Xabaringiz bor, joriy yilning 24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan o‘tkazgan muloqoti davomida xorazmlik Otamurod Rayimboyevning noyob iste’dodini alohida e’tirof etib, uni ijodiy jihatdan yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Prezident sovg‘asi” bilan taqdirlagan edi.
Prezidentimizning maxsus sovg‘asi yosh iqtidor egasiga uning oila a’zolari hamda ustozlari ishtirokida tantanali ravishda topshirildi.
Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov BYD Chazor elektromobili kalitlarini Otamurod Rayimboyev qo‘liga tutqazar ekan, avvalo muhtaram prezidentimizning e’tibori, bu kabi yuksak rag‘bat va ishonchi yosh iste’dod egalarini kelgusida yanada ulkan marralar sari ruhlantirishi shubhasiz ekanligini ta’kidladi.
– Ijodiy faoliyatimni endi boshladim va Prezidentimizning tahsinlariga sazovor bo‘ldim, – deydi Urganch tumanidagi 11-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Otamurod Rayimboyev. – Ochig‘ini aytsam, Respublika tanlovida Gran Pri mukofotini qo‘lga kiritishimda ham bunchalik hayajonlanmagan edim. Ularning qarshisida qo‘shiq kuylayotganimda paydo bo‘lgan bu o‘zgacha hayajon haliyam bosilgani yo‘q. Avvalambor, davlatimiz rahbari menga kuylashim uchun imkon berganliklari va otalarcha menga mehr ko‘rsatib, avtomashina sovg‘a qilganliklari uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Endilikda men xorijiy san’at oliygohlarida ham ta’lim olib, milliy san’atimizning dovrug‘ini dunyoga taratmoqchiman.
Otamurod davlatimiz rahbari sovg‘a qilgan avtomashina kalitlarini o‘z otasiga berdi. Yosh ijodkor va uning ota-onasi esa bunday yuksak e’tibor uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorchilik bildirdi.
– Muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan oqilona islohotlari bizning chekka-chekka qishloqlarimizgacha kirib bormoqda. – deydi Otamurod Rayimboyevning otasi Umarbek Karimov. – Chunki ana shunday olis qishloqda istiqomat qiluvchi biz kabi oddiy oilaning farzandi yoshligidan san’atga qiziqib, bugungi e’tiroflarga sazovor bo‘layotgani mamlakatimizda har kim mehr va e’tiborda ekanligidan dalolat beradi. Davlatimiz rahbari oldida o‘g‘limning qo‘shiq ijro etgani nafaqat oilamiz, balki Yangibozor tumanidagi “Toza Do‘rman” qishlog‘idagilar uchun ham bir umrga esda qoladigan quvonchli voqea bo‘ldi. Kichik mehnatimizga berilgan ushbu mukofot uchun oilamiz nomidan chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Musiqa va san’at maktabining 4-sinfida tahsil olayotgan Otamurod Rayimboyev hozirda ustozlaridan milliy musiqa sirlaridan olgan saboqlarini o‘rganmoqda. U ko‘rsatayotgan natijalar nafaqat uning, balki unga ta’lim-tarbiya berayotgan o‘qituvchi-ustozlarining ham yutug‘idir.
– Bu o‘quvchimiz maktabimizga kelganida “Xalq cholg‘usi” bo‘limining “Qashqar rubobi” sinfiga qabul qilingan, – deydi o‘qituvchisi Oybek Otayev. – Bir yildan buyon an’anaviy ijro bilan ham shug‘ullanishni boshladi. Mana natijasini ko‘rib turibmiz. Komiljon Otaniyozovning “Mustahzod” qo‘shig‘ini uchrashuvda jonli tarzda ijro etganidan men ham ancha xavotirlandim. Chunki ustozlarning yo‘nalishida bu yoshda kuylashning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun ovoz ham, mahorat ham yetarli bo‘lishi kerak. Otamurod esa buni uddalaganidan xursand bo‘ldim.
[gallery-27895]
Xorazm azaldan ilm-fan va san’at markazlaridan biri bo‘lgan. Bugun ana shu sharafli an’ananing munosib davomchilari yetishib chiqayotgani barchani quvontirmoqda.
– Muhtaram Prezidentimiz Xorazmga qilgan tashriflaridan birida Urganch tumanidagi 11-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga ham kelib, o‘quvchilar, o‘qituvchilar hamda san’atkorlar bilan samimiy uchrashuv o‘tkazgan edi, – deydi O‘zbekiston xalq artisti G‘ulomjon Eshchonov. – O‘shanda davlatimiz rahbari: “Men shu dargohdan Komiljon Otaniyozov, Otajon Xudoyshukurov kabi san’at darg‘alari yetishib chiqishiga ishonaman!” – deb ta’kidlagan edilar. Shogirdimiz Otamurodning Prezidentimiz e’tiboriga tushgani va bugungi kunda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, shubhasiz, uning kelgusida buyuk ustozlarimiz izidan borib, milliy san’atimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishiga mustahkam zamin yaratadi.
Otamurod Rayimboyev kabi yosh iste’dod sohiblarining qo‘llab-quvvatlanishi mamlakatimizda yosh avlodning ijodkorligini oshirishga hamda san’at sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini yanada orttirishga xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (curat), O‘zA muxbirlari