Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ota voyaga yetmagan ikki farzandi uchun 4 ming AQSH dollari miqdorida aliment pulini to‘lab berdi
17:43 / 2021-01-04

Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi, uning shahar, tuman bo‘limlari tomonidan aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash, xususan, aliment to‘lovchi otalarga bu boradagi mas’uliyat va burchlarini tushuntirish bo‘yicha zarur targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 oktyabrdagi “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (T) ilovasining 9-bandida alimentlarni besh yildan kam bo‘lmagan muddat uchun oldindan to‘lash mumkinligi tartibi belgilangan.

Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan aliment to‘lovchi fuqarolarga mazkur hujjatning mazmun-mohiyati tushuntirib borilmoqda. Natijada, o‘tgan 2020 yil davomida o‘nlab fuqarolar farzandlari voyaga yetgunga qadar hisoblangan aliment pullarini oldindan to‘lab berdi.

Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan, qarzdor A.Alimovdan sobiq turmush o‘rtog‘i D.Yakubova foydasiga voyaga yetmagan ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun har oy topgan daromadining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.

Bo‘lim xodimlarining tushuntirishlari natijasida qarzdor A.Alimov ikki nafar farzandi ta’minoti uchun ular voyaga yetgunga qadar hisoblangan aliment pullarini oldindan 4 ming AQSH dollari ko‘rinishida to‘lab berdi.

Farzand ta’minoti uchun moddiy yordam ko‘rsatish har bir otaning ham insoniy, ham qonuniy burchi hisoblanadi. Buni anglagan otalar zimmalaridagi mas’uliyatni ado etib, aliment pullarini o‘z vaqtida, hatto, oldindan to‘lab berayotganligi e’tiborga molik.

F.UBAYDULLAEV, O‘zA