English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ota-onaning o‘z bolalariga aliment to‘lash majburiyati
16:41 / 2023-08-24

Jamiyat rivojlanishining bugungi darajasi bir qator murakkab ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bilan tavsiflanadi. Bunda oila a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro g‘amho‘rlik, bir – birini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro moddiy yordam ko‘rsatish kabi masalalar muhim ahamiyatga ega hisoblanadi va alohida dolzarblik kasb etadi.

Bugungi kunda iqtisodiy islohotlarning chuqurlashib borishi dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda bo‘lgani kabi, oila va nikoh institutining jiddiy o‘zgarishlarga uchrashiga hamda bu masalalarda kishilarning tasavvurlari turlicha ko‘rinish hosil qilishga olib kelmoqda. Global axborot maydonining kengayib borishi, turli xildagi qarashlar va yondashuvlarning kirib kelishi ta’sirida oilaviy qadriyatlar sohasida alohida huquqiy mexanizmlar va qoidalar yaratishni taqozo qilmoqda.  

Ota-onaning o‘z farzandlariga ular voyaga yetguniga qadar g‘amxo‘rlik qilishi, ularni moddiy tomondan ta’minlashi hamda ta’lim va tarbiya berishi o‘ziga axloqiy va huquqiy majburiyat sanaladi. Axloqiy nuqtai nazaridan ota-onaning o‘z farzandini voyaga yetguniga qadar boqib tarbiyalashi diniy insonparvarlik qadriyatlariga asoslansa, huquqiy jihatdan bu majburiyat qonunchilik darajasida mustahkamlangani bilan belgilanadi.  

Zero, dunyodagi barcha dinlar ham ota-ona o‘z farzandi voyaga yetguniga qadar unga g‘amxo‘rlik qilish lozimligini belgilaydi. Huquqiy jihatdan esa, ota-onaning farzandini moddiy ta’minlashi konstitutsiyaviy qoidalardan kelib chiqadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asosan ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar.  

Davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning ta’lim olishini, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlaydi, shu maqsadda xayriya faoliyatini rag‘batlantiradi.  

Ushbu qoidalar xalqaro huquqda ifoda etilgan normalardan kelib chiqadi. Jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 25-moddasi tirikchilik manbasini yo‘qotgan shaxsga moddiy yordam olish huquqini kafolatlaydi. Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa Konvensiyasining 8-moddasi oilaviy hayot huquqini tan oladi va nikohdan ajralish yoki nikoh bekor qilingan holatlarda davlatlarning alimentini ta’minlash majburiyatlarini belgilaydi.  

Fuqarolik taomillari to‘g‘risidagi Gaaga Konvensiyasida chet elda alimentni undirish va bu sohadagi davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi qoidalar mavjud. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasi 27-moddasi bolalarga yetarli turmush darajasi, shu jumladan ota-onadan moddiy yordam olish huquqini kafolatlaydi.  

Xalqaro Jinoyat sudining Rim statutida ba’zi hollarda aliment majburiyatlarini bajarmaslik insoniyatga qarshi jinoyat deb tan olinishi mumkin. Alimentni xalqaro undirish to‘g‘risidagi Gaaga Konvensiyasi chet elda alimentni undirishni soddalashtirish va tezlashtirish, xalqaro vaziyatlarda aliment to‘lash majburiyatlarining bajarilishini ta’minlashga qaratilgan.  

Ota-onalarning aliment majburiyatlari katta ijtimoiy va huquqiy ahamiyatga ega, chunki ular bolalarning moddiy va ijtimoiy farovonligini ta’minlashga qaratilgan hisoblanadi. Zero aliment majburiyatlari bolalarni ovqatlanish, uy-joy, ta’lim, tibbiy yordam va boshqa jihatlardagi asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun zarur moddiy resurslar bilan ta’minlaydi. Bu bolalarning sog‘lig‘iga, rivojlanishiga ijobiy hissa qo‘shadi va turmush kechirish uchun eng yaxshi sharoitlarni ta’minlaydi.  

Aliment to‘lovlari bolalarga hatto ota-onasi ajrashgan taqdirda ham barqarorlik va odatiy turmush darajasini saqlashga imkon beradi. Bu oilaviy vaziyatning o‘zgarishi bilan bog‘liq salbiy hissiy va psixologik oqibatlarni yumshatishga yordam beradi. Qolaversa, aliment mablag‘lari turli oilalardagi bolalarga taqqoslanadigan turmush darajasini saqlab qolish va ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa imkoniyatlardan foydalanish imkoniyatini beradi. Bu ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga yordam beradi va tenglikni ta’minlaydi.  

Bundan tashqari, aliment majburiyatlari, hatto nikoh va oilaviy munosabatlar buzilgan taqdirda ham, ota-onalarning farzandlari uchun javobgarlik mas’uliyatini saqlab qoladi. Bu bolalar va ota-onalar o‘rtasidagi sog‘lom va barqaror munosabatlarni saqlashga yordam beradi. Ajralish holatida ota-onalardan biri o‘zini yanada qiyin moliyaviy ahvolga solishi mumkin. Aliment barqarorlikni ta’minlashga va yolg‘iz ota-onalik yukini yengillashtirishga yordam beradi.  

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 99-moddasiga asosan ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga to‘laydigan aliment miqdori haqida aytadigan bo‘lsak, voyaga yetmagan bolalarga ota-ona tomonidan ta’minot uchun beriladigan aliment miqdori ular o‘rtasidagi kelishuvda belgilanadi. Agar ota-ona bu borada kelishuvga erisha olmagan bo‘lsalar, voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan belgilanadi. Bunda sud aliment miqdorini ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan quyidagicha belgilaydi:  

- bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi;  

- ikki bola uchun — uchdan bir qismi;  

- uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi.  

Amaldagi Oila kodeksi aliment miqdorini kamaytirish yoki ko‘paytirish mumkin bo‘lgan holatlar ro‘yxatini qat’iy belgilamaydi. Biroq buning uchun eng asosiy holat sifatida taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvoli belgilangan. Ya’ni, voyaga yetmagan bolaga aliment to‘laydigan ota (ona)ning moddiy ahvoli yaxshilanib, u ko‘proq ish haqi to‘lanadigan lavozimga o‘tgan bo‘lsa, aliment miqdori oylik ish haqiga proporsional tarzda oshadi. Aksincha, oylik ish haqi kamroq bo‘lgan lavozimga o‘tkazilganda, voyaga yetmagan bolalarga to‘lanadigan aliment miqdori kamaytirilishi mumkin.  

Ota (ona)ning oilaviy ahvoli o‘zgarishi, boshqa turmushidan farzandli bo‘lishini anglatadiki, bu holatda voyaga yetmagan bolaga to‘lanayotgan aliment miqdori o‘zgaradi va bunda ota (ona) bitta bolaga emas, balki ikki bola (uch yoki undan ortiq) uchun aliment to‘laydi.  

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 100-moddasi buyicha ota-ona nafaqat voyaga yetmagan bolalariga, balki voyaga yetgan bolalariga ham ta’minot berishi zarur. Muayyan shartlar mavjud bo‘lganda, ota-onadan ta’minot olish huquqi 18 yoshga to‘lgan bolalarga ham tegishli hisoblanadi. Qonunchilikka muvofiq, bunday shartlar voyaga yetgan bolaning mehnatga layoqatsizligi va yordamga muhtojligi hisoblanadi.  

O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunida mehnatga layoqatsizligi tufayli pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar xususidagi qoida belgilangan. Unga ko‘ra, ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar va ularning oilalari ushbu qonunga binoan davlat pensiyalari olish huquqiga ega emaslar. Ularning ijtimoiy ta’minlanish tartibini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilab qo‘yadi.  

O‘z ota-onasidan aliment olish huquqiga voyaga yetgan bolalar agar ular I va II guruh nogironi sifatida e’tirof etilgan bo‘lsalar haqli hisoblanadilar. III guruh nogironi bo‘lgan voyaga yetgan bolalar sud tomonidan aniq vaziyatlar belgilanganidan so‘ng aliment olish huquqiga ega bo‘ladi.  

III guruh nogironi bo‘lgan voyaga yetgan bolalarga aliment to‘lash uchun asos bo‘lib, ularning mehnatga layoqatsizligi hisoblanadi.  

Mehnatga layoqatsizlar jumlasiga umumiy qoidaga ko‘ra 55 yoshga to‘lgan ayollar va 60 yoshli erkaklar kiradi. Shu bois, nazariy jihatdan ota-onadan  aliment olish huquqiga mazkur yosh kategoriyasidagi fuqarolar ham kiradi, biroq amaliyotda bunday holat uchrashi kuzatilmaydi.  

Yordamga muhtojlik – voyaga yetgan bolaning o‘z ota-onasidan aliment to‘lanishini talab qilish huquqini beruvchi ikkinchi majburiy shart hisoblanadi. Amaldagi qonunchilik “yordamga muhtojlik” tushunchasini ifodalamaydi. Biroq sud ushbu kategoriyani aniqlashda har bir aniq vaziyatdan kelib chiqib qaror chiqaradi. Bunda voyaga yetgan bolaning daromadi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 39-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan “rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lganda”, unga ota-ona tomonidan aliment berilishi asosli hisoblanadi.  

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 101-moddasi buyicha ota-onaning voyaga yetgan bolalariga to‘laydigan aliment miqdori agar voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar va ularning ota-onasi o‘rtasida ularga aliment to‘lash haqida kelishuvga erishilmasa, aliment miqdori sud tomonidan ota-onaning oilaviy va moddiy ahvoli hisobga olinib, har oyda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanadi.  

Mazkur holatda taraflarning moddiy ahvoli aliment to‘lanishi va uning miqdori belgilashning asosiy sharti sifatida uni rad etish uchun ahamiyat kasb etmaydi, biroq agar aliment to‘lashga majbur taraf (ota (ona))ning o‘zi yashash uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lmagan holda aliment miqdori kamaytirilishi mumkin, xolos.  

Oila kodeksining 103-moddasiga asosan bolalarning ta’minoti uchun qilinadigan qo‘shimcha xarajatlar masalalarida shuni aytish mumkinki, ota-ona nafaqat bolalarni moddiy ta’minlanishi yoki buning uchun aliment berishi lozim, balki bolalar ta’minoti uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirishi lozim bo‘ladi.  

Bunday holatlar qonunchilikda “favqulodda holatlar” sifatida baholanadi. “Favqulodda holatlar” kategoriyasi oila qonunchiligida fuqarolik qonunchiligidagi “favqulodda vaziyatlar” kategoriyasidan farq qilishini qayd etish lozim. Sharhlanayotgan moddada ota-ona favqulodda holatlarda bolaning ta’minoti uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishi shartligi belgilangan. Bunda favqulodda holatlar jumlasiga bolaning og‘ir shikastlanishi, kasal bo‘lishi va boshqalar kiritilgan. Masalan, bola kasal bo‘lib qolganda uning sog‘lig‘ini tiklash va parvarish qilish uchun ketgan summa hamda bolaning davolanishi uchun zarur bo‘lgan dori-darmon xarajatlari ota-ona o‘rtasida teng taqsimlanishi zarur.  

Qoidaga ko‘ra, bolalarning ta’minoti uchun qo‘shimcha xarajatlar ota-ona tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi zarur. Agar ota yoki ona bunday xarajatlarni amalga oshirishdan bosh tortsa, sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qo‘shimcha xarajatlarni qisman pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqaradi. Pul bilan to‘lanadigan qat’iy summa miqdori sud tomonidan ish materiallari o‘rganib chiqilib, bolaning sog‘lig‘ini tiklash uchun qilinishi lozim bo‘lgan xarajatlar, maxsus parvarishda bo‘lishi va dori-darmonlar uchun ketadigan summadan kelib chiqib belgilanadi.  

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Oila kodeksining 129-moddasida taraflarning o‘zaro ixtiyoriy kelishuvi asosida aliment miqdori va uni to‘lash tartibini nazarda tutuvchi normani kiritish maqsadga muvofiq deb o‘ylayman.  

Zero, ota-onalarning aliment majburiyatlarini takomillashtirish kompleks yondashuvni, shu jumladan huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy va tarbiyaviy tadbirlarni talab qiladi. Bu bolalar manfaatlarini himoya qilishga va jamiyatda adolatni rivojlantirishga yordam beradi.  

 

Bahromjon TOPILDIEV,  

Toshkent davlat yuridik universiteti  

“Fuqarolik huquqi” kafedrasi professori,  

Yuridik fanlari doktori  

O‘zA