Islom olamida Buxoro bejiz «Qubbatul Islom» ؘ«Islom gumbazi» deb sifatlanmaydi. Shaharning 2020 yilda Islom madaniyati poytaxti deb e’tirof etilishi bu muqaddas zamin va unda yashab o‘tgan olimlarning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasining yana bir tasdig‘i sifatida qabul qilinadi.
O‘zbekiston hududida yashovchi xalqlar O‘rta Osiyo va jahon tarixida alohida o‘rin tutib kelgan.Yurtimizdan yetishib chiqqan ulamolar, har sohaning tadqiqotchi va kashfiyotchilari dunyo ilm-fan taraqqiyoti yo‘lida hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan.
Buxoro shahriga xos bir jihatni ta’kidlash zarur. Bu ko‘hna kentda ko‘plab ziyoratgohlar mavjud. Islom sivilizatsiyasini ravnaq ettirish katta rol o‘ynagan ko‘plab aziz avliyolar, pirlar va ustozlarning xoki poyi abadiy qo‘nim topgan.
Narzulla Yo‘ldoshev qalamiga mansub 1993 yili «Buxoro» nashriyotida chop etilgan «Buxorodagi ayrim avliyolar tarixi» kitobidagi hikoyalarning birida XIV-XV asrlarda o‘zi Volga bo‘yidagi Bulg‘or shahridan bo‘lib, taqdir taqozosi bilan Buxoroga kelib qolgan Xoja Bulg‘oriy haqida so‘z boradi.
Xoja Bulg‘oriy Volga bo‘yidagi Bulg‘or shahri xonining o‘g‘li – shahzoda bo‘lgan. Otasi bilan chiqisha olmay, Buxoroga kelib, bir guzarda masjid yonida xonaqohda ko‘p yillar yashagan. U buxoroliklarga «charmi bulg‘ori»ni qanday qilib ishlash usulini o‘rgatgan. Xalq orasida obro‘si ortib, hurmat qozongani uchun Xoja Bulg‘oriy deb atalib, asl ismi unutilib ketgan. Uning nomi bilan atalgan guzar ham keyinchalik «Xoja Bulg‘oriy guzari» bo‘lib ketgan.
XX asr boshlarida guzarda 64 ta xonadon ahli yashar edi. Guzar ahlining ko‘pchiligi, kavushdo‘zlik, mahsi va etikdo‘zlik bilan shug‘ullangan. Taxminan IX-X asrlardan buyon, ehtimol undan ham oldinroq boshlangan charmgarlik va charmdan (ko‘ndan) oyoq kiyimlar ishlab chiqarish XX asr boshlarigacha an’ana sifatida shu mahallada davom etib kelganligini ko‘rishimiz mumkin.
Bulg‘or shahri O‘rta asrlarda eng yirik savdo markazlaridan biri bo‘lgan. Bu shahar sifatli charm (ko‘n) ishlab chiqarishi bilan mashhur bo‘lgan. V.Bartold yozishicha, «Bulg‘oriy etiklar» tashqi savdo mahsulotlaridan bo‘lib, Turkistonda shuhrat qozongan. IX-X asrlarda Volga bo‘yidagi ikki xonlik – Itil va Bulg‘or xonliklari bilan somoniylar davlati savdo aloqalarini olib borganlar. Savdogarlar u yerlarda sifati yuqori bo‘lgan oshlanmagan terilar, qo‘ylar va yovvoyi hayvonlarning mo‘ynalarini sotib olganlar.
Buxoroga ham bulg‘ori charmlar dastlabki paytlarda o‘sha shahardan keltirilgan, keyinroq bu charm Buxoroning o‘zida ishlab chiqarilgan. Xoja Bulg‘oriy yuqoridagi guzarda bo‘lgan hujralardan birida kun kechirib, o‘sha hujrada vafot etgan. Shu hujra yonida dafn etilgan. Bir qancha vaqt o‘tgach, o‘sha mahalladagi bir kishi savob uchun uning qabriga sag‘ana o‘rnatgan va tug‘ ko‘targan.
Mullozoda kitobida Xoja Bulg‘oriy mozori haqida ma’lumot beriladi. Demak, ruhoniylar va ziyoratchilar uning nomini unutgan bo‘lsalar ham, ammo Mullozoda XV asrda Buxoro shahrida «Muqaddas joylar va ularning egalari» haqidagi kitobida Xoja Bulg‘orning asl nomi Hasan ekanligini yozadi. Demak, Xoja Hasan Bulg‘or XV asrdan anchagina oldinroq, Kiyev Rusi davlati paydo bo‘lgan va rivojlangan davrlarda Volga bo‘yida Bulg‘or davlati ham mavjud bo‘lgan davrlarda Buxoroga kelgan bo‘lishi mumkin.
Demak, Hasan Bulg‘or taxminan X-XII asrlarda Buxoroga kelgan bo‘lishi mumkin. XIII-XIV asrlarda uning kelishi mumkin emas edi. Chunki bu paytlarda mo‘g‘ullar Bulg‘or xonligini tamomila tor-mor etib, u yerlarni egallagan va shaharni yer bilan yakson qilgan edilar.
Xoja Hasan Bulg‘oriy qabrini faqatgina charmgarlar ziyorat qilibgina qolmay, boshqa dindorlar ham ziyorat qilganlar. Turli kasallikdan qutqaruvchi avliyo sifatida unga ixlos bog‘laganlar. Ammo tarixiy manbalarning ko‘rsatishicha, Xoja Bulg‘oriy hech qanday tabib yoki jarroh o‘tgan emas. U musofirlik, darbadarlikda o‘z kunini zo‘rg‘a o‘tkazib, kambag‘allikda vafot etgan. Vafot etgandan keyin uni umumiy qabristonga eltib qo‘yuvchilar topilmagan yoki bunday qabristonning yeri oldinroq sotib olinganligi uchun uni hujrasi yonida dafn qilganlar. Bularning hammasi uning avliyolikdan ancha uzoq ekanligidan darak beradi.
Xo‘sh, uni nega ko‘nchilarning piri deb ataganlar. Chunki, u charmgarlarning ayrimlariga «bulg‘or charm» pishirish texnologiyasi va ishlash metodlarini o‘rgatgan. Shuning uchun uni vafotidan keyin ko‘nchilarning mahalliy piri deyishgan.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, hikoyadan ma’lum bo‘ladiki, Xoja Hasan Bulg‘oriy bulg‘or charmi mahsulotlarini Buxoroga kiritgan, boshlab guzar, so‘ngra Buxoroning ko‘pchilik aholisi ishonchini qozongani, iqtisodiyot rivojiga ham o‘z hissasini qo‘shgan. Xalq manfaati va farovonligi uchun xizmat qilgan.
Har narsa rivojining asosi izlanishda bo‘lgani kabi Buxoroga kelib qolgan shahzoda o‘z izlanishlari bilan begona xalq orasida obro‘ topdi. Buxoro tarixi bunday afsonalarga boydir. Tarixga qanchalik chuqur kirib borsak, shunchalik ko‘p ochilmagan qirralarning guvohi bo‘lamiz. Arab ulamolarining “من اتخذ العلم لِجامًا، اتخذه الناس امامًا” «Kimki ilmning (qanday soha bo‘lishidan qati nazar) jilovini tutsa, odamlar uni o‘ziga peshvo qiladi» degan hikmatli so‘zlari zamirida ibratli hayot haqiqati yotadi. Demak, taraqqiy etish uchun tariximizni o‘zligimizni anglashni keng ko‘lamda rivojlantirsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Abdulbosit MAMADALIEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi