Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ota-onalar e’tiborsizligi sababli 2 832 nafar o‘quvchi sababsiz dars qoldirgan
09:21 / 2021-10-15

Vaqt shitob bilan o‘tmoqda.

Vaqt shitob bilan o‘tmoqda. Erta tongdan ishga otlanasan, ko‘z yumib ochguncha kech kiradi. Hafta davomida kun shu taxlit takrorlanadi. Ayrim ota-onalar kichik sinifdagi farzandlarini maktabga eltib qo‘yayotgan bo‘lsa, katta sinfdagi farzandlarining ixtiyorini o‘ziga berib qo‘yishgan. Xo‘sh, farzandlari har kuni maktabga borishmoqdami?

Umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlarning nazoratsiz qolish sabablarini aniqlash va sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish, dars jarayonida o‘qishga bormasdan bemaqsad yurgan, voyaga yetmaganlarni aniqlash, ularni o‘qishga qaytarish va davomatni yaxshilash maqsadida maktablarda ta’lim-tarbiya olayotgan voyaga yetmagan o‘quvchilar o‘rtasida «Tig‘» va «Davomat» tadbirlari o‘tkazildi.

Xalq ta’limi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan reyd davomida darslarni sababsiz qoldirgan 2 832 nafar o‘quvchi aniqlandi. Shulardan, 439 nafari dars vaqtida internet-kafeda, 68 nafari tungi internet klubda, 338 nafari bozorlarda savdo-sotiq va aravakashlik, 39 nafari daydilik, 15 nafari esa jamoat transportida chiptachilik faoliyati bilan shug‘ullanib yurganligi aniqlanib, ta’limga jalb etildi.

Shu bilan birga ota-onalar nazorati va qarovisiz qolgan 1542 nafar o‘quvchi aniqlanib, ular ta’lim olishi uchun maxsus maktab-internatlarga joylashtirildi. Reyd natijasida sababsiz darslarda qatnashmayotgan, nazoratsiz qolganligi aniqlangan o‘quvchilarning ota-onalari hokimliklar huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalarining yig‘ilishlariga jalb etilib, mazkur holatlar muhokama qilindi.

Shu o‘rinda Xalq ta’limi vazirligi barcha ota-onalardan farzand tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashishini, farzandlari uydan chiqayotganda uning portfelida va yonida o‘tkir tig‘li jismlar mavjud emasligini ko‘zdan kechirishni, maktabga o‘z vaqtida borayotganini nazoratga olishlarini so‘rab qoladi. Zero, bolalarning buguni bizning kelajagimiz, ularning tarbiyasiga doimiy e’tibor esa ota-onalarning qonuniy burchi va majburiyatidir.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA