Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Otashnafas shoir bilan uchrashuv
15:43 / 2025-12-12

Taniqli shoir Muhammad Ismoil samimiy, dilkash, qalbi beg‘ubor ijodkor. U kirgan davralar fayz va zavqqa to‘ladi. Shoir onalarga va umuman, xotin-qizlarga mehr va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish insonning muqaddas burchi ekanini o‘z asarlarida mudom targ‘ib etadi. Hayotda ham o‘zi ushbu hikmatga qat’iy amal qiladi. Zero, tabarruk va munis onalarimiz, mushfiq opa-singillarimiz jamiyatning ko‘rki va gultojidir.

Toshkent shahridagi Adju universitetida otashnafas shoir, yozuvchi hamda tarjimon Muhammad Ismoil ishtirokida adabiy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda ijodkor universitet talaba-yoshlari bilan erkin muloqotda bo‘ldi, ijod yo‘li, rejalari to‘g‘risida batafsil fikr-mulohazalarini bildirdi.  

–Yoshlar ma’naviyatini asrab-avaylashning muhim vositalaridan biri – ularni yaxshi kitobga, adabiyotga oshno etishdir, – dedi ustoz ijodkor Muhammad Ismoil. – Shu sababli, mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan millatimizni kitobxon millatga aylantirish, milliy adabiyotimizni rivojlantirish borasida boshqa davlatlarga ibrat bo‘lishga arzigulik ishlar amalga oshirilmoqda.  

Nafosat bazmiga tashrif buyurgan taniqli ijodkorlar shoirning insoniy fazilatlari, ijodi to‘g‘risida batafsil to‘xtaldi.  

Bugungi kunda mamlakatimizda kechayotgan adabiy jarayonlar, yangi asarlar xususidagi dilkash gurung muloqot ishtirokchilariga katta taassurot qoldirdi.  

Nazm va navoga yo‘g‘rilgan tadbir davomida Muhammad Ismoilning “Boshimdagi tojim — onam” kitobi taqdimoti ham o‘tkazilib, mazkur kitobning namunalari yig‘ilganlarga ulashildi. Ushbu kitob hayotimizning ma’no-mazmuni bo‘lgan onajonlarimizga ustoz ijodkorning cheksiz hurmati va e’zozi, mehr va ehtiromining namunasi.

Aytish kerakki, yaxshi kitob har birimiz uchun zo‘r sovg‘a bo‘lsa, muallifning dastxati bitilgan asar undan ham a’loroq tuhfadir.  Tadbirda talaba-yoshlar, adabiyot muxlislari shoir Muhammad Ismoilning dastxati va ezgu tilaklari tushirilgan kitoblarga ega bo‘ldi.  

Nazokat Usmonova,

O‘zA muxbiri