,4 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Jumladan, Rossiyaga 107 million dollar, Qozog‘istonga 94,7 million dollar, Qirg‘izistonga 64,4 million dollar, Tojikistonga 53,7 million dollar, Ozarbayjonga 9,7 million dollar va Turkmanistonga 9,3 million dollarlik eksport amalga oshirildi.
Marketing va tashqi bozor tadqiqotlarini yanada samarali tashkil etish maqsadida “Ernst&Young” xalqaro konsalting kompaniyasi jalb etildi. Uning amaliy tajribasi orqali Shimoliy Amerika, Rossiya va Kavkaz, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Markaziy Osiyo va Yevropa qurilish materiallari bozorini tahlil qilish hamda yangi eksportbop bozorlarni aniqlash ishlari olib borilmoqda.
Joriy yil Toshkent viloyati Zangiota tumanida “Jahon invest plast” MCHJ tomonidan qurilish bochkalari ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasi doirasida 15 million dollar, Surxondaryo viloyati Termiz tumanida “Surxon sendvich” MCHJ tomonidan bazaltdan issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqarish bo‘yicha ham 15 million dollar xorijiy investitsiya va kredit o‘zlashtirildi.
Belgilangan rejalarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash maqsadida hududlardagi investitsiya loyihalari doimiy o‘rganib borilmoqda.
2025 yilda 193,8 million dollarlik 19 ta yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda mahalliy kontent ulushi 32 foiz yoki 62,8 million dollarni tashkil etadi. Xususan, 48,4 million dollar qurilish materiallari va 13,8 million dollar qurilish xizmatlari mahalliy manbalar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Kelgusi yillarda esa metall, PVX mahsulotlari, pardozbop tosh, beton va temir-beton mahsulotlari hamda ohak ishlab chiqarish loyihalarida mahalliy asbob-uskuna va jihozlar ulushini 51 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Ekologik yo‘nalishda ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Qurilish materiallari sanoatidagi atrof-muhitga yuqori va o‘rta darajada ta’sir etuvchi korxonalar tomonidan “Yashil belbog‘”larni tashkil etish bo‘yicha 2025 yil bahor-kuz mavsumi uchun “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.
2025 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, 989,2 gektar yer maydoniga 1,16 million tup manzarali, mevali va buta ko‘chatlari ekildi.
Shu bilan birga, energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham belgilangan reja asosida o‘z vaqtida va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA