Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish hamda ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada oshirish maqsadida Majburiy ijro byurosi tomonidan tizimli ishlar tashkil qilinmoqda.
Majburiy ijro byurosining markaziy apparati va viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilayotgan «Aliment undiruvi dolzarb 10 kunligi» doirasida Farg‘ona shaharida ommaviy sayyor qabul va mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda respublika markaziy apparati, viloyat boshqarmasi va shahar bo‘limining vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida aliment to‘lash majburiyatini olgan qarzdorlar bilan suhbatlar o‘tkazildi. Natijada ajrim yoqasiga kelib qolgan 17 ta oila yarashtirildi, 23 nafardan ortiq voyaga yetmagan farzand o‘z ota-onasi bag‘riga qaytarildi.
Shuningdek, 137 nafar otalik majburiyatini bajarmay, aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgan otadan ijro hujjatlari bo‘yicha 241,9 mln. so‘m aliment pullari undirildi hamda kelgusida aliment pullari belgilangan muddatda to‘lanmagan taqdirda qonunda belgilangan choralar ko‘rilishi haqida qat’iy ogohlantirilishlar berildi.
Sayyor qabul davomida jami 37 nafar fuqaroning murojaati qabul qilindi. 31 ta murojaat joyida hal etildi. Murojaatchilarning 4 nafariga huquqiy tushuntirish berildi. 2 nafar fuqaroning murojaati qo‘shimcha o‘rganish talab etilganligi sabab ko‘rib chiqish uchun muddat berildi.
«Mehnat yarmarkasi»da Farg‘ona shahrida faoliyat yuritayotgan 30ga yaqin korxona va tashkilotlar bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi.
22 nafar qarzdor ishga joylashtirildi va aliment undiruvi qarzdorlarning oylik ish haqlariga qaratildi.
O‘zA