Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘tayotgan yil esda qolarli yil bo‘ldi
21:27 / 2025-12-30

Sayxunobod tumani aholisi uchun o‘tayotgan 2025 yil mazmun-mohiyati, amaliy natijalari bilan haqiqatan ham esda qolarli bo‘lmoqda. Iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash bilan bir qatorda aholi turmush darajasini yaxshilash, bandlikni kengaytirish hamda kambag‘allikni qisqartirish masalalari mahalliy hokimiyat va mutasaddi tashkilotlar faoliyatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 14 mart kuni Sirdaryo viloyati, jumladan, Sayxunobod tumaniga tashrifi davomida aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, daromadlarni oshirish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosi izchil ta’minlandi. Ana shu vazifalar asosida ishlab chiqilgan manzilli dasturlar va chora-tadbirlar qisqa fursat ichida o‘z samarasini bermoqda.

Natijada, o‘tayotgan 2025 yil davomida tumanda 14,2 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi, 4 627 nafar fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi.  Hisobot davri yakuniga ko‘ra, ishsizlik darajasi 5,5 foizni tashkil etdi.

Bandlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida 685 ta yashirin ish o‘rni legallashtirildi, 989 nafar fuqaro kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitildi. Shu bilan birga, 61 nafar xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqaro kasb va chet tillariga maqsadli tayyorlandi. Xorijiy mehnat bozoriga chiqishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 94 nafar nomzod xorijiy ish beruvchilar talabiga mos holda tanlab olinib, “Xorijda ish” platformasiga kiritildi, 120 nafar fuqaro xorijga tashkillashtirilgan tartibda ishga yuborildi.

Muhojirlikdan qaytgan aholi bilan ishlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 359 nafar kam daromadli migrant qaytarilib, doimiy ish bilan ta’minlandi. Shuningdek, 885 nafar kambag‘al aholiga individual yondashuv asosida ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatildi, 370 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligi ta’minlandi.

Yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida ham aniq natijalarga erishildi. Jumladan, ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan 23 nafar yoshga “Yoshlar daftari” orqali yordam ko‘rsatildi. 88 nafar lider tadbirkor ayollarga ehtiyojmand xotin-qizlar biriktirilib, ularni daromad topishga o‘rgatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, 89 nafar boquvchisi bo‘lmagan xotin-qizlarga ko‘mak berildi, 306 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi.

Mahallalardagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida bo‘sh turgan bino yoki yer uchastkasi negizida “Xotin-qizlar bandligi va salomatligi markazi” tashkil etildi. Ushbu markaz xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, salomatligini mustahkamlash va ijtimoiy faolligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Qisqasi, Sayxunobod tumanida o‘tayotgan 2025 yil aholining turmush sifati yaxshilangan, bandlik ko‘lami kengaygan, ijtimoiy himoya va g‘amxo‘rlik amalda sezilarli bo‘lgan yil sifatida tarixda qolmoqda.

– Albatta, bu borada oldimizda turgan vazifalar hali ko‘p, – deydi Sayxunobod tumani hokimi Komiljon Mullajonov. – Aholining daromadlarini oshirish, kambag‘allikdan chiqarish, ayniqsa, ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlash bugungi kunning eng dolzarb vazifasiga aylangan. Biz bu masalaga faqat raqamlar nuqtai nazaridan emas, balki har bir oila taqdiri misolida, manzilli yondashuv asosida yondashmoqdamiz.

Tumanimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlariga qaratilgan bo‘lib, har bir yaratilgan ish o‘rni, har bir qo‘llab-quvvatlangan oila ortida aniq natija va ijtimoiy barqarorlik maqsadi mujassam. Yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlikka jalb etish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalalari ham doimiy e’tiborimiz markazida. Bu borada mahallalar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, bo‘sh turgan binolar va yer uchastkalaridan samarali foydalanish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. Kelgusida ham aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, barqaror daromad manbalarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi. Asosiy maqsadimiz — har bir oilada barqaror daromad manbai yaratish, har bir yoshning o‘z o‘rni va munosib kelajagi bo‘lishiga erishishdir.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri