Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ota-onasiz norasidalarning aslo aybi yo‘q
11:51 / 2021-08-13

Yangi qaror

Diyora   yosh turmushga chiqdi. 18 yoshida ona bo‘ldi.Balki g‘o‘rligi sabablidir, turmushi “o‘xshamadi”.Qizi Muslimani olib ota uyiga qaytdi. Afsus,hayot beshafqat.Diyora  21 yoshida avtohalokat sabab bu yorug‘ olam bilan xayrlashdi.Taqdir zarbalari 3 yoshli Muslimaning boshida aylana boshladi. Garchi qonunda ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majbur ekanligi belgilab qo‘yilgan bo‘lsada,Muslimaning  otasi farzand uchun aliment berishdan bosh tortdi. Hech qayerda ishlamaydigan buvi ilojsiz qizidan qolgan yolg‘iz yodgorni Mehribonlik uyiga topshirishga majbur bo‘ldi...

Tadqiqotlarga ko‘ra, Mehribonlik uylari bitiruvchilarining to‘satdan katta hayotga moslashishi qiyin kechadi. Ularning ijtimoiy yakkalanib, uysiz va ishsiz bo‘lib qolishi jinoyatchiga aylanishi, ruhiy salomatligining buzilishi va, hattoki, o‘z joniga qasd qilishigacha borishi mumkin.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Xalq ta’limi vazirligiga qarashli 17 ta Mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar shaharchasida 2 ming 47 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmaganlar tarbiyalanmoqda. Ayni paytda ulardan 316 nafari chin yetim, 506 nafarining otasi yoki onasi bor. 770 nafar bola otalik va onalik huquqidan mahrum etilganlarning farzandlaridir. 235 nafar kam ta’minlangan oila farzandi Mehribonlik uylarida yashamoqda. Achinarlisi, ularning otasi ham, onasi ham bor.

Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj, og‘ir sharoitlarda yashovchi, daromadi kam oilalar davlat himoyasiga olinishi siyosat darajasiga ko‘tarilgan. Davlatimiz rahbari tomonidan joriy 28 iyul kuni kam ta’minlangan oilalar hamda Mehribonlik uylarida istiqomat qiluvchi bolalarni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Prezident so‘zi avvalida bugungi yig‘ilishda ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalarni belgilab olish zarurligini qayd etdi.

–Albatta, har bir go‘dak bu yorug‘ dunyoga kelar ekan, unga hamma ota-onasi bag‘rida yayrab o‘ssin, baxtli-saodatli bo‘lsin, deb tilak bildiradi, –deydi Yurtboshimiz.– Lekin taqdir taqozosi bilan ularning ayrimlari ota-ona mehridan benasib qoladi. Bunday holatda bu norasida bolalarning aslo aybi yo‘q ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz, albatta. Lekin bir o‘zimizga savol beraylik, ushbu mehrga muhtoj bolalar g‘amxo‘rlikni to‘liq his qilayaptimi? Afsuski, yo‘q.  Yunusoboddagi 21-son Mehribonlik uyiga borganimda, na sohaga mas’ul vazirlik, na hudud sektor rahbarlari bu yerdagi muhit va sharoit bilan ishlamagani ayon bo‘ldi.

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish, ularning barkamol avlod sifatida shakllanishi hamda ijtimoiy moslashuvini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlatimiz rahbarining 2021 yil 11 avgustda “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.

–Mazkur hujjat ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning hayotida shubhasiz tub burilish yasaydi, –deydi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga qarashli A.P.Xlebushkina nomidagi 22-Mehribonlik uyi direktori  Shahri Berdiyeva.- Hadisi sharifda: «Musulmon oilalarning eng yaxshisi yetimga yaxshilik qiluvchisidir, eng yomoni esa, yetimga yomonlik qiluvchisidir» deyilgan. A.P.Xlebushkina nomidagi 22-Mehribonlik uyida 100 dan ortiq tarbiyalanuvchi bor.Bu  100 xil taqdir, 100 xil fe’l -atvor degani. Taqdir zarbasidan jarohatlangan norasidalar har kuni, har daqiqa mehrga muhtoj. bugungi kunda Mehribonlik uyida milliy kurash, boks, tikuvchilik, pazandachilik, futbol, musiqa, stol tennisi kabi  17 turdagi  to‘garaklar faoliyat olib boradi. Qisqa qilib aytganda, tarbiyalanuvchilarning vaqtlarini unumli o‘tkazishi uchun barcha sharoit  yaratilgan. Ammo balog‘at ostonasiga yetganda har-bir o‘spirinda o‘tmishida olgan “travmalar” o‘z asoratlarini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Mazkur Mehribonlik uyida 7-8 sinf, balog‘at yoshidagi o‘g‘il-qizlar alohida bo‘limga olinadi.Shundan sinovli kunlarda ularning otasi ham, onasi ham, yaqini ham davlat bo‘ladi. A.P.Xlebushkina 53 yil Z7 millat bolasiga onalik qildi.1942 yil Rossiyaning urush bo‘layotgan shaharlaridan ota-onasi vafot etgan bolalar O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan.O‘zbekistonda “Yosh o‘lkashunoslar” nomli markaz tarkibida mazkur 22-Mehribonlik uyi tashkil qilingan. 1942 yildan 1996 yilga qadar A.P.Xlebushkina Mehribonlik uyiga rahbarlik qilgan.  

Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining  talab va istaklari hamisha davlatimiz rahbarining e’tiborida.Ular uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar bu maskanda kamol topayotgan bolalar qalbidan chuqur joy olib, kelajakka umid, ishonch bermoqda. Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida 2021 yil 15 avgustdan boshlab ularni uy-joy bilan ta’minlash, o‘zlariga biriktirilgan turar joyga ega bo‘lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi. Bunda mazkur toifaga kiruvchi nogironligi bo‘lgan bolalarga kvartiralar ko‘p qavatli uylarning uchinchi qavatigacha ajratiladi.

Zero, bu kabi sharoitlar qalbi o‘ksik bolajonlarning huquqlarini himoya qilishga, himoyalangan dunyoda yashash imkoniyatlariga, baxtli bolalikka ega bo‘lishiga va o‘z mamlakatining to‘la-to‘kis va xotirjam fuqarosi bo‘lib o‘sishiga xizmat qilishi, shubhasiz!

Muhayyo  Toshqorayeva, O‘zA