Mamlakatimizda joriy yilning o‘tgan 8 oy davomida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 12 trln. so‘mni tashkil etadi. Eksport hajmi esa 514,0 million dollardan oshgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p. Hududlarda 23 ta loyiha ishga tushirildi. Bundan tashqari, mahsulotlarning eksport geografiyasi ham kengaytirildi. “GSP+” imtiyozlaridan foydalangan holda Yevropaning Buyuk Britaniya, Ruminiya, Slaveniya, Chexiya, Avstriya va Vengriya davlatlariga, shu bilan birga, Iroq, Livan, Mongoliya hamda Mavrikiy va Fidji orollariga tarixda birinchi marta elektrotexnika mahsulotlari eksport qilindi.
«O‘zeltexsanoat» uyushmasi axborot xizmati rahbari Namoz Tolipovning ma’lum qilishicha, joriy yilda Rossiyaning «Eldarado», «M-Video», «DNS Atlas», Fransiyaning «Ashan» hamda Qozog‘istonning «Sulpak» va «Texnodom» yirik savdo tarmoqlari tashkil etildi va mahalliy mahsulotlarni eksportga olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Avval eksport faoliyati bilan shug‘ullanmagan Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi 11 ta korxona ilk marotaba o‘z mahsulotlarini eksportga olib chiqishga erishdi.
Yana bir ma’lumot, hozirda 3 ta yirik klasterni amalga oshirish bo‘yicha ishlar boshlangan. Jumladan, mis sanoati, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda innovatsion faoliyat yo‘nalishida klaster tashkil etiladi. Shuningdek, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi huzurida «Loyihalashtirish va injiniring xizmatini tashkil etish markazi» ham o‘z ishini davom ettirmoqda. Davlatimiz tomonidan soha korxonalarini qo‘llab-quvvatlanishi va ularga qonunchilikdagi huquqiy kafolatlarning berilishi tarmoqni iqtisodiy jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi, deyish mumkin. Bu ham mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun, ham xorijiy investorlar uchun o‘zaro manfaatli hisoblanadi.
Yana bir ma’lumot, 4 ta yirik ishlab chiqaruvchilar qoshida “R&D” markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 20 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Shundan birinchi teng qismi (10 mlrd. so‘m) korxona hisobidan, ikkinchi teng qismi (10 mlrd. so‘m) Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Sohadagi istiqbolli izlanishlarni muttasil davom ettirish, sifatli, energiya tejamkor, atrof-muhit uchun xavfsiz hisoblangan texnologiyalardan foydalanish dolzarb vazifa hisoblanadi. Bu maqsadlarga erishish uchun faqatgina mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish zarur.
Sh. Mamaturopova, O‘zA