French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘tgan bir yarim oy mobaynida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari asosida qanday ishlar amalga oshirildi?
17:43 / 2023-10-27

Mamlakatimizning eng chekka va olis hududlariga yo‘lingiz tushsa va u yerdagi obodlikka guvoh bo‘lsangiz, beixtiyor bugungi bunyodkorlik ishlarining ko‘lami masofa tanlamasligiga yana bir bor amin bo‘lasiz.

Buni “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarining samarasi, deyish mumkin. Bugungi kunda mahallalardagi sharoitlar, muammolar o‘rganilib, hal etilishi uchun Respublika ishchi guruhi shakllantirilib, uning tarkibiga Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, tijorat banklari hamda viloyat hokimliklari, tashkilot va idora mas’ullari kiritildi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: o‘tgan bir yarim oy mobaynida ishchi guruh boshchiligida tanlangan 70 ta “qizil” toifadagi mahallada qanday ishlar amalga oshirildi?

Respublika ishchi guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, avvalo, uyma-uy xatlovlar o‘tkazilib, natijalari asosida har bir hudud kesimida muammolarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi va faoliyatga kirishildi.

Jumladan, sharoiti o‘ta og‘ir bo‘lgan 2 mingdan ziyod oilalarning turar joylari joriy va kapital ta’mirlab berildi, 459 tasida kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi.

Mahalla infratuzilmasini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 554 ta ichki ko‘chaga 78 kilometr uzunlikda asfalt, 293 kilometrga shag‘al va betonlar yotqizilib, piyodalar yo‘laklari barpo etildi.

Elektr ta’minoti sabab bugungi obod mahallalarning ko‘rkini tunda ham ko‘rish mumkin. Xususan, 125 kilometr uzunlikka yangi elektr tarmog‘i tortilib, 895 dona yoritish moslamalari va 46 ta yangi transformator o‘rnatilib, ta’mirtalablari ishga tushirildi.

Gaz ta’minoti bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida 112 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlandi, yangi tabiiy gaz tarmoqlari tortildi.

Bugun joylarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash masalalari katta mehnatni talab qiladi. Bu boradagi faoliyat natijasida hududlar bo‘ylab 133 kilometr uzunlikdagi yangi suv tarmoqlari tortilab, ta’mirtalablari ishga tushirildi, yangi ichimlik suvi inshootlari o‘rnatildi.

Aksariyat tanlangan hududlardagi ko‘p qavatli uylarning holati qoniqarli emasligi bois reja asosida 20 ta shunday uyning tom qismi, yana 24 tasining kirish yo‘laklari ta’mirlandi.

Qish mavsumi arafasida aholi talabiga ko‘ra 2 mingga yaqin xonadonga qo‘shimcha 1,5 ming tonna ko‘mir va 12 mingga yaqin suyultirilgan gaz balloni yetkazib berildi.

Sharoiti og‘ir aholi qatlamiga ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalalari ham Respublika ishchi guruhi e’tiboridan chetda qolmadi.

Xususan, 70 ta mahalladagi 4 mingga yaqin aholining bandligi ta’minlandi, 716 nafar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagilarga 2 milliard so‘mga yaqin turli yordamlar ko‘rsatildi. Xususan, 54 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 60 nafariga protez-ortopediya vositalari, 5,2 ming nafariga bepul dori-darmon vositalari yetkazildi. Shuningdek, qo‘lida hunari borlarga tikuv mashinasi va 102 nafariga asbob-uskunalar, mehnat qurollari olib berildi.

Aholi salomatligini yaxshilash ayni davrda dunyo bo‘ylab dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda. Shu maqsadda olib borilgan ishlar natijasida 100 mingga yaqin fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 703 nafariga davolanish uchun order, 40 nafarga sihatgoh, sanatoriy va profilaktoriyalarga yo‘llanma berildi, 31 nafar yakka yolg‘iz keksalarga hamda 190 nafar nogironlarga turli yordamlar ko‘rsatildi.

Bilamizki, yurtimiz aholisi orasida kichik tadbirkorlikka ishtiyoqi bor fuqarolar ko‘p. Ularga ko‘maklashish, faoliyatini rivojlantirish uchun 581 nafar fuqaroga 10 milliard 645 million so‘mlik imtiyozli kredit, 245 nafariga 1 milliard 590 million so‘mlik subsidiya olishiga ko‘maklashildi.

Ma’naviy-ma’rifiy muhit yaxshilangan mahallalarda o‘z-o‘zidan farzand tarbiyasi, oilaviy muhit, kitobxonlikka ishtiyoq oshaveradi. Shu ma’noda olib borilgan ishlar doirasi kengaymoqda. Xususan, 4 mingdan ziyod targ‘ibot tadbirlari tashkil etilib, “Uch avlod uchrashuvlari” uyushtirildi. Natijada 174 ta oiladagi notinch va nizoli holatlar bartaraf etildi.

“Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha samarali ishlar davom etmoqda.

Abdulaziz Rustamov, O‘zA