Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Otabek Po‘latov: “Prezidentimiz ishonchini albatta, oqlaymiz”
16:59 / 2023-03-01

Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan tanishish maqsadida davlatimiz rahbari joriy yil 10 fevral kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. Viloyat sanoati taraqqiyotida muhim o‘rin tutadigan yangi loyihalar bilan tanishib, 3 ta yangi korxonani onlayn tarzda ishga tushirdi.

Jizzax sanoat zonasidagi “Super medical elements” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston – Turkiya qo‘shma korxonasi ana shulardan biridir.

Ushbu qo‘shma korxonani tashkil etish uchun 5 million AQSH dollarilik xorijiy investitsiya kiritildi. Bu yerda yiliga 40 turdagi tibbiyot karseti va bandash buyumlari ishlab chiqariladi. Eng so‘ngi rusumdagi xorij texnologiyalari o‘rnatilgan korxonada ishchilarning samarali ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.  

– Qo‘shma korxonamiz tashkil etilishi hisobiga 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi, – deydi “Super medical elements” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston – Turkiya qo‘shma korxonasi direktori Otabek Po‘latov. – Bu yerda asosan xotin-qizlar to‘qishsh-tikish, butlash va qadoqlash sexlarida mehnat qilmoqda, Ishga qabul qilinganlar Jizzax viloyati bandlik bosh boshqarmasi tavsiyasi bilan kasbga o‘qitish o‘quv markazlarida o‘qitilgan bo‘lib, ular asosan “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turgan ishsiz xotin-qizlardir.  

Ushbu mashinalarga tayyor xomashyoni o‘rnatish, mashinalarni bir maromda ishlashini, texnik holatini nazorat qilib borish, moylash ishlari Turkiyada o‘qitilib, malaka oshirgan xodimlar, qadoqlangan tayyor mahsulotlarni yuklash ishlari esa mahalliy yoshlar tomonidan bajariladi.

[gallery-10766]

Korxona mutaxassislarining ta’kidlashicha, ushbu mahsulotlar uchun zarur xomashyoning 90 foizi xorijdan, 10 foizi o‘zimizdan olinar ekan. Korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga ishlatiladigan ushbu xomashyoni mahalliylashtirishga alohida e’tibor qaratilayotir.  

Korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar talab yuqori bo‘lganligi uchun hozircha ichki bozorga yetkazib berilmoqda. Lekin qo‘shma korxonada tayyorlangan mahsulotlarning asosiy qismini xorijga eksport qilish rejalashtirilgan.

– Hozirda Markaziy Osiyo davlatlari bilan shartnomalar tuzildi va tez kunlarda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar bilan ham shartnomalar imzolanadi, – deydi korxona direktori. – Bulardan tashqari, janubiy va sharqiy Osiyo davlatlari ham mahsulotimizga qiziqish bildirmoqda. Yaqin kelajakda ushbu davlatlar bilan ham shartnoma imzolanib, buyurtmalariga ko‘ra kerakli mahsulotlarni ishlab chiqarib berishni maqsad qilganmiz. Bu esa o‘z navbatida mahsulot ishlab chiqarish turi va miqdorini oshirishni va o‘z navbatida yana qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishini talab qiladi.  

Hozircha, “Super medical elements” MCHJ shaklidagi O‘zbekiston – Turkiya qo‘shma korxonasida 21 turdagi eng sifatli tibbiyot karseti va bandash buyumlari ishlab chiqarilmoqda.

– Ayni paytda ish bir smenada olib borilib, xodimlarimizning unumli mehnat qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jamoamiz a’zolarining dam olishi, issiq ovqat, maxsus kiyim-bosh, ishga kelib ketishlari uchun maxsus transport vositasi bilan ta’minlaganmiz, – deydi Otabek Po‘latov. – Yaqin vaqtda, xorijiy davlatlar bilan tuzilgan shartnomalar rasman tasdiqlanib, buyurtmalar ortishi bilan ish o‘rinlari sonini ko‘paytirib, ishni 2 smenada tashkil etishni maqsad qilganmiz. To‘g‘ri, korxonamiz unchalik katta emas. Ammo talab va mas’uliyat ulkan. Korxonamiz a’zolari bilan Prezidentimiz tomonidan bizga bildirilgan ishonchni albatta, oqlaymiz.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA