Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OTB bilan 100 million dollarlik kredit kelishuvi imzolandi
22:58 / 2025-11-18

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevning Osiyo taraqqiyot banki Prezidenti Masato Kanda bilan uchrashuvida 30 yillik o‘zaro samarali munosabatlar, hamkorlik natijalari qayd etilib, kelgusi rejalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, sheriklik transport, energetika, suv ta’minoti, ta’lim, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash kabi ustuvor yo‘nalishlarda izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston tomoni aholining turmush sifatini oshirishga qaratilgan loyihalardagi ko‘magi uchun OTBga minnatdorlik bildirdi.

Muloqot davomida 2026 yil may oyida Samarqandda o‘tadigan OTB Boshqaruvchilar kengashi 59-yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik mavzusi ham ko‘tarildi. Ushbu jarayonni muvofiqlashtirish uchun qo‘shma yo‘l xaritasini tasdiqlash taklif etildi.

Shuningdek, moliyalashtirish mexanizmini takomillashtirish, iqtisodiy hududlar infratuzilmasini rivojlantirish, ayollar va yoshlar bandligini qo‘llab-quvvatlash, eksportga yo‘naltirilgan korxonalarni rag‘batlantirish kabi o‘rta muddatli tashabbuslar ko‘rib chiqildi.

Tomonlar 2026-2030 yillar uchun yangi Hamkorlik dasturi bo‘yicha ham fikr almashdilar.

Uchrashuv yakunida maktablarda STEM tizimiga asoslangan ta’limni modernizatsiya qilishga qaratilgan “O‘rta ta’limda STEM” loyihasi uchun 100 million dollarlik kredit kelishuvi imzolandi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA