English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Otasi zinadan itarib yuborgan qiz, o‘g‘lining kiyimi «morg»dan topilgan ona qismati
16:16 / 2022-06-06

O‘zbekiston Respublikasi tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan jurnalistlar uchun Sirdaryo «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyiga tashkil qilingan press-tur davomida shifoxonadan emin-erkin maqola tayyorlash imkoni yaratildi.

Reportajimiz orqali bu yerda bemorlarga yaratilgan sharoitlar, ularni tikuvchilik, to‘quvchilik ishlari hamda sport bilan bandligi haqida emas, xotin-qizlarni shifoxonaga kelib qolish sabablari haqida yozishni niyat qildik.

Ko‘pincha qulog‘imizga «falonchining esi og‘ib, uyidan chiqib ketadigan bo‘lib qolibdi», degan xabarlar chalinib qoladi. «Yo‘g‘-e, soppa-sog‘ ediku», deymiz ishongimiz kelmay. Rostdan ham esi og‘ib qolgan odamlarning kasallikni orttirishlariga qanday voqealar sabab bo‘ladi?

Ayollarni bunday taqdirga mahkum bo‘lishlari sababi haqida mazkur shifoxonada 20 yildan beri ruhshunos lavozimida ishlab kelayotgan Ashura Alimovadan bilib oldik.

– Misol uchun, D.Ahmedova ismli ayol dunyoga sog‘lom kelgan, – deydi Ashura Alimova. – Otasi ichkilikka berilib, onasini ayovsiz kaltaklagan. Bir kuni Dilrabo onasini kaltaklardan himoya qilish uchun qo‘shnisini chaqirishga harakat qiladi. Mast holdagi ota qizini zinadan itarib yuboradi. Bosh miya jarohatini olgan qiz sekin-astalik bilan esini yo‘qotib, oxir-oqibat ushbu shifoxonada davolanishga yuboriladi.

Yana bir ayol: uning to‘rt nafar farzandi bor. O‘g‘li tog‘amnikiga borib kelaman, deb uydan chiqib ketib, qaytmagan. Qarindosh-urug‘lari bilan bolani rosa izlashgan. O‘n kundan so‘ng bolasining kiyimlarini «morg»dan topgan ona ayriliqqa chidolmay, esini yo‘qotadi. Onaxon hozir 60 yoshda, 20 yildan buyon shu shifoxonada davolanib keladi. Farzandlari tez-tez yo‘qlab kelib turishadi, ba’zida 1-2 kunga uylariga borishga ruxsat beramiz. Kasallik xuruj qilmagan paytlarida undan mehribon inson yo‘q. Ammo kasallik tez-tez o‘z kuchini ko‘rsatgan vaqtlarda farzandlari eplolmay qoladi.

Gulmira Ergasheva esa 5 yoshida onasidan yetim qolib, o‘gay onaning zug‘umlariga chidashiga to‘g‘ri keladi. Qizaloq onasini yo‘qotganidan so‘ng tez-tez tagini ho‘l qilib qo‘yadigan bo‘lgan. Bundan jahl otiga mingan o‘gay ona uni kaltaklaydi. O‘gay onaning «qaynagan qonini» pasaytirish o‘rniga o‘z otasi ham qo‘shilib qiziga zug‘um o‘tkazadi. Natijada u asabiy va uchragan odami bilan urishadigan, uydan chiqib ketib, yo‘qolib qoladigan odat chiqaradi.

Gulmiraga aqli zaiflikning yengil tashxisi qo‘yilgan. 17 yoshida uni yaqinlari Qo‘qondagi ruhiy kasalliklar shifoxonasiga topshiradi. Bu yerga kelganiga uch yil bo‘ldi. Yaqinlari biror marta ham xabar olmaydi.

Eng qizig‘i, qizaloqning taqdiriga na ammasi, na xolasi yoki akalarini qiziqtirgan. Hamma o‘z hayoti bilan yashayvergan. Bitta guldek qizning taqdiri esa barbod bo‘lgan.

Ruhshunos har bir ota-ona o‘g‘li yoki qizini bolalikda albatta psixiatr ko‘rigidan o‘tkazib turishi kelgusida asab kasalliklarining oldini olishida katta yordam berishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Ruhshunosning aytishicha, bu yerda davolanayotgan xotin-qizlarning ko‘pchiligi shizofreniya kasalligini hayoti davomida orttirib olgan. Kimnidir shu yerda yashashga o‘z otasining zo‘rlashi, kimnidir esa tug‘ruqdan keyingi ruhiy o‘zgarishlar, xorijga ketib u yerdan tazyiq tufayli ruhiy zo‘riqib qaytgan, yana kimnidir taqdir zarbalari yetaklab kelgan.

Sirdaryo «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyida hozirgi kunda 274 nafar I-II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qilib kelmoqda. Shulardan 77 nafari o‘zgalar parvarishiga muhtoj. Ya’ni 77 nafar xotin-qizlar o‘zlari yurolmaydi, o‘rnidan turib hojatini bajara olmaydi. Ularga doimiy ravishda tibbiy hamshiralar ko‘mak berib keladi.

Bu yerda davolanayotgan 274 nafar bemor navbati bilan cho‘miltiriladi. Yuvinish xonasida 5 nafar ayol ishlaydi.

– 14 yildan beri shu yerda hammomchi bo‘lib ishlayman. Uch nafar ayol bemorlarni cho‘miltirsa, ikki kishi ularning tirnoqlarini oladi. Ayrimlari kasali xuruj qilgan paytda juda jahldor bo‘lib qoladi, ularni tinchlantiramiz, – deydi Nasiba Gazixo‘jayeva.

Hammomchi ayol bilan suhbatimiz tugagach, kir yuvish bo‘limiga o‘tdik.

– 22 yildan buyon shu yerda ishlayman, – deya bizga peshvoz chiqdi kir yuvuvchi Zebo G‘iyosova. – Kuniga bemorlarning 180-200 kilogramm kir kiyimlari bizga topshiriladi. To‘rtta 40 kilogrammgacha kir sig‘adigan mashinamiz, dazmol qiladigan apparatlarimiz, quritish xonalarimiz bor. Chunki ba’zi ayollar kasallik xuruj qilgan paytda o‘zlarining kiyimlarini o‘zlari yirtib yuboradi. Bu shifoxonada sabr-toqati yetgan odamgina ishlaydi.

Shifoxonadan qaytar ekanmiz, hovlida sayr qilayotgan ayollarning ko‘pchiligi bizga qo‘llarini silkitib qoldi.

Nigora Rahmonova, O‘zA