Yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir yosh davlatimizning e’tiborida ekanligini doimo his etishi kerak. Farg‘onada bo‘lib o‘tgan otaliqqa olingan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yagona yondashuvning namunaviy tajribasini shakllantirishga qaratilgan yoshlar forumida ana shu jihatlarga e’tibor qaratildi.
Ikki kun davomida ishtirokchilar viloyatda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi, o‘zaro tajriba almashishdi.
Prezidentimiz raisligida 2024-yil 12-yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida yoshlar masalasiga alohida to‘xtalib, huquq-tartibot va mudofaa organlariga 4 million yoshlarni biriktirib, ularni otaliqqa olish hamda yoshlar bilan manzilli ishlash tizimini tashkil etish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berildi. Mazkur yoshlarga huquq-tartibot va mudofaa organlarining hududlardagi 18 ming 105 nafar mas’uli biriktirib chiqildi. Ular tomonidan 2,9 million nafar yosh bilan “xonadonbay”, onlayn suhbatlar o‘tkazilib, aniqlangan 179 ming 813 ta muammosini hal etish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari tasdiqlandi. 22 ming 109 nafarining ijtimoiy va maishiy muammolari “mahalla yettiligi” hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida hal etildi. Biriktirilgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha hududlarda tashkil etilgan tadbirlar orqali 2 million nafar yoshlar jalb etildi. Mahallalarda 4 ming 279 ta kichik kutubxona, kitob va ma’naviyat burchaklari tashkil etildi.
Qo‘qon shahridagi Temiryo‘lchilar madaniyat saroyidagi anjumanda Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar, Adliya, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, prokuratura, Yoshlar agentligi vakillari va boshqa mas’ul idora-tashkilotlarning yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish yo‘lidagi hamkorlik faoliyatini samarali tashkil etish masalalari muhokama etildi.
Dastlab Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov bu borada shaharda olib borilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi. Mas’ul idoralar vakillari ham so‘zga chiqib, turli yo‘nalishlarda ko‘zda tutilgan maqsad-rejalar, samarali ishlash uslublari xususida fikr-mulohazalar bildirdi.
Shahardagi “Obod”, “Noibko‘prigi”, “Nurafshon”, “G‘alchasoy”, “Toshkentliguzar” va “Urganjibog‘” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi yoshlarga huquq tartibot organlari hamda mudofaa organlarining mas’ul xodimlari biriktirilgan. Ular bu yerda namunali ishlarni tashkil qilmoqda.
Forum ishtirokchilariga har bir boshqarma vakillari o‘ziga biriktirilgan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlarini taqdimot qildi.
Qo‘qon shahri 2-sektorga qarashli “Urganjibog‘” mahalla fuqarolar yig‘iniga Qo‘qon shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi 5-YQQ boshlig‘i kapitan Mirjalol Ernazarov otaliqqa olingan yoshlar bilan ishlash uchun mas’ul etib biriktirilgan. U ishni dastlab mahalladagi 14-30 yosh oralig‘idagi yigit-qizlarning ro‘yxatini shakllantirishdan boshladi. 1 ming 128 nafar yoshlardan 329 tasi otaliqqa olingan bo‘lib, og‘ir toifadagi, jinoyatchilikka moyil, ishsiz va migratsiyadagi yoshlar aniqlab olindi. Bunga uyma-uy, xonadonbay o‘rganish, taftish qilish, anketa so‘rovnomalari orqali erishildi.
Shundan so‘ng otaliqqa olingan yoshlar bilan profilaktik suhbatlar olib borildi. Ularning qiziqishi, muammolari atroflicha o‘rganildi. Mavjud muammolarni bartaraf etish borasida mahalla yettiligi bilan faol ish olib borildi. Yoshlar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashildi, xorijda mehnat qilayotganlar bilan telefon orqali gaplashildi. Ularning ahvoli, yashash sharoiti o‘rganildi va huquqiy maslahatlar berildi.
Shuningdek, mahalladagi ishsiz yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlash masalasi hokim yordamchisi bilan birgalikda atroflicha o‘rganildi. Ular kasbga o‘qitish va tadbirkorlikka qiziqtirish bo‘yicha o‘quv markazlariga yo‘naltirildi. Tadbirkorlik istagida bo‘lgan yoshlarga imtiyozli kredit olishda ko‘maklashildi.
Maktab o‘quvchilari ongiga vatanparvarlik g‘oyalarini singdirish, kasbga qiziqtirish, til o‘rgatish bo‘yicha seminarlar va uchrashuvlar o‘tkazildi. Professional hamda oliy ta’limdagi yoshlar bilan ishlashda ularga biriktirilgan tyutorlar hamkorligi yaxshi natija berdi.
Qo‘qon shahridagi Toshkentli guzar mahallasi yoshlarini Milliy gvardiyaning shahar bo‘limi otaliqqa olgan edi. Forum doirasida shu mahallalik faol o‘quvchi Ozodbek O‘rinboyevga zamonaviy noutbuk sovg‘a qilindi.
– Kitob mutolaasi jon-u dilim. Milliy gvardiya xodimlari bilan suhbat chog‘ida noutbuk olish orzusida ekanimni aytgandim. Bugun men uchun quvonchli va unutilmas kun bo‘ldi. Bor bilimim va iqtidorimni vatanim taraqqiyoti uchun sarflashga tayyorman, – deydi Ozodbek.
Bir so‘z bilan aytganda, yoshlarning muammolari bosqichma-bosqich o‘z yechimini topmoqda, iqtidorli yoshlar rag‘batlantirilmoqda, ularga turli yo‘nalishlarda ko‘maklashilmoqda. Bularning barchasi ular qalbida vatanparvarlik, yurtga sadoqat tuyg‘ularining kamol topishiga zamin yaratishga xizmat qiladi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri