So‘nggi bir hafta ichida dunyoda 2.5 milliondan ortiq koronavirus bilan kasallanish holati va 64 mingdan ortiq o‘lim ro‘yxatga olindi, deya xabar qildi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti.
"O‘tgan haftada kasallik va o‘limlarning global soni kamayishi kuzatildi. Infeksiya yuqtirish ko‘rsatkichi Janubi-Sharqiy Osiyoda (26 foizga), Yevropada (12 foizga) va Tinch okeanining g‘arbiy qismida (9 foizga) sezilarli ravishda pasaygan. Bu mintaqalarda o‘lim darajasi ham kamaygani kuzatilgan.
Ammo sayyoramizning ayrim mintaqalarida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat hamon keskinligicha qolmoqda. Masalan, Afrikada bemorlarning hayotdan ko‘z yumish holatlari 38 foizga ortgan. Sharqiy O‘rta yer dengizi mintaqasida esa bu ko‘rsatkich 2 foizga ko‘paygan, deyiladi tashkilot COVID-19 bo‘yicha e’lon qilgan haftalik hisobotida.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, yangi koronavirus turlari butun dunyoga tarqalishda davom etmoqda. Masalan, Buyuk Britaniyada 2020 yil sentyabr oyida birinchi marta aniqlangan Alfa varianti hozirda 170 mamlakatda mavjud. Braziliyada sentyabr oyida ilk bor qayd etilgan Gamma varianti mamlakatning barcha shtatiga tarqalib ulgurdi. 2020 yil oktyabr oyida hindistonlik virusologlar tomonidan aniqlangan Delta shtammi tarqalgan mamlakatlar soni esa bugun 85 taga yetdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ta’kidlashicha, vaksina va ijtimoiy chora-tadbirlar virusni nazorat qilishda hamon eng samarali vosita bo‘lib qolmoqda.