Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ota ikki nafar farzandi uchun 154 million 848 ming so‘m aliment pulini bir yo‘la to‘lab berdi
12:07 / 2021-01-27

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Termiz tumanlararo sudining 2019 yil 21 oktyabrdagi ijro hujjatiga asosan Termiz shahrida yashovchi D.Tog‘ayevdan ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.

Mazkur hujjat bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Termiz shahar bo‘limi xodimlari tomonidan ijro harakatlari davrida voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minotini o‘z zimmasiga olgan ota aliment pullarini oldindan to‘lash imkoniyati borligini bildirib, ijrochilarga murojaat etdi. Shundan so‘ng, davlat ijrochisi tomonidan hisoblangan 18 yoshgacha bo‘lgan aliment pullari ya’ni, 154 million 848 ming so‘m uning sobiq turmush o‘rtog‘i foydasiga rasmiylashtirib berildi.

– Oilada turli xil vaziyatlar bo‘lar ekan, – deydi D.Tog‘ayev. – Bizlar oilamizni saqlab qololmadik. Eng achinarlisi, endilikda farzandlarimning taqdiri meni ko‘p o‘ylantiradi. Albatta, men birgina o‘z tinchimni o‘ylab, bu ishlarni amalga oshirmadim. Farzandlarimning yaxshi o‘qishi va kelajagi uchun otalik burchimni ado etishga harakat qildim.  

Oila – o‘tmishdan ajdodlarimiz e’zozlab kelgan muqaddas dargoh. Lekin, hozirgi globallashuv jarayonida ayrim sabablar bilan ba’zi xonadonlarda bu dargohga darz ketayotgani ham sir emas. Bunday noxush holatda ota yoki ona mehriga to‘ymay qolayotgan begunoh bolalar ko‘proq aziyat chekadi. Oila mustahkamligini saqlab qololmagan bo‘lsa ham voyaga yetmagan farzandlarining taqdiriga befarq bo‘lmagan otaga Majburiy ijro byurosi Termiz shahar bo‘limi xodimlari chuqur minnatdorlik bildirdi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA