Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ota-onalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi M.Qaypanov, filial direktori A.Yesimbetov va boshqalar talabalar tahsil olishida filial rahbariyati hamda ota-onalar hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishi, o‘zaro fikr almashish va takliflarni o‘rganib borish samarali natijalar berishini qayd etdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasida jadal islohotlar amalga oshirilmoqda. Har bir ota-ona o‘z farzandini katta umidlar bilan oliy ta’lim muassasalarida o‘qitadi. Mana shunday mas’uliyat yukini teran his etgan filial professor-o‘qituvchilari talaba-yoshlarni vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘sha oladigan, yetuk mutaxassislar qilib tarbiyalash uchun bor kuch-g‘ayratini safarbar etmoqda.
Yig‘ilishda talaba-yoshlarning fanlarni o‘zlashtirish darajasi, o‘quv jarayonlariga bo‘lgan munosabati, talabalar davomati, filialning ichki tartib-intizomlariga rioya qilishi, jamoat ishlarida faol ishtiroki bo‘yicha ota-onalarga ma’lumot berildi. Shuningdek, tashrif buyurgan ota-onalarning fikr-mulohazalari tinglanib, takliflari o‘rganildi. Darslarni yaxshi o‘zlashtirib, a’lo baholarga o‘qiyotgan, yaxshi xulqi bilan o‘z tengdoshlariga namuna bo‘lib, ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda tanlovlarda faollik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh talabalarning ota-onasiga tashakkurnoma topshirildi.
Tadbir yakunida yig‘ilish ishtirokchilariga filial faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA