English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ota-onadagi ruhiy tushkunlik bolada ma’lum bir kasallikka sabab bo‘lishi aniqlandi
19:51 / 2024-01-23

Nafas yo‘lining turli qitiqlovchilarga kuchli ta’sirlanishi bronxial astma tashxisiga sabab bo‘ladi. Bu surunkali yallig‘lanish kasalligi bo‘lib, xansirash, qiyin ajraluvchi balg‘am va ba’zan nafas qisish xuruji kabilar kuzatiladi.

Albatta bunga sabab bo‘luvchi bir qancha omillar mavjud. Masalan, nasliy va kasbiy omillar, ekologik muammolar, semizlik, noto‘g‘ri ovqatlanish, turli mikroorganizm va allergenlar... Bolalarda mazkur xastalikni yuzaga keltiruvchi yana bir muhim faktor bor. Buni Avstraliyaning Kvinslend universiteti olimlari aniqladi, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotida. 

Qayd etilishicha, ota-onalardagi davomli ruhiy tushkunlik kelgusida ularning farzandlarida astma xastaligini paydo qilishi mumkin. Ushbu ilmiy xulosani jamoatchilikka taqdim etish uchun 14 yil zarur bo‘lgan. Uzoq yillik tadqiqot davomida Avstraliyada yashovchi 3900 nafardan ortiq bolalarga tegishli tibbiy ma’lumotlar tahlil qilindi.

O‘rganishlar yakunida ota-onalari o‘rta va yuqori darajada stressni boshdan kechirgan o‘g‘il-qizlarda 77 foiz ko‘proq nafas qisishi va hansirash xurujlari kuzatilishi ma’lum bo‘ldi. Alohida mezonlar bo‘yicha tahlil qilinganda, onalaridagi depressiya tufayli farzandlarida astmaga chalinish ehtimoli 55 foizga ortishi aniqlandi.

Shuningdek, ota-onalari o‘rtacha moliyaviy qiyinchiliklarga ro‘baro‘ kelgan oilalarda dunyoga kelgan o‘g‘il-qizlarda bu ko‘rsatkich 40 foizdan ko‘proqni tashkil etgan. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, hozirgi kunda dunyo bo‘yicha o‘rtacha 5 foiz aholi bronxial astma tashxisi bilan yashamoqda. Bolalar o‘rtasida bu statistika yanada yuqori — 10 foizga teng.

A.RUSTAMOV tayyorladi, O‘zA