Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘tgan uch oyda 14,6 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi
15:50 / 2023-04-14

AOKAda “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2023 yilning birinchi choragi davomida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ axborot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedovning ma’lum qilishicha, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 80 foizi ushbu korxona hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan uch oylik sarhisobga ko‘ra, jamiyat tomonidan  14,6 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, yagona energotizimga uzatilgan. Ishlab chiqarilgan 2 million Gkall issiqlik energiyasi esa iste’molchilarga yetkazib berilgan. Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari 101 foizga bajarilgan.  

–Investitsiya dasturiga asosan 6 ta loyiha doirasida 21,1 million AQSH dollari o‘zlashtirilib, belgilangan choraklik reja 112,6 foizni tashkil etdi. Dasturga muvofiq, ayni kunlarda “Toshkent IEM”da har birining quvvati 32 MVtga teng bo‘lgan ikkita gaz turbina qurilmasini qurish va “Talimarjon” IESning quvvatini kamida 900 MVtga oshirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Mahsulot tannarxini pasaytirish korxona oldida turgan muhim vazifalardan. Shu maqsadda ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2023 yil yanvar-mart oylarida mahsulot tannarxi 68,4 milliard so‘mga pasaytirilib, belgilangan ko‘rsatkich 101 foizga bajarildi, –dedi M.Bekmuhammedov.  

Shuningdek, brifingda 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari haqida ham so‘z bordi. Unga ko‘ra, tizimdagi 13 ta energoblok, 31 ta qozon qurilmasi, 9 ta bug‘-gaz qurilmasi va 1 ta gaz-turbina qurilmasini mukammal, o‘rta va joriy ta’mirlash ishlari bajariladi. Ayni paytda mavsumga tayyorgarlik boshlangan bo‘lib, bugungi kunda 2 ta qozon agregatida o‘rta ta’mir ishlari yakunlandi,  3 ta energoblok, 1 ta bug‘-gaz qurilmasi va 7 ta qozon agregatida mukammal va o‘rta ta’mir ishlari amalga oshirilmoqda.  

Tadbirda tizimdagi bir qator yo‘nalishlardagi ko‘rsatkichlar ham aytib o‘tildi. Xususan, joriy yilning yanvar-mart oylarida Mahalliylashtirish dasturi doirasida 29 ta loyiha asosida qiymati 6,3 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Amalda ushbu ko‘rsatkich 9,5 milliard so‘mga yoki 150,9 foizga bajarilgan. Ayni shu muddat oralig‘ida kooperatsiya savdolari bo‘yicha reja 103,3 foizga ijro etildi. Importni qisqartirish bo‘yicha bajarilgan ishlar rejaga nisbatan 114,8 foizdir.  

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA