O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan 2016-2023 yillarda to‘qimachilik sohasida tovarlar eksportining diversifikatsiyalashuv darajasi hamda eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushining o‘zgarishi tahlil etildi.
Bu haqda MHTI yetakchi mutaxassisi Ibodatxon Adashaliyeva quyidagilarni gapirib berdi:
– Aytish joizki, ushbu davrda to‘qimachilik sohasi bo‘yicha yaxshi o‘zgarishlar qayd etildi. Xususan, 2016-2023 yillar oralig‘ida to‘qimachilik mahsulotlari eksporti hajmi 2 barobar oshdi. 2023 yilda bu ko‘rsatkich 3,2 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. To‘qimachilik mahsulotlari eksportining umumiy eksportdagi ulushi esa 2016 yildagi 13,1 foizdan 2021 yilda 18,9 foizga yetdi.
2022-2023 yillarda sohaning eksport hajmi 2021 yildagiga nisbatan mos ravishda 4,2 foiz (2022) va 0,6 foiz (2023) o‘sgan bo‘lishiga qaramasdan, umumiy eksportdagi ulushi pasayib, 17 foiz (2022) va 13 foiz (2023) ni tashkil etdi.
Mahsulotlar kesimidagi diversifikatsiyaga kelsak, bu yo‘nalish yildan yilga yaxshilanib bormoqda. O‘rganilgan 8 yil mobaynida mamlakat to‘qimachilik sohasi eksportining diversifikatsiyalashuvi past bo‘lgan eksport bozoridan diversifikatsiyalashuvi o‘rtacha bo‘lgan bozorga aylandi.
Paxta tolasi eksporti hajmi 2016 yildagi 637 million AQSH dollaridan 2023 yilda 70 ming AQSH dollarigacha pasaydi. Paxtadan yigirilgan iplarning to‘qimachilik sanoati eksportidagi ulushi esa 2021 yildagi 51,1 foizdan 2023 yilda 37,9 foizgacha qisqardi. Ushbu o‘zgarishlar to‘qimachilik sanoatining tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bosqichiga tez sur’atlarda o‘tayotganini ko‘rsatadi. Xususan, 2016-2023 yillarda mashina yoki qo‘lda to‘qilgan trikotaj matolari, kiyim-kechak predmetlari, mashina yoki qo‘lda to‘qilgan trikotaj va kiyim predmetlari kabi tayyor mahsulotlarning eksportdagi ulushi oshdi.
Mamlakatlar kesimida diversifikatsiya darajasi pasayib borayotganini ko‘rsatadi. Bunga to‘qimachilik mahsulotlari eksportida Rossiyaning ulushi 2016 yildagi 29 foizdan 2023 yilda 45 foizga ortgani sabab bo‘ldi. Mamlakatlar kesimida indeks qiymati yomonlashganiga qaramay, to‘qimachilik sohasi ushbu davrda diversifikatsiyalashuvning o‘rtacha darajasini saqlab qoldi. 2023 yilda to‘qimachilik mahsulotlarining asosiy eksport bozorida Rossiyadan keyingi o‘rinlarni Xitoy, Turkiya, Qirg‘iziston va Eron egalladi. O‘zbekiston 2021 yilda GSP+ tizimiga a’zo bo‘ldi va keyingi 3 yilda Yevropa Ittifoqiga to‘qimachilik mahsulotlari eksportini sezilarli darajada oshirdi. Bu 2020 yilda 76,4 million AQSH dollar, 2022 yilda esa 178,5 million AQSH dollarni tashkil etdi. Biroq 2023 yilda eksport hajmi 14 foizga kamaydi va 152,8 million AQSH dollarini tashkil etdi.
Xulosa shuki, kelgusida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni takomillashtirish va eksport salohiyatini yanada oshirish zarur. Bu orqali O‘zbekistonning eksport diversifikatsiyasini kuchaytirish va yangi bozorlarni egallash imkoniyati kengayib boradi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.