Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ota ilojsizlikdan “Saxovat uyi” ga yana qaytdi
12:01 / 2023-07-07

Hayotimizda sodir bo‘layotgan ba’zi voqea-hodisalarni ko‘rib, ayrim kishilarda insoniylik, mehr-oqibat tuyg‘ulari yo‘qolib borayotganidan taajjublanamiz, tashvishga tushamiz. O‘z otasiga, yaqinlariga g‘amxo‘rlik qilish har bir inson uchun ham qarz, ham farz. Ana shu burchni unutib qo‘yayotgan yurtdoshlarimizning borligi ming afsuski, na millatimizning, na dinimizning biror bir mezoniga to‘g‘ri kelmaydi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Gulnora Abduvohidovaga Xo‘jaobod tumanida yashagan 75 yoshli otaxon “Saxovat” keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ixtisoslashgan internat uyiga joylashishiga ko‘maklashishni so‘rab murojaat qildi.  

Murojaatni o‘rganish jarayonida ma’lum bo‘ldiki, aslida otaxon 2013 yildan buyon “Saxovat uyi”da yashab kelgan. Oradan to‘qqiz yil o‘tib murojaatchining o‘g‘li otasini o‘z xonadoniga olib ketadi. Lekin, oradan uch oy o‘tib, ya’ni 2023 yilning yanvar oyida o‘g‘il otasini Buloqboshi tumanida yashovchi qarindoshining uyiga olib borib qo‘yadi.  

Keksa otaxon o‘z arizasida betobligi, o‘zidan katta yoshdagi opasi 1- guruh nogironi bo‘lgan qizi bilan yolg‘iz yashashlari, unga qaraydigan kishi yo‘qligi, yashashga zarur sharoitlar mavjud emasligi uchun “Saxovat” internat uyiga qayta joylashtirilishini so‘rab, tegishli tashkilotlarga murojaat qilgani, lekin, ijobiy javob olmaganligini ma’lum qilgan.  

Otaxonning murojaati Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili G. Abduvohidova tomonidan nazoratga olinib, Andijon viloyati Tibbiy ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasiga murojaat qilindi. Otaxonning salomatligi, vaqtincha turgan xonadondagi sharoitlar o‘rganildi. O‘rganishlardan so‘ng murojaatchi “Saxovat” internat uyiga qabul qilinib, to‘liq davlat ta’minotiga olindi.  

Aziz yurtdoshlar ota-onamiz hayot ekan, ular kim bo‘lishidan qat’i nazar, ularning borida, hayotligida e’zozlashni unutmaylik.  

 

F. UBAYDULLAEV,  

O‘zA