Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Otaxonlar yurtimizga tinchlik, osoyishtalik, qut-baraka tilab duolar qildi
13:04 / 2024-05-09

9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga Prezidentimizning tabrigini yetkazdi, ularga sovg‘a-salomlar va pul mukofotlarini topshirdi.

Mamlakatimizda yoshi ulug‘ insonlarga, ayniqsa, urush va frontorti mehnat faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Bugungi kunda Andijon viloyatida to‘rt nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi hamda 400 nafarga yaqin frontorti mehnat faxriysi el-yurt ardog‘ida hayot kechirmoqda.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, Andijon viloyati hokimi boshchiligidagi bir guruh faollar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan uchrashdi, ularning xonadonlarida bo‘ldi.

[gallery-17351]

Andijon shahridagi 13-umumta’lim maktabida 2- jahon urushi faxriysi Aleksandr Vasilevskiy ishtirokida tashkil etilgan tadbirda yoshlarning vatanparvarlik ruhidagi ko‘rgazmali chiqishlari, harbiy orkestr ijrolari namoyish etildi.  

Aleksandr Vasilevskiy asli Ukrainaning Vinnitsa oblastida tug‘ilib o‘sgan. Fashistlar 1941-yilning avgust oyida u yashayotgan qishloqni bosib olib, qishloq aholisini, hatto, bolalar, ayollar va keksalarni konslagerda saqlagan. Jumladan, Aleksandrning onasi, ikki singlisi va ukasi ham ana ana shu lagerda saqlangan.  

Urush tugagach, Aleksandr Vasilevskiy Andijonga kelib, tibbiyot institutida tahsil oldi. Institutni tamomlagach, 1- son Andijon shahar shifoxonasiga ishga kiradi. Umuman, Aleksandr Vasilevskiyning keyingi hayoti O‘zbekiston, xususan, Andijon bilan chambarchas bog‘lanib ketdi. Andijonda oila qurdi, farzandlar ko‘rdi. Tibbiyot sohasida uzoq yillar samarali mehnat qildi, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi sifatida, qolaversa, yuksak insoniy fazilatlari bilan el-yurt orasida hurmat-e’tibor topdi.  

–  Andijon mening uchun eng qadrdon maskan, O‘zbekiston esa ona Vatanimga aylangan, – deydi Aleksandr Vasilevskiy. – Inson qadri ulug‘lanayotgan, shu yurtda yashayotganligimdan, shu yurt fuqarosi ekanligimdan faxrlanaman. – Ayniqsa, men kabi urush qatnashchilari, konslager tutqunlari, faxriylariga Prezidentimizning e’tibori, tabrigidan boshim ko‘kka yetdi.  

Tadbirda viloyat hokimi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Aleksandr Vasilevskiyga Prezidentimizning tabrigi, pul mukofoti va esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Shundan so‘ng viloyat hokimi Paxtaobod tumani Boburmirzo mahallasida  istiqomat qiluvchi urush faxriysi Umarali ota Otaboyev xonadonida bo‘ldi. Otaxonga keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Prezidentimiz tabrigini o‘qib eshittirdi.  Urush faxriysi bilan samimiy suhbatda bo‘ldi, unga Prezidentimiz farmoniga asosan ajratilgan 20 million so‘m pul mukofoti va sovg‘a-salomlarni topshirdi.  

– Yurtboshimiz tomonidan biz keksalarga, urush qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan behad mamnunmiz, – deydi urush faxriysi, 99 yoshli Umarali ota Otaboyev. – Biz ko‘rgan urush balosini farzandlarimiz aslo ko‘rmasin. Shukrlar bo‘lsin, bugun Vatanimiz tinch, osmonimiz musaffo. Yoshlarimiz bugungi tinch va farovon hayotning qadriga yetsin. Obod, kundan kunga yuksalib borayotgan  yurtimizga aslo ko‘z tegmasin.  

Umarali ota barchani Xotira va qadrlash kuni, G‘alaba bayrami bilan qutlab, yurtimizga tinchlik, osoyishtalik va qut-baraka tilab duoga qo‘l ochdi.  

Shuningdek, viloyat hokimi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Marhamat tumani Paxtakor mahallasida yashovchi 99 yoshli Imin ota Temirov hamda Asaka tumani Toshtepa mahallasida yashovchi 100 yoshli Abdullajon ota Abdurasulovni ham bayram bilan muborakbod etib, Yurtboshimiz tabrigini yetkazdi, pul mukofoti va esdalik sovg‘alarini topshirdi.  

 

F.  Ubaydullayev,  

Z. Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari