Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ota oilaning moddiy ta’minoti, balki ma’naviy-ahloqiy muhitga ham mas’uldir
17:06 / 2023-12-10

Odatda har bir ota farzandlari, kelinu kuyovlari hamda nabiralariga bosh bo‘lib, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan holda oilani boshqarishi lozim. Chunki u nafaqat oilaning moddiy ta’minoti, balki undagi ma’naviy-ahloqiy muhitga ham javobgardir.

Afsuski, poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi hamyurtimiz Abdusoli Inog‘omov (ism-shariflari o‘zgartirilgan) oilasida o‘zaro hurmat-e’tibor va hamjihatlikni ta’minlay olmadi. Oqibatda oiladagi parokandalik tufayli jinoyat yuz berdi. 

Gap shundaki, Abdusoli akaning 2 nafar – Abdusamad va Abdurashid ismli o‘g‘illari bor edi. Bundan 7-8 yil oldin aka-uka uylangach, oila a’zolarining safi yanada kengaydi. Ammo kichkina kelin Mahfuza qaynona-qaynotasi va qaynog‘asi bilan sira murosa qila olmadi. Abdurashid esa yaqinlarining, ham xotinining tinchini o‘ylab, bola-chaqasi bilan birga alohida xonadonga ko‘chib chiqib ketdi. Shundan keyin oradan 4-5 yil o‘tib ketdi.

Albatta, o‘tgan vaqt mobaynida kichik o‘g‘ilning farzandlari ham katta bo‘lib qolishdi. Lekin bolajonlar har kuni bobo va buvisiga talpinib turishardi. Shu bois Abdurashid Inog‘omov ota-onasi va akasining oilasi bilan munosabatlarni tiklamoqchi bo‘ldi. Ya’ni 2023 yil 28-avgust kuni kechki payt ayoli va farzandlarini ota-onasinikiga olib borishni rejalashtirdi. Avval xabar berish uchun otasiga qo‘ng‘iroq qildi.

– Uyimizga o‘taveringlar, men ham yarim soatda yetib boraman, – dedi ishxonasidan endigina chiqqan Abdusoli aka.

Shundan so‘ng taxminan soat 20:00 larda er-xotin bolalari bilan birga Abdusamad va ota-onasi yashayotgan xonadonga borishadi. Biroq eski gina-kudratlar tufayli akasi ularni uyga kirgizmaydi. Bu holat esa Mahfuzaning asabiga tegib, u qaynog‘asi bilan tortishib qoladi. Shunda Abdusoli Inog‘omov ularning janjaliga aralashadi. Oqibatda kelin qaynotasiga ham zahrini sochadi.

– Tilingizni tiying, kelin, – deya uni tartibga chaqirdi oila boshlig‘i.

Lekin M.Inog‘omova baqir-chaqir qilib, butun yo‘lakni boshiga ko‘taradi. Bu ham yetmagandek, o‘rtadagi sovuqchilikning paydo bo‘lishida erining yaqinlarini ayblaydi. Tabiiyki, uning aytayotgan gaplari Abdusoli akaning g‘ururini toptab, jahlini chiqaradi.

Jahl chiqsa, aql ketar, deganlaridek tutaqib ketgan A.Inog‘omov ro‘zg‘or pichog‘ini olib, Mahfuza va Abdurashidga qarab yuguradi. Aniqrog‘i, avval kelinining qo‘liga, so‘ngra kichkina o‘g‘lining qorniga pichoq urib, tan jarohati yetkazadi.

Mazkur xonadonda bemahalda ko‘tarilgan janjal-to‘polon hamda kafti qonga bo‘yalgan M.Inog‘omovaning yordam so‘rab baqirgani qo‘ni-qo‘shnilarning tinchini buzadi. Shu bois kimdir darhol huquqni muhofaza qiluvchi idoraga xabar beradi.

Shundan keyin Abdusoli Inog‘omovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida esa ushbu holat ko‘rib chiqiladi. Ya’ni sud sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi va 104-moddasi 2-qismi “b", l” bandlari bilan aybdor deb topib, qonuniy jazoga mahkum etdi.

Kezi kelganda taassuf bilan ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda ayollarga, opa-singillarimizga nisbatan yuz berayotgan zo‘ravonlik hamda tahdid holatlari ko‘payib bormoqda. Vaholanki, Konstitutsiyamizning 26-moddasiga binoan, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas. Shunday ekan, mamlakatimizda erkaklar va ayollar teng huquqli ekani, xotin-qizlarga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonlik, albatta, tegishli jazoga sabab bo‘lishini hech kim unutmasligi kerak.

Bahromjon Berdiyev,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo 

Ulug‘bek tuman sudining sudyasi