8 mart –Xalqaro xotin-qizlar kuni
Ayol – go‘zallik timsoli. U borki, olam munavvar, ayol borki hayot go‘zal va maftunkor. Oilani, jamiyatni ham birlashtirib, unga fayzu barokot kiritadigan, xonadonlarni mehr-muhabbat, nafosat, ezgulik nuri bilan munavvar qiladigan zotlar ham aslida mo‘’tabar onalarimiz, munis opa-singillarimizdir.

Bugun har bir sohada ayolning munosib o‘rnini ko‘rishimiz mumkin. Jamiyatimizda uning faolligi ortib bormoqda. Xususan, gaz tizimida ham bugun juda ko‘plab ayollarimiz erkaklar bilan tengma-teng faoliyat olib bormoqda.
Sayyora Janiqulova – “Qorovulbozortumangaz” gaz ta’minoti bo‘limida qariyb 20 yilga yaqin mehnat qilib kelmoqda. Ish faoliyatini 2004 yilda nazoratchilikdan boshlagan. Turli vazifalarda o‘z faoliyatini olib borgan. 1973 yil ayni bahor faslining aprel oyida Buxoro tumanida tug‘ilgan. Oilada 4 qizning uchinchisi. Gazchi opa bilan qilgan suhbatimiz davomida uning kasbiga bo‘lgan qiziqishi otasi sabab ekanligini alohida ta’kidladi.

– Otam ham shu tizimda ishlagan, – deydi Sayyora Janiqulova. – Uning ishi juda qiyin edi. Lekin qiziqarli bo‘lganmi, shu sohaga yetakladi. Qiziqishlarim, orzularim tomon intildim. Mana, 20 yildirki, mashaqqatli sohada faoliyat olib boryapman. Bu kasb asosiysi, mas’uliyat, uni o‘z vaqtida his etib, xalq dardi bilan yashashni talab qiladi.

Faoliyati davomida ustozlaridan o‘rganganini o‘zining yuzlab shogirdlariga o‘rgatdi. Kechani kecha, kunduzni kunduz demay, yozning jaziramasiyu qishning qahratoni bo‘ladimi, vaqt tanlamay mehnat qilib kelmoqda. Qaysi bir shogirdi bilan hamgap bo‘lmang, ustozining fidoyiligini e’tirof etib o‘tadi.
– Bizdan qolishmagan holda tinim bilmaydi, – deydi gaz ta’minoti bo‘limining yosh xodimlaridan biri Sardor Hasanov. – Sakkiz yilda faoliyatim davomida u kishining tajribalarini o‘rgandim. Opa bizga mehnatsevarligi, xushmuomalaligi bilan o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Chin ma’noda biz yoshlarning maslahatchimiz, suhbatdoshimiz, jonkuyar ustozimiz hamdir.
Iste’molchilardan kelib tushadigan har bir murojaatni o‘z vaqtida o‘rganib, ularning hal etilishiga e’tibor qaratib kelar ekan, qaysi bir fuqaro muammosini bildirmasin, joyiga borib, o‘rganadi. Har qanday vaziyatda xushmuomala bo‘lish, iste’molchiga yordam berish, muammosini hal etish maqsadi opaning mehnatini ulug‘ladi.
Barcha kasblarda mashaqqat bor. Qaysi biri bilan yuzlashmang, mehnatni, mas’uliyatni talab etadi. Bugun minglab yigitlardan qolishmagan holda faoliyat olib borayotgan gazchi opalar ham xalq xizmatida kamarbasta. Chilangar yoki qaysidir bo‘limda mas’uliyatli vazifasini olib bormasin, ularni bir maqsad birlashtiradi – iste’molchi uchun xizmat qilish. Sayyora opa ham gaz ta’minotida ana shunday mehnat fidoyilaridan biri desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Zarif Komilov,
O‘zA