Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘tgan mavsumdagi anomal sovuqda murakkab vaziyatda qolgan mahallalarning muammolari bartaraf etilmoqda
13:21 / 2023-10-19

Prezident tashrifidan so‘ng...

O‘tgan qish mavsumidagi anomal sovuqda Bog‘zor va Oqtepa mahallalari Chilonzor tumanidagi eng ko‘p muammo kuzatilgan hududlar sirasiga kirdi.

Xo‘sh, ellikta ko‘p qavatli uy, yettita ijtimoiy muassasa va o‘nlab tadbirkorlik shoxobchalari bor bu manzilda kuz-qish mavsumida murakkab vaziyat takrorlanmaydimi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 oktyabr kuni Chilonzor tumaniga tashrifi davomida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning borishi bilan tanishdi. Davlat rahbariga hududda ishga tushirilgan kogeneratsiya inshootining imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

Prezident tashrifidan so‘ng mavzu yuzasidan mas’ullar bilan suhbatlashdik.

Ta’kidlanishicha, umumiy qiymati 10 million dollarlik yangi qurilma bir vaqtning o‘zida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Turkiyaning sohadagi yetakchi kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilgan bu loyihaga Germaniyadan gaz-porshenlar, maxsus qozonlar keltirib o‘rnatildi.

– O‘tgan anomal sovuqda kuzatilgan murakkab vaziyatdan xulosa qilinib, bu yerda tegishli choralar ko‘rildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov. – Davlatimiz rahbari yil boshida bu masalalarni hal qilish, kogeneratsiya inshootini qurish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Bunda, avvalo, shu ikki mahallaning issiqlik manbalaridan uzoqligi, yo‘qotishlar ko‘pligi o‘rganildi. Shu bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yakunlandi, Prezidentimiz loyihaning ishga tushirilishiga start berdi. Qurilma soatiga 4,6 MVt elektr energiyasi hamda 29 gigakaloriyadan ortiq issiqlik ishlab chiqarish quvvatiga ega. 

Qurilmaning afzalliklaridan biri shuki, u past bosimli tabiiy gazda ham ishlaydi. Hududdagi ellikta ko‘p qavatli uy, ijtimoiy soha ob’ektlari markazlashgan tizimdan ajratib olinib, yangi qurilma – individual kafolatli issiqlik manbasiga ulandi. Davlatimiz rahbari poytaxtimiz va boshqa katta shaharlarning markaziy issiqlik tarmog‘idan uzoq hududlarida joylashgan mahallalarida bu kabi loyihalarni keng qo‘llash lozimligini ta’kidladi.

Ishga tushirilgan kogeneratsiya inshooti odatdagi qozonxonalar singari katta hududni egallamagan. Bahaybat uskunalar bilan jihozlanmagan. Hajman ixchamlik, lekin ish ko‘lami oldingisidan bir necha barobar yuqori bo‘lishi – zamonaviylik belgisi. Inshoot ishga tushirilishi yiliga 5,3 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilish imkonini yaratmoqda. Atrof-muhitga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdori esa 60-70 foiz kamayadi. Yana bir muhim jihati, oqova suv tashlanmalari umuman bo‘lmaydi.

Kafolatlangan issiqlik manbasi yaratildi. Galdagi vazifa uni isrof qilmaslik, behuda sarflamaslikdir. Mas’ullar bu jihatga ham alohida e’tibor qaratdi.

– Issiqlik manbasini behuda yo‘qotmaslik uchun qozonxonadan iste’molchilargacha bo‘lgan barcha infratuzilma rekonstruksiya qilindi, – deydi loyiha mutaxassisi Shuhrat Zokirov. – Issiqlik magistrali almashtirildi. Turar joy binolari, ijtimoiy soha ob’ektlariga issiqlik taqsimlash punktlari o‘rnatildi. To‘liq yopiq tizim yaratildi. Boshqacha aytganda, o‘n uch ming metrlik issiqlik tarmoqlari izolyatsiyali quvurlariga almashtirildi. Bu ishlar yaratilgan issiqlik yo‘qotishlarining oldini oladi.

Shuningdek, mahallalardagi elektr energiyasi bilan bog‘liq masalalar bo‘lmasligiga ham ahamiyat berildi. Buning uchun mavjud transformatorlar almashtirildi. Elektr uzatish tarmoqlari yangidan tortildi. Bir qator ko‘p qavatli uylar tomiga quyosh panellari o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Mamlakatimizning barcha hududlarida kuz-qish mavsumiga hozirlik ko‘rish ishlari davom etmoqda.

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbiri