Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ota-onangga itoat qil
17:32 / 2019-11-11

Abu Dardodan rivoyat qilinadi:


9-bob. Ma’siyat bo‘lmasa, ota-onasiga yaxshilik qilaveradi (surat tagiga qo‘ying)

18 - عَنْ أَبِي الدَّرْدَاءِ قَالَ: أَوْصَانِي رَسُولُ اللهِrبِتِسْعٍ:«لَا تُشْرِكْ بِاللهِ شَيْئًا وَإِنْ قُطِّعْتَ أَوْ حُرِّقْتَ. وَلَا تَتْرُكَنَّ الصَّلَاةَ الْمَكْتُوبَةَ مُتَعَمِّدًا، وَمَنْ تَرَكَهَا مُتَعَمِّدًا بُرِئَتْ مِنْهُ الذِّمَّةُ. وَلَا تَشْرَبَنَّ الْخَمْرَ؛ فَإِنَّهَا مِفْتَاحُ كُلِّ شَرٍّ. وَأَطِعْ وَالِدَيْكَ وَإِنْ أَمَرَاكَ أَنْ تَخْرُجَ مِنْ دُنْيَاكَ، فَاخْرُجْ لَهُمَا. وَلَا تُنَازِعَنَّ وُلَاةَ الْأَمْرِ، وَإِنْ رَأَيْتَ أَنَّكَ أَنْتَ. وَلَا تَفْرِرْ مِنَ الزَّحْفِ، وَإِنْ هَلَكْتَ وَفَرَّ أَصْحَابُكَ. وَأَنْفِقْ مِنْ طَوْلِكَ عَلَى أَهْلِكَ. وَلَا تَرْفَعْ عَصَاكَ عَلى أَهْلِكَ، وَأَخِفْهُمْ فِي اللهِ عَزَّ وَجَلَّ».

18. Abu Dardodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga to‘qqiz narsani vasiyat qildilar:

«Allohga shirk keltirma, agar qiyma-qiyma qilib tashlansang ham, o‘tga solib yoqilsang ham.

Farz namozni qasddan tark qilma. Kim farz namozni qasddan tark qilsa, unda Allohning zimmasi qolmaydi.

Xamr (aroq) ichma, chunki xamr barcha yomonliklarning kalitidir.

Ota-onangga itoat qil. Agar ular sening bu dunyodan chiqib ketishini buyursalar ham ular uchun chiq.

Ishboshilar bilan mansab talashma, garchi o‘sha mansabga o‘zingni loyiq deb bilsang ham.

Jang paytida dushmandan qochma, garchi halok bo‘lsang ham, sheriklaring qochib ketsa ham.

Topganingdan ahlingga infoq qil.

Ahling boshiga asoingni ko‘tarma.

Va ularni Alloh azza va jalladan qo‘rqit».

Sharh:Ushbu hadisi sharifda hozirgi kunimizdagi juda kerakli narsalar zikr qilingan. Bularning hammasiga e’tibor berishimiz kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Abu Dardo roziyallohu anhuga qilgan vasiyatlari barchamiz uchun qilingan vasiyatlardir. Keling, ushbu muborak vasiyatlarga bir nazar tashlab chiqaylik.

1. «Allohga shirk keltirma, agar qiyma-qiyma qilib tashlansang ham, o‘tga solib yoqilsang ham».

Dunyoda Alloh taologa shirk keltirishdan katta gunoh yo‘qligi hammamizga ma’lum. Shuning uchun mo‘min-musulmon banda shirkka yaqinlashishi zinhor va zinhor mumkin emas. Albatta, qiymalab tashlansa ham, o‘tga solib yoqilsa ham keltirib bo‘lmaydigan shirk qalb ila bo‘ladigan shirkdir. Qalbida iymon sobit bo‘la turib, o‘limdan qutulish uchun tilida shirk keltirishga Alloh taoloning O‘zi ruxsat bergan.

U zot Nahl surasida aytadi:

«Kim iymondan so‘ng Allohga kufr keltirsa, – qalbi iymon ila orom topa turib, zo‘rlanganlar bundan mustasno, – kim ko‘ksini kufrga ochsa, bas, ularga Allohdan g‘azab bor. Ularga ulkan azob bor»(106-oyat).

Mushriklar sahobalardan Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va u kishining otalari Yosir roziyallohu anhu hamda onalari Sumayya roziyallohu anhoni ham tutib kelib, dindan qaytarish uchun qattiq azobladilar.

Ular azoblarga bardosh berib, iymonlaridan qaytishga ko‘nmadilar. Sumayya roziyallohu anhoning ikki oyoqlarini qoziqqa bog‘lab, avrat joylariga nayza sanchdilar. So‘ngra mushriklar Ammorning otasi Yosir roziyallohu anhuni ham o‘ldirishdi.

Bu ikki ulug‘ inson – er-xotin Islom yo‘lida, iymon uchun birinchi shahid bo‘lish sharafiga erishdilar. Ammorning ko‘z o‘ngida ham onasini, ham otasini o‘ldirgan mushriklar uni ham o‘ldirishga qasd qilganlarida uning og‘zidan kofirlarni rozi etadigan gap chiqdi.Shundan so‘ng mushriklar uni o‘ldirishmadi. Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:

«Ey Allohning Rasuli, Ammor murtad bo‘ldi», deyishdi.

Bunga javoban Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Yo‘q! Ammor boshidan tovonigacha iymonga to‘liqdir. Iymon uning etiga ham, qoniga ham singib ketgandir», dedilar. So‘ng yuqoridagi oyat nozil bo‘ldi.

2. «Farz namozni qasddan tark qilma. Kim farz namozni qasddan tark qilsa, unda Allohning zimmasi qolmaydi».

Zotan, namoz dinning ustunidir. Namoz kalimai shahodatdan keyingi eng ulug‘ farz hisoblanadi.U bandasi Allohning son-sanoqsiz ne’matlariga shukr keltirishi uchun shariatga kiritilgan bo‘lib, uning diniy, tarbiyaviy, shaxsiy, sihhiy, ijtimoiy va boshqa qator foydalari ham bordir.

Avvalo, namoz bandaning Alloh taolo bilan bog‘lanish vositasidir. Unda banda Alloh taolo bilan yolg‘iz qolib, U Zotga munojot qiladi, barcha dardlarini to‘kib solib, ruhiy-ma’naviy lazzat oladi.

Bu dunyoda hayot kechirayotgan odamning o‘ziga yarasha dardu hasratlari bo‘ladi. Ularni boshqa odamlarga aytsa, yordam ololmasligi mumkin. Qolaversa, ular sirini boshqalarga fosh qilib, dard ustiga chipqon bo‘lishadi. Dard-hasrat Alloh taologa aytilganda esa Alloh taolo yordam beradi va sirni fosh qilmaydi. Eng ozi – banda dardini to‘kib solib, huzur qiladi.

Namoz o‘qish bilan banda o‘zining barcha ishlarini Alloh taologa topshiradi. Banda o‘z namozi ila o‘ziga omonlik, xotirjamlik va najot tilaydi.

Ikkinchidan, namoz yutuqlar va najot yo‘lidir.

Namoz xato va gunohlarni yuvishning eng ishonchli yo‘lidir.

Namoz doimo o‘z egasiga ko‘plab shaxsiy foydalar keltiradi.

Namoz namozxonni Alloh taologa yaqin qiladi, uning irodasini mustahkamlaydi. Faqat Allohdangina izzat talab qilishga o‘rgatadi.

Namoz insonni bu dunyo matohlaridan o‘zini yuqori tutishga o‘rgatadi.

Namoz o‘z egasiga mislsiz nafsoniy rohat va ruhiy farog‘at bag‘ishlaydi.

Namoz o‘qiydigan odam g‘aflat uyqusidan qutulib, ushbu hayotdagi o‘z mas’uliyatini sidqidildan ado etadigan bo‘ladi.

Namoz kishiga intizomli bo‘lishni, hamma ishlarni tartibli ravishda yo‘lga qo‘yishni, vaqtni tejash va tartibga solishni o‘rgatadi.

Namozxon odam hilm, xotirjamlik, shoshilmaslik, viqor, sabr kabi ko‘plab shaxsiy sifatlarga ega bo‘ladi.

Namoz haqiqiy mo‘min-musulmon shaxsni yuksak insoniy fazilatlarga ega bo‘lishga, turli razolatlardan xoli bo‘lishga olib boradi.

Uchinchidan, namozning namozxonlar jamiyatiga keltiradigan foydalari ham juda ko‘p.

Ma’lumki, namozni masjidlarda jamoat bilan o‘qish afzaldir. Jamoat bilan namoz o‘qish namozxonlar orasidagi ijtimoiy aloqalarni mustahkamlaydi. Kuch jamoatda ekanini anglatadi. Ijtimoiy bog‘lanishni, hamkorlikni kuchaytiradi.

Jamoat namozi kishilar o‘rtasida tenglikni namoyish qiladigan muhim omildir. Namozda hamma, kim bo‘lishidan qat’inazar, bir joyda, bir safda turadi, bir xil amalni bajaradi va bir Allohga banda ekanini izhor etadi.

Jamoat namozi musulmonlarning saflari bir, gap-so‘zlari bir ekanini ko‘rsatadi.

Namozda jamoat shaklida imomga bo‘ysunish, bir maqsadga yo‘nalish ko‘rinishlari namoyon bo‘ladi.

Jamoat namozi orqali musulmonlar bir-birlari bilan tanishib, unsu ulfat orttiradilar, yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilishga odatlanadilar. Ular jamoat namozi tufayli bir-birlarining hollaridan xabar oladilar. Ichlarida bemor, mazlum, hojatmandlar chiqib qolsa, yordam beradilar.

Jamoat namozida qatnashuvchilar bir-birlariga yordam berish bilan birga, xatolarini ham tuzatadilar va jamiyatlari uchun kerakli boshqa ko‘plab ishlarni amalga oshiradilar.

Namoz musulmon kishini g‘ayrimusulmondan ajratib turuvchi asosiy belgidir. Shuning uchun ham namozxon odamni hamma hurmat qiladi, unga ishonadi, undan xotirjam bo‘ladi.

To‘rtinchidan, namoz poklik ramzidir.

Namozxon odamning eng avvalo qalbi pok bo‘ladi. Qolaversa, badani, kiyim-boshi va makoni pok bo‘ladi. Namoz kishining ruhiy, ma’naviy va jismoniy sog‘ligi uchun nihoyatda zarur narsa ekani hozirda kofirga ham sir bo‘lmay qoldi.

Namoz ibodatlarning onasidir.

Shuning uchun ham farz namozni hech qachon qasddan tark qilib bo‘lmaydi.

3. «Xamr (aroq) ichma, chunki xamr barcha yomonliklarning kalitidir».

Aroq ichishni o‘ziga ravo ko‘rgan odam boshqa barcha yomonliklarni ham tap tortmay qilaveradigan bo‘ladi. Bu haqiqatni quyidagi rivoyatdan to‘liq tushunib olishimiz mumkin.

Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Xamrdan chetda bo‘linglar! Chunki u iflosliklarning onasidir. Sizlardan oldin o‘tganlardan bir kishi bor edi. Bir buzuq ayol unga ilashib qoldi. U uning oldiga o‘z xizmatchi qizini yuborib, guvohlikka o‘tishini so‘radi. Erkak u(qiz) bilan bordi. U qaysi bir eshikdan kirsa, qiz eshikni mahkam berkitib boraverdi. Oxiri bir go‘zal ayolning huzuriga yetib bordi. Uning oldida bir g‘ulom va bir idishda xamr turar edi. Ayol:

«Allohga qasamki, men seni guvohlikka chaqirganim yo‘q. Ammo seni menga yaqinlik qilishing yoki manavi idishdagi xamrdan bir qadah ichishing yoki manavi g‘ulomni o‘ldirishing uchun chaqirdim», dedi. Erkak:

«Menga manavi xamrdan bir qadah ichir», dedi.

Ayol unga ichirdi. Erkak:

«Menga yana beringlar», dedi.

O‘sha yerning o‘zida u(ayol)ga yaqinlik ham qildi, jonni ham o‘ldirdi.

Shunday ekan, xamrdan uzoqda bo‘linglar! Allohga qasamki, albatta, u abadul-abad iymon bilan jam bo‘la olmas. Agar ikkisi jamlanib qolsa ham, biri ikkinchisini chiqarib yuboradi».

Boshqa bir rivoyatda:

«Jannatga minnatchi ham, oq qilingan ham, xamrni surunkali ichuvchi ham kirmas», deyilgan.

Nasaiy rivoyat qilgan.

Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan qilingan birinchi rivoyatda u kishi xamrdan ogohlantiruvchi ajoyib gaplariga o‘tgan ummatlarda bo‘lib o‘tgan ibratli bir qissani ham keltirmoqdalar.

«Xamrdan chetda bo‘linglar! Chunki u iflosliklarning onasidir».

Ha, xamr bor joyda isfloslikning barcha turi ham bo‘ladi. Ona asl bo‘lib, undan hamma bolalar tug‘ilganidek, xamr ham iflosliklarning onasi bo‘lib, barcha iflosliklar undan kelib chiqadi. Bunga oddiygina bir misol keltirilsa, tushunish oson bo‘ladi.

«Sizlardan oldin o‘tganlardan bir kishi bor edi».

U o‘z ibodati, taqvosi, harom-xarishdan uzoqligi bilan shuhrat topgan edi.

«Bir buzuq ayol unga ilashib qoldi».

Odatda iflos xulqli ayollar halol-pok erkaklarni yo‘ldan urishni o‘ziga maqsad qilib olgan bo‘ladi, chunki o‘zlariga o‘xshash iflos erkaklar ularga hamisha sherik bo‘lgani uchun ularni e’tiborga olishmaydi. Halol-pok, to‘g‘ri erkaklarni yo‘ldan urish uchun pastkash ayollar har xil hiyla-nayranglarni ishga soladilar.

«U uning oldiga o‘z xizmatchi qizini yuborib, guvohlikka o‘tishini so‘radi».

Buzuq ayol taqvodor kishining oldiga o‘zi bormay, xizmatchi cho‘ri qizini yubordi va mazkur kishidan savobli bir ish qilishini, guvohlikka o‘tishini iltimos qildi. Uning bunday ish tutishidan nihoyatda pixini yorgan makkora ayol ekani ko‘rinib turibdi.

Agar o‘zi haligi kishining oldiga borsa, yurish-turishi, gap-so‘zi va boshqa omillardan kimligi fosh bo‘lib, taqvodor erkak undan o‘zini olib qochishi mumkin.

Cho‘ri qizni yuborganida esa ayolning kimligi sir qoladi. Buning ustiga, har qanday odam cho‘risi bor ayolni obro‘-e’tiborli, sharafli va ko‘chaga chiqishi ep ko‘rilmaydigan mastura ayol bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydi.

Guvohlikka o‘tishini so‘rash ham savob uchun har narsaga tayyor turgan taqvodor insonni ishontirishning oson yo‘li.

Xullas, buzuq ayolning hiylasi ish berdi.

«Erkak u (qiz) bilan bordi. U qaysi bir eshikdan kirsa, qiz eshikni mahkam berkitib boraverdi».

Guvohlikka o‘tib, savobli ish qilaman, degan umidda taqvodor erkak buzuq ayolning cho‘ri qiziga ergashib, uning uyi tomon yo‘l oldi. Uyga yetib borganlaridan keyin ichkariga kira boshlashdi.

Ichkarida xonalar, xonalarda eshiklar ko‘p ekan. Taqvodor erkak har bir eshikdan o‘tganidan so‘ng cho‘ri qiz haligi eshikni mahkamlab, qayta ochilmaydigan qilib berkitib bordi. U bu bilan o‘z bekasining amrini bajarar, taqvodor erkakning uydan qayta chiqib keta olmasligi chorasini ko‘rar edi.

«Oxiri bir go‘zal ayolning huzuriga yetib bordi. Uning oldida bir g‘ulom va bir idishda xamr turar edi».

Guvohlikka o‘tib, savob kasb qilaman, degan niyatda cho‘ri qizga ergashib kelgan sodda taqvodor yurib-yurib, kema-ket eshiklardan o‘tgach, o‘ziga oro berib, ko‘rgan kishining ko‘zini qamashtiradigan suratga kirib olgan go‘zal ayolning oldidan chiqdi. Ayol yolg‘iz o‘zi emas edi. Uning yonida bir yosh qul(g‘ulom) turardi. Nariroqda esa bir idishda xamr ham qo‘yilgan edi. Taqvodor kishi hayron qolib turgan edi, makkora ayol gapni cho‘zib, imo-ishorali so‘zlar tanlab o‘tirmasdan, birdaniga asl maqsadini aytib qo‘yaqoldi. Ayol:

«Allohga qasamki, men seni guvohlikka chaqirganim yo‘q. Ammo seni menga yaqinlik qilishing yoki manavi idishdagi xamrdan bir qadah ichishing yoxud manavi g‘ulomni o‘ldirishing uchun chaqirdim», dedi.

Buzuq ayol avval taqvodor kishiga uni aldagani haqida xabar berdi.

«Allohga qasamki, men seni guvohlikka chaqirganim yo‘q», dedi. Unga o‘xshash ustasi faranglar kezi kelganda qasam ichishni ham joyiga qo‘yishadi. Shu bilan birga, yolg‘on to‘qiganini ham tan olishadi. Ushbu buzuq ayol ham shunday qildi. Allohning nomi ila qasam ichib, u kishini aldaganini yuziga ochiq aytdi. So‘ngra asosiy maqsadga o‘tdi:

«Ammo seni menga yaqinlik qilishing yoki manavi idishdagi xamrdan bir qadah ichishing yoxud manavi g‘ulomni o‘ldirishing uchun chaqirdim», dedi.

Makkora ayol ushbu gunohlarni taqvodor kishiga taqdim qilishda ham o‘ta nozik joylarigacha hisobga olib, ustalik bilan gapirdi.

Birinchi o‘ringa o‘zining asosiy maqsadini, shahvatini qondirish ishini qo‘ydi. Mabodo «xo‘p» deb qolsa, hech qanday ovoragarchiliksiz maqsad hosil bo‘ladi, deb o‘yladi.

Ikkinchi o‘ringa bir qadah xamr ichishni qo‘ydi. U«Idishdagi hamma xamrni ichasan», demadi. Taqvodor kishi agar hammasini ichsa, mast bo‘lib qolib, boshqa ishlarni ham qilib qo‘yishi mumkinligidan qo‘rqib, ichishdan aynib qolishi mumkin. «Faqatgina bir qadah ichasan», deyilganda esa ozginagina xamrni erkak nazar-pisand qilmasligi mumkin.

Uchinchi o‘ringa og‘ir ishni – g‘ulomni o‘ldirishni qo‘ydi.

U ayol taqvodor kishini qiyin holga qo‘ydi. Ushbu uch ishdan birini qilishga majbursan, boshqa ilojing yo‘q, demoqchi bo‘ldi.

Taqvodor kishi o‘ylanib qoldi. Qochib ketay desa, barcha eshiklar mahkam berkitilganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib keldi. Qochishning umuman iloji yo‘q. Qarshilik ko‘rsatish imkoni ham yo‘q. Birovning uyida, xilvat joyda, uy egasining qul va cho‘rilari orasida turibdi. Zino qilay desa, katta gunoh qilgan bo‘ladi. G‘ulomni o‘ldiray desa, begunoh bir jonni behudadan-behuda o‘ldirish hech mumkin emas. Osoni, hech kimga zarar yetmaydigani – bir qadah xamrni ichish. Majburlikdan bir qadah xamrni ichsa ichibdi-da. Keyin tavba qilsa, gunohi yuvilib ketar. Ushbu fikrlarni xayolidan o‘tkazib bo‘lib:

«Menga manavi xamrdan bir qadah ichir», dedi.

U o‘zicha masalani hal qilishning eng to‘g‘ri yo‘lini topgandek bo‘ldi. Bir qadah xamrni ichadi-da, qutuladi. Ayol xuddi mana shu gapni kutib turgan edi.

«Ayol unga ichirdi».

O‘zi aytganidek, bir qadahgina xamr ichirdi. O‘sha ichilgan bir qadah xamr erkakning ichiga kirganidan keyin unga o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladi. Bir qadah ichganidan keyin yana ichgisi kelib qoldi. Erkak:

«Menga yana beringlar», dedi.

Endi buzuq ayolning o‘ziga emas, o‘sha yerda turganlarning hammasiga xitob qila boshladi. Xamrdan ko‘proq ichish payiga tushib qoldi. U xamrni ichib-ichib, o‘zini bilmaydigan darajada mast bo‘lib qoldi.

«O‘sha yerning o‘zida u(ayol)ga yaqinlik ham qildi, jonni ham o‘ldirdi».

Mastlikda o‘zi bilmagan holda mazkura buzuq ayol bilan zino ham qildi. Haddidan oshib, mastlikda quturib ketib, g‘ulomni ham o‘ldirdi. Iflosliklarning onasi bo‘lmish xamrga yaqin bo‘lgani uchun iflosliklarning hammasini qildi.

«Shunday ekan, xamrdan uzoqda bo‘linglar!»

Kim unga yaqinlashsa, iflosliklarning onasiga, koniga, uyasiga yaqinlashgan bo‘ladi. Natijada ko‘p narsalardan, hattoki inson uchun eng aziz narsa bo‘lgan iymondan ham ajrab qolishi mumkin.

«Allohga qasamki, albatta, u abadul-abad iymon bilan jam bo‘la olmas».

Xamr bor joyda iymon bo‘lmas, iymon bor joyda xamr bo‘lmas. Bu ikki narsa bir-biriga mutlaqo zid narsalardir.

«Agar ikkisi jamlanib qolsa ham, biri ikkinchisini chiqarib yuborur».

Shuning uchun ham Ahli sunna val jamoa aqiydaviy mazhabida: «Xamr ichuvchi xamr ichganida uning iymoni tashqariga chiqib turadi», deyiladi.

Xamrning yomonligi haqida bundan ortiq, bundan ta’sirli ogohlantirish bo‘lmasa kerak. Xamrga mubtalo bo‘lgan bandalarga Alloh taolo insof bersin, ularni iflosliklar onasining changalidan qutqarishida O‘zi yordam bersin.

Endi ijozatingiz bilanyana bir rivoyat haqida ham ikki og‘iz gapirib o‘taylik.

«Jannatga minnatchi ham, oq qilingan ham, xamrni surunkali ichuvchi ham kirmas», deyilgan.

Ushbu rivoyatda jannatga kirmaydiganlar, ya’ni do‘zaxga kiradiganlardan uch toifasi haqida so‘z ketmoqda.

1. Minnatchi.

O‘zi qilgan yaxshiliklarini minnat qiladigan kishilar Qur’oni Karimda ham, Nabiy alayhissalomning sunnatlarida ham ko‘pdan-ko‘p tanqidlarga uchrashgan, ularga turli alamli azoblar va’da qilingan. Bu hadisi sharifda esa ularning jannatga kirmasliklari ta’kidlanmoqda. Alloh taolo:

«Sadaqalaringizni minnat va ozor ila botil qilmang», degan.

Minnat qilish haromdir. Faqat ota o‘z bolasiga, ustoz o‘z shogirdiga va er o‘z xotiniga minnat qilsa, ularning haqlari ulug‘ligidan joiz hisoblanadi.

2. Oq qilingan.

Ota-onasiga oq bo‘lish qanchalik og‘ir gunoh ekanini gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Oq bo‘lish tufayli jannatga kirish mumkin bo‘lmay qolishining o‘zi bu ishning nima ekanini ochiq ko‘rsatib turibdi.

3. Xamrni surunkali ichuvchi.

Demak, xamrni surunkali ichish ham minnatchi va ota-onasiga oq bo‘lganning gunohi bilan barobar ekan. Shuning uchun ham ularga qo‘shilib do‘zaxga kirar ekan. Alloh taolo O‘zi asrasin.

5. Ota-onangga itoat qil. Garchi ular sening bormol-dunyoingni sarflashga buyursalar ham, ular uchun sarfla.

Ota-onaga itoat qilishga katta e’tibor berishimiz lozim. Modomiki ma’siyat emas ekan, ya’ni Alloh taologa gunoh bo‘ladigan narsa bo‘lmasa, hammasida ota-onaga itoat qilishimiz kerak.

Alloh taologa gunoh bo‘ladigan ishga amr qilsalar, uzr aytiladi. Misol uchun, aroq olib kelishga buyursalar, «falon gunoh ishni qil», «haromdan mol top» yoki shunga o‘xshagan narsalarni aytsalar, «Uzr, bu harom, agar buni qilsam, Allohga gunohkor bo‘lib qolaman. Bu menga joiz emas. Sizlarni hurmat qilaman, lekin bu tarafdan uzrni qabul qilasizlar», degan ma’noda uzr aytiladi.

6. Ishboshilar bilan mansab talashma, garchi o‘sha mansabga o‘zingni loyiq deb bilsang ham.

Hamma insonlar aynan mansab talashish ko‘pgina yomonlik va dushmanliklarga sabab bo‘lishini yaxshi biladilar. Avvalo, noloyiq shaxsning mansabdor bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ammo mansabdor bo‘lganidan keyin u bilan mansab talashilmaydi.

7. Jang paytida dushmandan qochma, garchi halok bo‘lsang ham, sheriklaring qochib ketsa ham.

Vatan himoyasi va xalq omonligi yo‘lida dushmanga qarshi kurashda safni tashlab qochish katta gunoh hisoblanadi. Bu gunohdan ham hazir bo‘lish lozim.

8. Topganingdan ahlingga infoq qil.

Zotan, ahli-ayolning nafaqasi mo‘min-musulmon er uchun vojibdir. Nafaqaning erga vojib bo‘lishi Qur’on, sunnat, ijmo’ va aql ila sobit bo‘lgan.

Qur’ondan dalil:

Alloh taolo Taloq surasida:

«Rizqi keng kengligidan nafaqa qilsin. Kimning rizqi tor qilingan bo‘lsa, unga Alloh berganidan nafaqa qilsin. Alloh hech bir jonga O‘zi berganidan ortiqchani yuklamas. Alloh qiyinchilikdan so‘ng tezda osonlikni berur», degan (7-oyat).

Alloh taolo Baqara surasida:

«Ularni yaxshilab yedirib, kiyintirish otaning zimmasidadir», degan (233-oyat).

Alloh taolo Taloq surasida:

«U(ayol)larga imkoningiz boricha o‘zingiz yashab turgan joydan joy bering», degan (6-oyat).

Sunnatdan dalil:

Imom Muslim, Abu Dovud va Molik vidolashuv haji hadisida Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Ayollar haqida Allohdan qo‘rqinglar! Chunki siz ularni Allohning omonati ila olgansizlar. Ularning farjlarini Allohning kalimasi ila halol qilib olgansizlar. Sizlar uchun ularning zimmasida siz yomon ko‘rgan biror kishiga to‘shaklaringizni bostirmaslik majburiyati bor. Agar o‘shani qilsalar, ularni achitmaydigan qilib uringlar. Ular uchun sizning zimmangizda ma’ruf yo‘l bilan rizqlari va kiyimlari majburiyati bor».

Muoviya al-Qushayriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Ey Allohning Rasuli, bizda xotinlarimizning nima haqqi bor?» dedim.

«Taomlansang, uni ham taomlantirasan. Kiyim kiysang, uni ham kiyintirasan. Yuziga urmaysan. Qattiq so‘kmaysan va uydan boshqa joyda hijron qilmaysan», dedilar u zot».

Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilishgan.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Hind binti Utba:

«Ey Allohning Rasuli, Abu Sufyon o‘ta baxil odam, menga va bolamga kifoya qiladigan narsani bermaydi. Magar, unga bildirmay olsamgina bo‘lur», dedi.

«O‘zingga va bolangga yetarlisini to‘g‘rilikcha ol», dedilar u zot.

Ikki shayx rivoyat qilishgan.

Barcha ulamolar ayollarning nafaqasi erlariga vojib bo‘lishiga ittifoq qilganlar.

Aqlga solib ko‘rilganda ham, ayol kishi erning xizmatlarini qilganidan keyin, uning izmida bo‘lganidan keyin, albatta, uning nafaqasi erga vojib bo‘ladi.

Uning miqdori ikkisining holiga qarab bo‘ladi. Ikkisi boy bo‘lsa, boyniki, kambag‘al bo‘lsa, kambag‘alniki bo‘ladi. Er boy, xotin kambag‘al yoki aksincha bo‘lsa, ikki holning o‘rtasida bo‘ladi. Agar xotin otasining uyida bo‘lsa ham yoki erning uyida bemor bo‘lsa ham, nafaqasi erga vojib bo‘laveradi.

Erga xotini uchun vojib nafaqalar besh qismdir:

1. Taom.

Bunga oziq-ovqat, ichimlik va ovqatga qo‘shib yeyiladigan (sirka, yog‘ va shunga o‘xshash) narsalar hamda ovqat pishirish uchun ketadigan barcha masalliq va ashyolar kiradi. Taomning miqdori yetarli bo‘lishi kerak, mazkur miqdor erning boy-kambag‘alligiga qarab belgilanadi.

2. Kiyim.

Yetarli darajada bir sidra kiyim-bosh doimo bo‘lishi kerak. Hanafiy va shofe’iy mazhablarida: har olti oyda bir sidra yangi kiyim olib beriladi, deyilgan.

3. Maskan.

Er o‘z xotinini maskan bilan ta’minlashi vojib. Maskan erning moliyaviy imkoniyati saviyasida bo‘ladi. Shu bilan birga, maskan to‘liq jihozlangan bo‘lishi, unda yashash uchun kerakli har bir narsa bo‘lishi lozim.

4. Agar xotin xizmatkor ishlatib yuradigan toifadan bo‘lsa, xizmatkor solib berish ham uning nafaqasiga kiradi.

5. Tozalik asbob-anjomlari va uyning kerakli matohlari.

Agar er moli bo‘la turib nafaqa bermasa, qozi uni qamashga hukm chiqaradi. Xotin talab qilsa, boshqa mulklari sotilib, uning nafaqasi beriladi. Er noilojlikdan nafaqa bera olmasa, qamalmaydi.

9. «Ahling boshiga asoingni ko‘tarma».

Ya’ni ahli-ayolingni kaltaklama, urma, ularning haqqida Allohdan qo‘rq. Ularni qarovsiz, e’tiborsiz qo‘yma, xorlama va nohaq urma, so‘kma va hokazo.

Ulamolar: «Bu ma’noda «kishining ahli» deganda xotini, farzandlari va xizmatchilari anglanadi», deganlar.

Hadis kitoblarida rivoyat qilinishicha, Muoviya ibn Hayra al-Qushayriy roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli, xotinlarimizning bizdagi haqlari nima?» deb so‘raganida, Nabiy alayhissalom: «Agar taom yesang, unga ham yedirasan, kiyim kiysang, unga ham kiydirasan, yuziga urma, yomon so‘kma, tashqarida hijron qilma», deganlar.

Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Allohning cho‘rilarini urmanglar!» deganlar.

Bunga o‘xshash hadislar ko‘p.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

1. Allohga shirk keltirish mutlaqo mumkin emasligi.

2. Farz namozni qasddan tark qilish mutlaqo mumkin emasligi. Kim farz namozni qasddan tark qilsa, unda Allohning zimmasi qolmasligi.

3. Aroq (xamr) ichish mutlaqo mumkin emasligi.

4. Aroq (xamr) barcha yomonliklarning kaliti ekani.

5. Ota-onaga itoat qilish agar ular bu dunyodan chiqib ketishini buyursalar ham itoat qilish kerakligi.

6. Ishboshilar bilan mansab talashish mumkin emasligi.

7. Dushman bilan to‘qnashilganda orqaga qarab qochish mumkin emasligi.

8. Topganidan ahliga infoq qilish lozimligi.

9. Ahli ayoliga zo‘ravonlik qilish, ularni urish va so‘kish yaxshi emasligi.

19 - عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ r فَقَالَ: جِئْتُ أُبَايِعُكَ عَلَى الْهِجْرَةِ، وَتَرَكْتُ أَبَوَيَّ يَبْكِيَانِ. قَالَ:«ارْجِعْ إِلَيْهِمَا، فَأَضْحِكْهُمَا كَمَا أَبْكَيْتَهُمَا».

19. Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi:

«Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:

«Huzuringizga hijrat uchun bay’at qilgani keldim. Ota-onam ortimdan yig‘lab qolishdi», dedi.

«Oldilariga qaytib bor-da, ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, shunday kuldir», dedilar».

Sharh: Ushbu ma’nodagi hadis bir oz boshqacha iboralar bilan oldin ham o‘rganilgan edi.

Imom Buxoriyning hozir biz o‘rganayotgan bobda ham bu hadisni keltirishlaridan mazkur sahobiyning ota-onasiga bu holatda yaxshilik qilishida Alloh taologa osiylik yo‘qligini tushunib olamiz. Ya’ni kezi kelganda hijratni qo‘yib bo‘lsa ham ota-onaga yaxshilik qilish kerakligini bilib olamiz.

Manba: “Al-Adab al-Mufrad”, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf