Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudining 2016 yil 2 fevral kunidagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor J.Eraliyevdan undiruvchi M.Ulashovaning foydasiga tarbiyasidagi bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun u voyaga yetguniga qadar aliment undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Yakkabog‘ tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va bo‘lim tomonidan ijro harakatlariga kirishilgan.
Jumladan, bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 42/1-moddasiga asosan, qarzdorning mamlakat hududidan chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan.
J.Eraliyev aliment pullarini shu kunga qadar to‘lab kelgan.
Joriy yilning oktyabr oyida qarzdor o‘ziga nisbatan o‘rnatilgan taqiqlarning olib tashlanishi uchun bo‘lim davlat ijrochisiga murojaat qildi. Huquqiy tushuntirishlar natijasida qarzdor farzandi voyaga yetgunga qadar bo‘lgan 60 million so‘m aliment pullarini bir yo‘la oldindan to‘liq to‘ladi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA