Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Otaliqqa olingan yoshlar harbiylar huzurida
15:55 / 2024-11-01

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining Hayrabod garnizonidagi harbiy qismda Denov tumanida otaliqqa olingan yoshlar bilan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

Denov tumani yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda tumandagi birinchi sektorga biriktirilgan yoshlar ishtirok etdi.  

Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda harbiy qism komandirining birinchi o‘rinbosari, shtab boshlig‘i, podpolkovnik Anvar Jomov mamlakatimizda ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom, Vatanga sodiq farzandlarni tarbiyalab, kamolga yetkazish yuzasidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Keyingi yillarda yosh avlodni harbiy qismlar va zamonaviy texnika, qurol-aslahalar bilan bolalikdan tanishtirishning mazmun-mohiyati, Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli kasbni tanlayotgan yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida fikr almashdi. Oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, muddatli harbiy xizmatni o‘tash tartib-taomillari tushuntirildi. Yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.  

– Ko‘p yillardan buyon harbiy sohaga intilishim baland, – deydi tumandagi 75-maktab o‘quvchisi Abdulaziz Berdirasulov. – Harbiy libosda yurgan akalarimga juda havas qilaman. Bugungi uchrashuvdan foydalanib, harbiy bilim yurtlariga kirish imtihonlari haqida o‘zimni qiziqtirib kelayotgan savolga javob oldim. Bu mening o‘qishga yanada puxta tayyorgarlik ko‘rishimda yordam beradi.  

– Uchrashuvda harbiylarimizdan qizlarga merganlik sirlarini o‘rgatadigan o‘qishlar tashkil etish taklifini ilgari surdim, – deydi 81-maktab o‘quvchisi Umida Bahodirova. – Bu fikrim qo‘llab-quvvatlanganidan juda xursandman.  

Tadbir tashkilotchilarining ta’kidlashicha, harbiy qismda tashkil etilgan mazkur uchrashuv ham o‘g‘il-qizlarni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga ko‘maklashib, xalq va armiya yakdilligini yanada mustahkamlaydi. Yoshlarning Ona Vatan, tinch, to‘kin hayot va farovon turmush haqidagi tasavvurlarini boyitishga xizmat qiladi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri