Qurilish materiallari sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmoqlaridan biri bo‘lib, infratuzilma rivoji, uy-joy qurilishi va sanoat ob’ektlarini barpo etishda muhim o‘rin tutadi. Ushbu soha nafaqat ichki bozor talabini qondirish, balki eksport salohiyatini kengaytirish orqali valyuta tushumini oshirish imkonini ham beradi.
Yangi texnologiyalar va mahalliy xomashyo asosida zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarilishining ortishi, xorijiy bozorlar bilan hamkorlik va savdo uylarining tashkil etilishi sohaning raqobatbardoshligini ta’minlamoqda.
Xo‘sh, o‘tgan olti oyda mamlakatimiz qurilish sanoati rivoji yo‘lida qanday ishlar amalga oshirildi?
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov bu haqda O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
– E’tiborlisi, joriy yilning yanvar-iyun oylarida sohada 428,4 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Xususan, hisobot davrida Rossiyaga 107 million dollarlik keramik va metall buyumlar, toshdan yasalgan buyumlar, PVX profil, truba va fitinglar, Qozog‘istonga 94,7 million dollarlik quruq qurilish qorishmasi, gipsokarton, PVX profil, truba va fitinglar, metall buyumlar, Qirg‘izistonga 64,4 million dollarlik PVX profil, quruq qurilish qorishmasi, gipsokarton, alyuminiydan qurilish materiallari, Tojikistonga 53,7 million dollarlik metall buyumlar, PVX profil, truba va fitinglar, keramik, quruq qurilish qorishmasi va gipsokarton, Ozarbayjonga 9,7 million dollarlik gulqog‘oz, metall buyumlar, PVX profil, truba va fitinglar, Turkmanistonga 9,3 million dollarlik quruq qurilish qorishmasi, gipsokarton, gulqog‘oz, oyna va undan yasalgan buyumlar eksporti amalga oshirildi.
Sohada eksport hajmlarini oshirish maqsadida Ozarbayjonning Boku, joriy yil yanvar-iyun oylarida Tojikistonning Dushanbe, Pokistonning Lahor, Afg‘onistonning Qobul va Mozori Sharif, Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod, Mug‘ulistonning Ulan-Bator, Qozog‘istonning Aqtau shaharlarida O‘zbekiston savdo uyi, shourum, savdo omborlari tashkil etildi.
Yuqoridagi savdo shoxobchalariga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 50 turdan ortiq yuqori qo‘shilgan qiymatli qurilish materiallari joylashtirildi.
Shuningdek, mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va eksport salohiyatini oshirish maqsadida Toshkentda “Innoprom Central Asia-2025”, Qozonda “Rossiya-Islom dunyosi Kazan Forum 2025”, Tbilisida “Made in Uzbekistan” mahalliy mahsulotlar ko‘rgazmasi, Bokuda “Turkiy davlatlar xalqaro ko‘rgazmasi”, Ulan-Batorda “Made in Uzbekistan” mahalliy mahsulotlar ko‘rgazmasi kabi biznes forum va ko‘rgazmalarda ishtirok etishi ta’minlandi.
Yana bir muhim yangilik: sohada ichki va tashqi bozor marketing tadqiqotlarini amalga oshirish maqsadida “Ernst&Young” xorijiy kompaniyasi jalb etildi.
Xorijiy kompaniyaning sohaga oid xalqaro ekspertiza va amaliy tajribasidan foydalangan holda Shimoliy Amerika, Rossiya va Kavkaz, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Markaziy Osiyo va Yevropa qurilish materiallari bozorini tahlil qilish, yangi eksportbop bozorlarni diversifikatsiya qilish masalalarida istiqbolli yo‘nalishlar aniqlanishi ko‘zda tutilgan.
Xulosa shuki, so‘nggi yillarda qurilish materiallari sanoati nafaqat ichki ehtiyojlarni qondirish, balki mamlakatning eksport salohiyatini oshirishda ham muhim drayverga aylanmoqda.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.