Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Otaning bir buyragi endi o‘g‘lida
10:52 / 2022-02-15

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida navbatdagi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi. 31 yoshli bemor, bir necha yildan buyon buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan aziyat chekib, gemodializ seanslari yordamida davolanib kelayotgan edi.

Ayni vaqtga kelib tashxis terminal bosqichga o‘tgani sababli bemorni hayotga qaytarishning yagona usuli bu buyrakni ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti hisoblangan. Dunyoning yetakchi davlatlarida keng amalga oshirib kelinayotgan bu yuqori texnologik amaliyot ko‘plab bemorlarni hayotga qaytarmoqda. Retsipiyent va donor 3 oy davomida chuqur tekshirishlardan o‘tkazilgan. Bemorga buyrak transplantatsiyasi amaliyoti tavsiya qilingan. Unga 62 yoshli otasi donorlik qildi.  

Poytaxtlik bir guruh transplantolog mutaxassislar tomonidan RSHTYOIM Buxoro filiali mutaxassislari ishtirokida buyrakni ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti o‘tkazildi. 8 soat davom etgan jarayon muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ko‘chirilgan buyrak o‘z faoliyatini boshladi. Bemor ota va bolaning ahvoli qoniqarli bo‘lib, tibbiy me’yoriy talablarga mos. Ilgari bunday bemorlar chet el klinikalarida iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan qiynalgan holda katta mablag‘ evaziga davolanib kelgan.  

Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilinishi samarasi o‘laroq hozirgi kunda og‘ir dardga chalingan, doimiy davolanish kurslarini olib yurishga mansub guruhlar qatoriga kiruvchi bemorlar, vatandoshlarimiz o‘z ona yurtida shifo topmoqda. 2017 yildan boshlab O‘zbekistonda 700 dan ortiq buyrak transplantatsiyasi o‘tkazilgan. 1 ming 300 dan ortiq buyrak va jigar ko‘chirilgan retsipiyentlar mavjud.  


Zarif Komilov,  
O‘zA muxbiri