Otabek Shukurov jamoasining g‘alabasiga hissa qo‘shdi
Futbol bo‘yicha Birashgan Arab Amirliklari chempionatining 10-turi doirasida «Bani Yas» jamoasi «Al-Dafra» klubiga qarshi safarda o‘yin o‘tkazib, 2:0 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Bellashuvning 21-daqiqasida Leonel Bamba hisobni ochgan bo‘lsa, 57-daqiqada Saviur Godvin raqib darvozasiga ikkinchi to‘pni joylab qo‘ydi. Qayd etish joizki, mazkur golga O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi va jamoa yetakchilaridan biri hisoblangan Otabek Shukurov assistentlik qildi. Yana bir hamyurtimiz Akmal Mozgovoy uchrashuvning 68-daqiqasida maydonga tushdi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro milliy terma jamoa futbolchilarining o‘yinini kuzatish maqsadida BAAga tashrif buyurdi. Darvoqe, F.Kannavaro bundan avval himoyachimiz Abdulla Abdullayev to‘p tepadigan "Dibba Al Fujayra" jamoasining "Al Vasl"ga qarshi uchrashuvini bevosita stadiondan tomosha qilgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA