French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Otabek Umarov Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti etib saylandi
22:15 / 2020-12-15

Shu kunlarda O‘monning Maskat shahri Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK)ning navbatdagi Bosh Assambleyasiga mezbonlik qilmoqda.

Assambleyadan bir kun avval an’anaga ko‘ra 74-Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilot rahbariyatining yangi tarkibi va Ijroiya qo‘mitasiga a’zolar saylandi.

OOK Konstitutsiyasiga ko‘ra (qoidalarni qo‘llash, 71- va 76-moddalariga asosan) 5ta yirik kompleks musobaqalarga mezbonlik qiluvchi mamlakatlar OOK vitse-prezidenti lavozimiga o‘z nomzodini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lishi qayd etilgan.

Shunga muvofiq, O‘zbekiston 2025 yilgi IV yoshlar Osiyo o‘yinlarini qabul qilishi tufayli birinchi marta o‘z vakilini OOK rahbariyatiga nomzod sifatida taklif etish imkoniga ega bo‘ldi.

Mazkur anjumanning biz uchun e’tiborli jihati, OOK vitse-prezidentligiga nomzodlar qatorida hamyurtimiz, Markaziy Osiyo MMA Konfederatsiyasi rahbari Otabek Umarov ham bor edi.

Bugun bo‘lib o‘tgan OOK Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida Otabek Umarov nomzodi bir ovozdan ma’qullandi va hamyurtimiz tashkilot vitse-prezidenti etib rasman saylandi.

“Avvalambor, menga bildirilgan yuksak ishonch uchun barchaga minnatdorlik bildiraman. Bunday nufuzli tashkilotda mamlakatimiz manfaatlarini himoya qilish, qit’ada olimpiya harakatini rivojlantirishga hissa qo‘shish men uchun sharaf. 

Toshkentda o‘tadigan 2025 yilgi IV yoshlar Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish Yangi O‘zbekiston uchun jahon hamjamiyati oldidagi jiddiy sinovlardan biri. Hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkil qilishga bor kuch va g‘ayratimizni ishga solamiz”, – dedi Otabek Umarov.

Ertaga, 16 dekabr kuni Maskatda Osiyo Olimpiya kengashining Bosh Assambleyasi yig‘ilishi o‘tkaziladi. Unda Otabek Umarov rasman OOK vitse-prezidenti sifatida ishtirok etadi. Yanada ahamiyatlisi, Assambleya doirasida OOK va O‘zbekiston tomoni o‘rtasida 2025 yil yoshlar Osiyo o‘yinlarini Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha shartnoma imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi.

OOK Bosh Assambleyasi yig‘ilishida O‘zbekiston nomidan Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Toshkent-2025 IV yoshlar Osiyo o‘yinlari direksiyasi direktori Oybek Kasimov va boshqalar ishtirok etishmoqda.

O‘zA