Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanida otaliqqa olingan yoshlar o‘rtasida sportning mini-futbol turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Tuman hokimligi, prokuraturasi, ichki ishlar bo‘limi, yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi va boshqa hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan bellashuvda tuman hokimi A.Allamuradov mamlakatimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratib, huquqbuzarliklarning oldini olish, odamlarning osuda, to‘kin turmush kechirishi uchun barcha sharoitlarni yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha so‘z yuritdi.


Tumanda o‘tkazilayotgan “Ijtimoiy profilaktika haftaligi” doirasida tashkil etilgan mazkur musobaqa ham uyushmagan yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgani bilan barchada katta qiziqish uyg‘otdi.


Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘lgan bellashuv yakunida g‘olib jamoalarga tashkilotchilarning diplom, esdalik sovg‘alari, sport anjomlari topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA